2025/2026 yilgi isitish davrida aholini qo‘llab-quvvatlash maqsadida davlat tomonidan ehtiyojmand oilalar uchun maxsus bir martalik moddiy yordam taqdim etilishi rejalashtirilmoqda. Joriy yil noyabr oyida ushbu yordam miqdori 1 000 000 so‘mni tashkil etadi va u qiyin ahvoldagi oilalarning isitish xarajatlarini yengillatishga qaratilgan. Bu haqda Ijtimoiy himoya milliy agentligi Axborot xizmati rasmiy ma’lumot berdi.
Yordamdan quyidagi toifadagi shaxs va oilalar foydalanishi mumkin:
-“Ijtimoiy himoya yagona reestri” orqali bolalar nafaqasi yoki moddiy yordam oluvchi oilalar;
-“Kambag‘al oilalar reestri”dagi oilalar;
-“Mahalla yettiligi” tomonidan tayyorlangan qo‘shimcha ro‘yxatga kiritilgan oilalar.
Qo‘shimcha ro‘yxatga kiritiladigan oilalarning ustuvor toifalari quyidagilardan iborat:
-boquvchisini yo‘qotgan oila a’zolari;
-I yoki II guruh nogironi bo‘lgan shaxslar qo‘shilgan oilalar;
-nogironligi bor bolani tarbiyalayotgan oilalar;
-isitish tizimi yo‘q ko‘p qavatli uylarda yashovchi aholi;
-3 va undan ortiq oila bir xonadonda yashovchi aholi;
-og‘ir kasallikka chalingan bemorni parvarishlayotgan oilalar;
-yolg‘iz keksa yoki nogironligi bo‘lgan fuqarolar.
Agar siz ushbu toifalardan biriga mansub bo‘lsangiz, joriy yil 25-sentyabrgacha “Mahalla yettiligi”ga murojaat qilishingiz lozim. Bu choralar orqali davlat ehtiyojmand oilalarning isitish xarajatlarini kamaytirib, ularning hayotini yengillashtirishni maqsad qilgan.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!