Tu-214 samolyotlarini yetkazib berish 2027-yilga qoldirildi

Rossiyaning import oʻrnini bosuvchi Tu-214 yoʻlovchi samolyotlarini tijoriy aviaqatnovlarga chiqarish muddati 2027-yilga koʻchirildi. Birlashgan aviatsiya korporatsiyasi (OAK) maʼlumotlariga koʻra, ilk tayyor layner Red Wings aviakompaniyasiga lizing sxemasi asosida topshiriladi. Bu haqda Ixbt.com xabar beradi.
Taʼkidlash joizki, import oʻrnini bosuvchi Tu-214 modeli 2025-yil oxirida sertifikatsiyadan oʻtgan edi. Hozirgi kunda Red Wings ushbu turdagi samolyotlardan foydalanayotgan yagona tijoriy aviatashuvchi hisoblanadi. OAK dastlabki bosqichda 11 ta samolyot yetkazib berishni rejalashtirgan, biroq ularning aniq qiymati hozircha oshkor etilmagan.
Shuningdek, S7 Airlines kompaniyasi 100 ta samolyotga buyurtma bergan. Biroq, aviakompaniya kabinani ikki kishilik ekipaj uchun moslashtirishni talab qilmoqda. Hozirgi import oʻrnini bosuvchi versiya esa ikki uchuvchi va bort muhandisidan iborat uch kishilik ekipaj uchun moʻljallangan.
Mutaxassislarning fikricha, ikki kishilik ekipaj boshqaruviga ega seriyali samolyotlar faqat 2029-yilga kelibgina foydalanishga topshirilishi mumkin. Bu esa loyihaning texnik jihatdan murakkabligini va modernizatsiya jarayonlari davom etayotganini koʻrsatadi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!