date

Qurollanish poygasi: Xitoyning harbiy parad o‘tkazishdan maqsadi nima edi?

Qurollanish poygasi: Xitoyning harbiy parad o‘tkazishdan maqsadi nima edi?

AQSH Prezidenti Donald Tramp hokimiyatga kelganidan buyon o‘zining 200-farmonini imzoladi. Bu farmonga ko‘ra, bundan keyin “Mudofaa vazirligi” nomi “Urush vazirligi” bo‘ladi. Tramp va uning komandasi uchun muhim yutuq. Ammo bunga parallel ravishda Xitoy ham harbiy qudratini yanada oshirish harakatida. Rasmiy Pekinning katta parad o‘tkazishi va unda noyob qurollarni ko‘z-ko‘z etishi dunyoda qurollanishning yangi davri boshlanganini ko‘rsatmoqda.

AQSH Prezidenti Donald Tramp hokimiyatga kelganidan buyon o‘zining 200-farmonini imzoladi. Bu farmonga ko‘ra, bundan keyin “Mudofaa vazirligi” nomi “Urush vazirligi” bo‘ladi. Lekin bu farmon to‘liq huquqiy maqomga ega bo‘lishi va rasmiy nomlanishi uchun, bu g‘oyani AQSH Kongressi qo‘llab-quvvatlashi kerak. Buning esa ehtimoli kam. Chunki AQSH Kongressida ikki partiya o‘rtasida bu borada jiddiy kelishuv bo‘lish ehtimoli kam. Lekin Trampga buning qizig‘i yo‘q. Agar rasmiy bo‘lmasa, norasmiy shaklda ham Pentagonni “Urush vazirligi” deyish – Tramp va uning komandasi uchun muhim yutuq. Trampning fikriga ko‘ra, so‘zlar, nomlar katta psixologik effektga ega. AQSH global raqobatda yutishi uchun, boshqalarga samaraliroq bosim qila olishi uchun, “mudofaa” pozitsiyasidan “qat’iy” va “shijoatli” pozitsiyaga o‘tishi kerak edi.

Aslida AQSH Britaniya podsholigidan mustaqil bo‘lgach, davlatchilikning boshidan to Ikkinchi jahon urushi tugaguniga qadar bu vazirlikni “Urush vazirligi” deb nomlar edi. Faqat 1947 yilga kelib “Mudofaa vazirligi” deb almashtirdi. Xo‘sh, nega bugunga kelib Tramp va uning tarafdorlari bu muassasani “Urush vazirligi” deb nomlash niyatida? Bu nimadan dalolat?

Sobiq SSSR qulagach, u bilan birga sotsialistik lager ham quladi. Natijada, dunyoda bir qutblilik paydo bo‘ldi. AQSHning irodasi qolgan barcha davlatlar uchun qonundek gap edi. Biroq bu vaziyat u qadar uzoq cho‘zilmadi. Ammo keyingi o‘n yilliklarda dunyoda ko‘p qutblilik shakllanish tendensiyasi boshlangan. AQSHga strategik raqib sifatida bugun Xitoy Xalq Respublikasi ko‘riladi. Qolaversa, Rossiya Federatsiyasi, Yevropa Ittifoqi, Hindiston va global janub davlatlari ham ko‘p qutblilik shakllanishida eng muhim ishtirokchilar hisoblanadi.

3 sentyabr kuni Xitoyda Ikkinchi jahon urushi tugashining 80 yilligi munosabati bilan harbiy parad bo‘ldi. Bu paradda Xitoy o‘zining eng zamonaviy va turfa harbiy qurol-yarog‘ salohiyatini ko‘z-ko‘z qildi. Bundan 20-30 yil oldin Xitoy o‘zining harbiy texnikalarini asosan Rossiya Federatsiyasidan sotib olar edi. Biroq bugunga kelib vaziyat mutlaq o‘zgargan. Bugun Xitoy o‘zini qurol-aslaha bilan to‘liq ta’minlamoqda, u to‘liq harbiy-texnik suverenitetga, mustaqillikka ega. Qolaversa, zamonaviy qurollar sotuvchisi maqomiga ko‘tarilgan. Bu Pekinning katta yutug‘i sifatida ko‘riladi.

Paradda XXR bir qancha turdagi raketalarni, jumladan, osmondagi sputniklarni ham urib tushira oladigan raketalarni, har xil turdagi dronlarni, hayvonlar shaklidagi mukammal robotlarni, lazer qurollarini namoyish qildi. Pekin namoyish qilgan qurollarning asosiy xarakteristikasi – eng zamonaviy, kelajak urushlariga qaratilgan yangi texnikalar hisoblanadi. Xitoyning paraddagi qurollar yarmarkasi juda ko‘pchilik ekspertlarni, siyosatchilarni hayratga soldi.

Ayni paytda, aytish kerakki, Pekindagi harbiy paradda namoyish qilingan qurol-aslahalarning mutlaq aksariyati real urushlarda sinovdan o‘tmagan. Bu qurollar real urushlarda qanchalik samarali bo‘ladi, xitoylik harbiylar urushlarda qanchalik sovuqqon va professional bo‘la olishadi – bu savollarga hozircha aniq javob yo‘q. Qiyoslash uchun, ko‘p yillar davomida Rossiya Federatsiyasi ham har yili 9 may paradlarida o‘zining eng zamonaviy qurol-yarog‘larini butun dunyoga ko‘z-ko‘z qilar edi. Biroq Rossiya-Ukraina urushi ko‘rsatdiki, bu qurollar deyarli ishlatilmadi va ishlatilgani ham keskin burilish yasay oladigan darajada samara bera olmadi. Ya’ni Rossiya tomonidan may paradlarida ko‘z-ko‘z qilingan qurol-yarog‘lar soni va sifati borasida ochiq savollar bor.

Pekindagi harbiy paraddagi eng muhim voqealardan biri – bu Xitoy Xalq Respublikasi o‘zining “yadroviy triada”ga, ya’ni yadroviy uchlikka egaligini butun dunyoga bildirdi.

Tramp tomonidan Mudofaa vazirligining nomi “Urush vazirligi”ga o‘zgartirilishi, XXRning harbiy namoyishlari oshishi fonida kechmoqda. Bu bilan AQSH “biz o‘z pozitsiyamizni saqlab qolish uchun urushlarga tayyormiz”, demoqchi. Dunyoda ko‘p qutblilik shakllanishi jadallashmoqda. Bu fonda dunyodagi eng katta qit’a hisoblanmish Yevrosiyo qit’asining markazida joylashgan Markaziy Osiyo mintaqasi, O‘zbekiston nima qilishi kerak? Markaziy Osiyo global geosiyosiy chorrahada joylashgan. Qudratli davlatlar o‘rtasida qurollanish poygasi boshlanar ekan, xalqaro huquq samarali ishlamas ekan, katta davlatlar orasida raqobat ruhiyati hukm surar ekan, Markaziy Osiyo davlatlari va turkiy dunyo uchun o‘zaro integratsiya, birlik va birdamlikdan boshqa uzoq muddatli va samarali yashovchanlik formulasi mavjud bo‘lishi mumkin emas.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Qurollanish poygasi: Xitoyning harbiy parad o‘tkazishdan maqsadi nima edi?