09:54 / 08.09.2022
5 102

Britaniyada yana yangi bosh vazir. Liz Trassni qanday muammolar kutmoqda?

Britaniyada yana yangi bosh vazir. Liz Trassni qanday muammolar kutmoqda?
Alberto Pezzali / AP / Scanpix / LETA
5 sentabr kuni Buyuk Britaniya Konservativ partiyasida ichki saylovlar yakunlandi. Mamlakat tashqi vaziri Liz Trass boshqa bir finalchi, Boris Jonson hukumatida moliya vaziri lavozimini egallagan Rishi Sunakni mag‘lub etdi va partiya rahbarligiga saylandi.

6 sentabr kuni Balmoraldagi qirollik qarorgohida mamlakat siyosiy hayotidagi muhim voqea bo‘lib o‘tdi. Sobiq bosh vazir Boris Jonson va mamlakatning yangi rahbari Liz Trass qirolicha bilan uchrashish uchun uzoq masofa (750 kilometrdan ortiq) bosib Shotlandiyaga keldi. Qirolicha Yelizaveta II Jonsonning iste’fosini qabul qildi va yangi bosh vazirni tayinladi.

Foto: SHUTTERSTOCK
Bu Britaniyada so‘nggi olti yillikdagi uchinchi bosh vazir: Devid Kemeron Brexit bo‘yicha referendumdan keyin iste’fo bergandi, Tereza Mey va Boris Jonson esa partiya ishonchini oqlamagan. Trass kamida 2024 yil oxirida o‘tkaziladigan keyingi parlament saylovlariga qadar hukumat tepasida qoladi.

«Meduza» Belfastdagi Kvins universitetida Yevropaning eng yangi tarixi bo‘yicha dars beruvchi Aleksandr Titov bilan yangi bosh vazirni qanday chaqiriqlar kutayotgani to‘g‘risida suhbatlashdi.

— Nega Konservativ partiya a’zolari Rishi Sunakni emas, Liz Trassni afzal ko‘rishdi?
— Torilar partiyasi a’zolarining dasturiga, mentalitetiga Sunakdan ko‘ra Trass ko‘proq mos keladi. Sunak — 2010-2015 yillarda bosh vazir bo‘lgan va Konservativ partiyani modernizatsiya qilishga, uni liberal g‘oyalarga moslashtirishga uringan Devid Kemeronga o‘xshaydi.

Trass esa — Boris Jonson, Margaret Tetcher bilan bog‘lanadi. Bu shunday an’anaviy konservatizm. Shu tufayli Sunakda umummilliy saylovlarda g‘olib chiqish imkoniyati ko‘proq, Trassda esa tor doiradagi odamlar tanlovida g‘alaba qozonish imkoniyatiga ega edi.

— Bundan kelib chiqadiki, yangi bosh vazirni saylovchilar emas, hatto butun Konservativ partiya emas, balki faqat uning nisbatan konservativ bo‘lgan qanoti tanladimi?
— Hamma tanlaydi, ammo [partiya saylovchilarining faol yadrosi] — bu 100 ming atrofidagi kishi, ular asosan 50 yoshdan oshgan, Angliya janubida yashovchi oq tanli erkaklar. Bu juda tor doiradagi demografik qirqim, ular o‘rtacha saylovchiga qaraganda radikal qarashlarga sodiq. Chunki ularga Trass aytayotgan gaplar juda ma’qul keladi: keling shunchaki soliqlarni qisqartiramiz va Shimoliy Irlandiya tufayli Yevroittifoqqa iqtisodiy urush ochamiz.

Keng omma uchun bu yoki umuman ahamiyatsiz yoki hatto yomon, ammo Britaniya konservatorlarining bunday alohida guruhi uchun esa — bu standart britancha mantiqiy fikrlashdir. Ammo Trass keyingi saylovlarga qadar joyida qolishi noma’lum. Chunki uning ko‘rsatkichlari juda yomon bo‘lsa, undan xuddi Jonsondan voz kechgandek qutulishlari mumkin.

— Uning umummilliy saylovlardagi imkoniyatlari qanday bo‘ladi?
— Muammo shundaki, Trass tetchercha an’analar siyosatchisi: soliqlarni qisqartirish, ijtimoiy xarajatlarni moliyalashtirishni qisqartirish va hokazo. Ammo hozirda [Britaniyada] so‘nggi 30–40 yillikdagi eng jiddiy inqiroz kuzatilmoqda. Odamlarga buning ziddi bo‘lgan siyosat kerak — ijtimoiy xarajatlarni oshirish, kam ta’minlanganlarni qo‘llab-quvvatlash. Alal-oqibat Trass aynan shunday qilishiga to‘g‘ri keladi, ammo hozir uning butun mafkuraviy platformasi bunga qarshi. Bu iqtisodiy ma’noda o‘ng radikal siyosatchi bo‘lib, unaqasi hozirda hech kimga kerak emas.

Trassning boshqa muammosi — uning Jonsondan farqli ekani. Borisning karerasi yorqin edi: kimlardir uni yomon ko‘rar, boshqalar yoqtirardi, ammo u taniqli siyosatchi edi. Trass esa 2019 yilgi parlament saylovlarida ilk bor Jonsonga ovoz berganlarni saqlab qolishi amrimahol. Bundaylar Brexit’ni yoqlagan, ammo avval hech qachon konservatorlar uchun ovoz bermaganlardir. Masalan, shuning uchunki, hamisha Tetcherdan nafratlanishgan: [jumladan] bu u shaxtalarni yopib tashlagan Angliya shimolidir. Ammo Jonson ularni jalb eta olgan, chunki unga «o‘zimizniki» deb qarashgan. Trass esa buning uchun juda quruqlik qiladi.

Angliya janubida yashovchi o‘rta sinfdagi doimiy elektoratni esa [konservatorlarni] u shuning uchun boy beradiki, Brexit ular uchun yutuq yoki qandaydir yaxshi narsa bo‘lib chiqmadi. Iqtisodiy jihatdan ular o‘ng liberal qarashlarga ega odamlar bo‘lishi mumkin, ammo ijtimoiy jihatdan ular ancha so‘l — shu ma’nodaki, ularni migratsiya u qadar tashvishga solmaydi va ular Yevroittifoq bilan hech qanday muammo chiqishini xohlashmaydi. Shuning uchun u hozir o‘z elektorati [ichki saylovlardagi] uchun to‘g‘ri so‘zlarni so‘zlamoqda — ammo qolgan 60 million saylovchi uchun bu juda kamlik qiladi.

— Britaniyaning Ukrainani qo‘llab-quvvatlashi nima bo‘ladi?
— Jonson uchun ham, Trass uchun ham Ukraina — mag‘lubiyatsiz mavzu. Bu o‘rinda ezgulik tarafdori bo‘lish mumkin, jamoatchilik ham buni ma’qullaydi. Alohida xarajatlar yo‘q — masalan, Britaniya Ukrainadan qabul qilgan qochqinlar soni Germaniya yoki Polsha qabul qilganidan o‘n barobar kamroq. Ular qurollarni ham u qadar ko‘p jo‘natishmayapti.

— Liz Trass Rossiya davlat telekanallarini yoqtirmasligidan kelib chiqsak, Britaniya-Rossiya munosabatlarida hech qanday iliqlashuv kutmaslik kerakmi?
— Ha, anchadan buyon hech qanday munosabatlar yo‘q. Litvinenko va Skripal voqealaridan keyin munosabatlar darajasi nolga tushgan. 24 fevraldan keyin esa…

[Trass] hamisha Rossiyaga nisbatan munosabatlarda «qirg‘iy» bo‘lgani bilan ajralib turgan. Shu ma’noda u amerikaliklardan ham radikalroq qarashlarga ega. Ammo Rossiya televideniyesi Britaniya razvedkasi mavzusini qanday fiksatsiya qilishi tushunarsiz. Ular doim MI6 hisobotlarini o‘qishadi, britaniyalik razvedkachilar doim nimadir tayyorlayotgan bo‘ladi. Buyuk Britaniya hamish birinchi raqamli dushman sifatida ko‘rsatiladi, hatto MRB bu qadar ko‘p tilga olinmaydi — garchi MI6 resurslari ancha kamroq. Ammo, aftidan, Rossiya va Buyuk Britaniya o‘rtasida shunday simbioz (ikki xil organizmning muayyan muhitda bir-biriga foyda yoki zarar keltirib, birga yashashi) mavjud.

— Trass o‘z siyosatini qanchalik qat’iylik bilan olib boradi? Saylovlarga qadar yetarlicha vaqt bor, Jamoalar palatasida konservatorlar shunday ustunlikka egaki, hozirda ularga hech qanday koalitsiyaning keragi yo‘q.
— Ha, Jonson unga 80 ovoz ustunligini qoldirdi. Ammo qolgan partiyalar — bu boshqa masala, muhimi, Konservativ partiya ichida nima bo‘layotgani. Axir bu ham turli kuchlarning norasmiy koalitsiyasi, u yerda Sunakni qo‘llovchi guruhlar bor.

Bundan tashqari, parlamentda Trass keng qo‘llab-quvvatlanmaydi. Chunki uni yaqindan biladigan va unga yomon baho beradigan deputatlar u bosh vazir bo‘lishga layoqatli emas deb hisoblashadi. Shuning uchun, agar u YEI bilan savdo urushi boshlash kabi bahsli g‘oyalarni ilgari suradigan bo‘lsa, u o‘z partiyasi ichida qo‘llab-quvvatlovga erishish borasida muammolarga duch kelishi mumkin.

— Endi Trassning partiya ichidagi asosiy raqibi kim bo‘ladi?
— Saylovoldi kampaniyasida bo‘linish quyidagicha edi: Sunak — muvozanatli budjet va mas’uliyatli iqtisodiy siyosat tarafdori, Trass — nima bo‘lishidan qat’i nazar soliqlarni kamaytirish uchun. Sunak uning kabinetiga kirishi dargumon bo‘lgani tufayli, yangi hukumatda o‘rin olmagan sobiq vazir sifatida parlamentning orqa qatorlarida turib tanqid qiluvchi bo‘ladi. Va bu konservatorlar uchun katta muammo bo‘lishi mumkin, chunki ular uch bosh vazirni saylovsiz almashtirib ulgurdi: [Devid] Kemeron 2016 yilda, [Tereza] Mey 2019 yilda, [Boris] Jonson 2022 yilda ketdi.

Trass osonlik bilan o‘z partiyadoshlarining ko‘pchiligini o‘ziga qarshi qilib qo‘yishi mumkin. Saylovga qadar u bu ishni qilishga ulguradimi, yo‘qmi, aytish qiyin, agar shunday bo‘lib chiqsa va ular to‘rtinchi bor bosh vazirni almashtirishsa, bu ularning imijiga juda qattiq zarba bo‘ladi. Saylovchilar ko‘z o‘ngida ular mamlakatni umuman boshqara olmaydigandek gavdalanadi.

— Trass leyboristlarni birlashtira oladimi?
— So‘nggi so‘rovlarga ko‘ra, leyboristlar 8 foizlik ustunlikka ega — mutlaq raqam bu yerda muhim emas, asosiysi — foizlardagi farq. 2019 yilda Jonson davrida konservatorlarda 40 ga 32 foizlik ustunlik kuzatilgan va torilar saylovlarda mutlaq ko‘pchilik ovozni qo‘lga kiritgandi. Hozir esa buning butunlay teskarisi.

Leyboristlar uchun hozir bu yutuqli pozitsiya, chunki mamlakatda yirik inqiroz kuzatilmoqda. Men o‘z hisoblarimga qarayman — bizda gaz va elektr narxi so‘nggi yilda o‘sdi va bundan keyin ham o‘sishda davom etadi. Har qanday holatda ham Trass davlatning iqtisodiyotga aralashuvi uchun nimadir qilishi kerak bo‘ladi, bu esa uning o‘ng radikal siyosatiga ziddir va albatta leyboristlar bularning barchasi uchun unga hujum qilishadi. U Jonson emas, u qadar xarizmatik siyosatchi emas. Shunday ekan, u an’anaviy konservator saylovchilardan tashqarida mashhurlikdan umid qilmasa ham bo‘ladi. U o‘z partiyasini yetakchilik inqirozisiz 2024 yilga qadar olib borishi kerak bo‘ladi.

Sunak — texnokrat, menejer, u bu rolga ko‘proq mos keladi. Trass esa — beg‘am ideolog. U umuman iqtisodiy inqirozni hal qilish uchun kerak bo‘lgan odam emas.

arenda kvartira tashkent
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo