Samsung Galaxy S26 smartfonlari ishlab chiqarish hajmini oshirmoqda

Samsung kompaniyasi Galaxy S26 turkumidagi smartfonlarga bo‘lgan yuqori talabni qondirish maqsadida ishlab chiqarish rejalarini qayta ko‘rib chiqmoqda. ZDNet Korea nashri xabariga ko‘ra, kompaniya may oyi uchun ishlab chiqarish ko‘rsatkichini 2,4–2,5 million donaga yetkazdi. Dastlabki rejalarda bu ko‘rsatkich 1,9–2,1 million dona etib belgilangan edi. Bu haqda Ixbt.com xabar beradi.
Bu joriy yilda ishlab chiqarish hajmining ikkinchi marta oshirilishi hisoblanadi. Aprel oyida ham Samsung dastlabki 2,4 million dona rejasini 3 million donaga qadar ko‘paytirishga majbur bo‘lgan edi. Yangi ma’lumotlarga ko‘ra, may oyida 1 million dona Galaxy S26, 200 ming dona Galaxy S26+ hamda 1,2–1,3 million dona Galaxy S26 Ultra ishlab chiqarilishi ko‘zda tutilgan.
Sanoat ekspertlarining ta’kidlashicha, odatda yangi flagmanlar taqdim etilganidan ikki oy o‘tib butlovchi qismlarga bo‘lgan buyurtmalar kamayishni boshlaydi. Biroq Galaxy S26 holatida bunday pasayish kuzatilmayapti va buyurtmalar hajmi yuqori darajada qolmoqda. Bu esa foydalanuvchilarning mazkur turkumga bo‘lgan qiziqishi kutilganidan uzoqroq davom etayotganini anglatadi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!