09:13 / 18.11.2022
2 111

Rossiya qo‘shini Pavlovkani egallash uchun katta yo‘qotishlar berdi. Bu qishloq ularga nega kerak?

Rossiya qo‘shini Pavlovkani egallash uchun katta yo‘qotishlar berdi. Bu qishloq ularga nega kerak?
Foto: UNIAN
Rossiya mudofaa vazirligi Donetsk oblastining Pavlovka qishlog‘i egallanganini xabar qildi. Vugledar atrofidagi bu qishloq Rossiya armiyasi uni egallash uchun ikki haftalik shturm davomida ko‘plab yo‘qotishlarga uchragani haqidagi xabarlardan keyin tanilgandi. Yo‘qotishlar chindan ham bemisl bo‘lganmi va ularni nima bilan oqlash mumkin? Rossiya harbiy rahbariyati askarlarni navbatdagi tikka hujumga yuborish orqali qanday maqsadlarni ko‘zlagan bo‘lishi mumkin?

Pavlovka Donetskdan janubi-g‘arbda joylashgan. Bu maydoni jihatidan anchagina katta, ammo, Ukraina o‘lchovlari bo‘yicha aholi soni ko‘p bo‘lmagan (urushga qadar taxminan 2,5 ming kishi yashagan) qishloq bo‘lib, Vugledarga deyarli qo‘shni bo‘lib, nazariy jihatdan Rossiya qo‘shinlarining Donbassdagi yurishlari uchun platsdarmga aylanishi mumkin.

«Pavlovka va Vugledar ustidan nazorat o‘rnatilishi bizning qo‘shinlarga raqibning Avdeyevkadagi guruhi ortiga chiqish imkonini beradi, bu pozitsiyani ro‘paradan hujum qilish juda qiyin», deya hisoblaydi rossiyaliklarning militar portali topwar.ru.

Rossiya harbiy muxbirlari bir hafta oldin oldinoq Pavlovka egallangani haqida xabar berishgandi va RF armiyasi posyolkani egallash uchun qilingan hujumlar davomida katta yo‘qotishlar berganini tasdiqlashgandi.

«Yurishlarda bevosita ishtirok etganlarning so‘zlariga ko‘ra, yo‘qotishlar mudofaa vazirligi tomondan yangragan 1 yoki 7 foizdan ko‘proq. Tanklar haqida ham aytishim mumkin, ammo agar yana bir kun sukut saqlasam, gapiradigan boshqa narsa qolmaydi», deya yozgan harbiy muxbir Aleksey Sukonkin.

Qishloq egallangani haqidagi rasmiy bayonotdan keyin «DXR» dala qo‘mondoni Aleksandr Xodakovskiy ogohlantirdi: «Raqib Pavlovkada aviatsiyadan foydalanmoqda - qurbonlar bor. Agar biz oldinroqqa yurmasak, Pavlovka qopqonga aylanadi».

«Biz brigada komandirlari bilan bu rejani amalga oshirishning iloji yo‘q degan xulosaga kelgandik: yangi kelganlar o‘qitilmagandi, boyekomplekt (snaryad va patronlar) qanchalik tejalmasin, faqat birinchi hujum to‘lqini uchun yetardi... Ammo topshiriqni bajarishi kerak bo‘lgan brigada komandirlari yuqoridagilarga murojaat qila olmadi - yuqoridagilarga qanday qilib bo‘lmasin natija kerak edi», deya xotirlaydi u.

Katta bo‘lmagan posyolkani qanday qilib bo‘lmasin egallash uchun bunday qat’iy urinishlar Rossiya qo‘mondonligi ushbu yo‘nalishga katta ahamiyat qaratayotganidan dalolat beradi. Buning bir necha sabablari bo‘lishi mumkin. Moskva Dneprning o‘ng sohili tashlab chiqilganidan keyin «hapdorini shirinlashtirmoqchi» bo‘layotgani haqida fikrlar ham bor - ammo bunday versiyaga jiddiy qarab bo‘lmaydi, buni Ukraina bilan urushning ashaddiy tarafdorlari ham yutuq sifatida qabul qilmaydi. Xerson va Pavlovkani taqqoslash noo‘rin.

Aftidan, Pavlovkaga bunday qaysarlik bilan yopishib olishning bir qancha sabablari bor, jumladan: Ukraina qurolli kuchlarini Donetskdan uzoqlashtirish; Ukraina qurolli kuchlarini Zaporijjyadagi guruhni ta’minlashda foydalaniladigan temiryo‘ldan uzoqlashtirish; hech bo‘lmaganda ayrim yo‘nalishlarda tashabbusni saqlab qolish.

Ukraina kuchlarini Donetskdan uzoqlashtirish maqsadi

RF prezidenti Vladimir Putin «maxsus harbiy amaliyot» boshlanganini e’lon qilganidan buyon (Moskva uning maqsadlaridan biri Donbassni «ozod etish» ekanini aytgandi) allaqachon 8,5 oy o‘tdi, front chizig‘i esa hamon Donetsk atrofidan o‘tadi. Ukraina artilleriyasi istasa, oblast markazidagi istalgan nishonni yo‘q qilishi mumkin.

Mudofaa vaziriga Xersonni tashlab chiqish zarurati haqida bergan hisobotida general Surovikin Donbassni keyingi oylardagi asosiy harbiy harakatlar maydoni sifatida tilga olib o‘tgandi.

Foto: REUTERS
Rossiyaning Ukrainaga bosqinining ilk davrida ukrainlar uchun asosiy tahdidlar shimol va janubdan bo‘lgandi. Ukraina armiyasi asosiy kuchlarini aynan shu yo‘nalishlarda jamladi - Kiyev va Xarkivga hujumlar qaytarildi, Zaporijjya va Mikolayivda ilgarilashga yo‘l qo‘yilmadi.

Donbassda esa Ukraina qurolli kuchlari faol mudofaa bilan shug‘ullandi - to‘laqonli qarshi qarshi hujum uchun kuchlar ham yetarli emasdi, umumiy vaziyat ham qulay emasdi. Xarkivdan janubda dushman qo‘r to‘kib turganida Donetskni shturm qilish haqida o‘ylab bo‘lmasdi, dushman esa ukrainlarning bu hududdagi guruhini qurshovga olishni niyat qilgan va buning uchun imkoniyatlarga ega edi.

Hozir esa vaziyat o‘zgargan. Eng jiddiy xavflar bartaraf etilgan, Ukraina armiyasi zaxiralari bo‘shagan.

Rossiya armiyasi Ukraina janubida chekinishga va Donbass shimolida ular sharq tomonda hamon tashabbusni o‘zida saqlab turgan bo‘lsa ham, bu tashabbusni boy bermaslik uchun himoyaviy harakatlarga o‘tishga majbur bo‘ldi. Qolaversa, bu hududda ta’minot bilan bog‘liq vaziyat yomon emas - ta’minot Luhansk va Donetsk oblastlarining Moskva nazoratida bo‘lgan va tozalangan hududlari orqali amalga oshiriladi.

Ammo muammo bor: Zaporijjyadagi guruh ta’minoti

Xerson va oblastning Dnepr o‘ng sohilidagi hududlarini ozod etgach, Ukraina qurolli kuchlarining navbatdagi istagi Zaporijjya oblasti janubini ham deokkupatsiya qilish bo‘lishi tayin. Azov dengizi sohillariga yetib borish va Rossiya guruhini ikkiga ajratib qo‘yish uchun janubga va janubi-sharqqa zarba berish nafaqat Zaporijjyadan, balki ukrain qo‘shinlari Dneprni kechib o‘tishga muvaffaq bo‘lgan istalgan nuqtadan amalga oshirilishi mumkin.

Rossiya qo‘shinlari pozitsiyasini ularning chap sohil bo‘ylab qayta guruhlanishidagi noaniqliklar murakkablashtiradi - Dneprning chap sohili bo‘ylab yalang‘och dashtliklarda himoyalanish (o‘ng sohil balandroq joylashgan va bu tomondan o‘qqa tutish oson) ayniqsa qishda qiyin bo‘ladi. Vaziyat qanday rivojlanishi hali noma’lum. Qrimdagi tor bo‘yinga chekinish esa Zaporijjya janubidagi Rossiya armiyasi ta’minot liniyasini jiddiy tahdidlar ostida qoldiradi - ta’minotning asosiy oqimi yarimoroldan keladi. Bu liniya hozirning o‘zida ham xavf ostida qolgan - ukrainlar HIMARS bilan ularga yeta oladi.

Rossiyada zaxira varianti bor - Zaporijjya janubi orqali Donetskdan Debalsevo va Volnovaha orqali Kaxovkaga o‘tgan temiryo‘l liniyasi.

«Hozir ular juda faollik bilan tiklashmoqda (ko‘priklar va o‘tish joylari ham), ta’mirlashmoqda, ko‘tarmalar, relslar tutashgan joylar mustahkamlanmoqda, ayrim ma’lumotlarga ko‘ra, ular hattoki muayyan uchastkalarni elektr tortish moslamalari bilan jihozlashga urinmoqda», deya yozadi ukrainlarning «Zvizdes Mangustu» telegram-kanali. Ammo muammolar bor.

«Ha, siz to‘g‘ri tushundingiz… Aynan Vugledar va Pavlovkadagi, shuningdek Novomixaylovkadan janubroqdagi ukrain qo‘shinlari bu kommunikatsiya yo‘llaridan shunday masofada joylashganki, ularga zarba bera olishi mumkin. Masalan, Dolya uzel stansiyasidan Ukraina qurolli kuchlarining Novomixaylovkadagi pozitsiyasiga qadar masofa 18 km chiqmaydi, Ukraina qurolli kuchlarining Ugledar hududidagi oldingi chiziqlaridan Volnovaha stansiyasiga qadar masofa esa taxminan 25-26 kilometrni tashkil etadi. Bu esa, o‘z navbatida, stansiyalarning kelgusida ritmik va to‘laqonli ishlashini deyarli istisno etadi…» - deya taxmin qiladi ukrainlar telegram-kanali.

Pavlovkada qandaydir o‘zgacha holat bo‘ldimi?

Shu vaqtgacha ukrainlarning Donbassdagi mustahkamlangan istehkomlarini shturm qilish taktikasi klassik sxemada amalga oshirildi: avvaliga oldingi chiziqqa yoppasiga artilleriya zarbalari beriladi, keyin qoidaga ko‘ra shturmchi bo‘linmalar oldinga harakatlanadi, zarbalar esa raqib hududi ichkarisiga beriladi.

«Frontning har bir kilometriga 200 ta artilleriya quroli bor bo‘lganida raqib haqida so‘ralmaydi, faqat bizning oldindagi bo‘linmalarimiz qancha masofaga siljigani haqida hisob beriladi», deya yozgan sovetlar marshali, Donetsk oblastida tug‘ilgan Kirill Moskalenko.

Ikkinchi jahon urushi taktikasi bugungi kunda ham dolzarb bo‘lishi mumkin, ammo ayrim shartlar bilan. Birinchidan, hech kim asosiy zarba yo‘nalishida kamida uch karra ustunlik yaratish qoidasini bekor qilmagan. Ikkinchidan, artilleriyani tayyorlash va yurish qilayotgan qismlarni qo‘llab-quvvatlashning ma’nosi raqibning o‘t ochish nuqtalarini bostirishdan iborat bo‘ladi. Ukrainadagi Rossiya armiyasi esa unisida ham, bunisida ham qiyinchiliklarga uchramoqda.

Shuning uchun ko‘p hollarda voqealar rivoji quyidagicha bo‘ladi: yoki raqib boshpanalaridan chiqib kelib, bostirib kelayotgan rossiyaliklarni o‘qlar yomg‘iri bilan qarshi oladi va chekintiradi, yoki Ukraina qurolli kuchlari askarlari pozitsiyalarini oldinroq tashlab ketgan bo‘ladi - bu holda yurish muvaffaqiyatli kechayotgandek ko‘rinadi, ammo ukrain artilleriyasi to‘satdan jonlanib, oldindagi bo‘linmalarni o‘qqa tutadi.

Bu sikllarning ikkisi ham ukrain bo‘linmalari yangi mudofaa liniyalariga o‘tgunicha uzoq davom etishi mumkin - keyin esa bari qaytadan boshlanadi.

Donbassdagi o‘nlab aholi yashash manzillari shunday ssenariy bo‘yicha shturm qilingan va Pavlovkada ham o‘zgacha holat bo‘lganini ko‘rsatuvchi hech narsa yo‘q. Ukraina qurolli kuchlarining hisobotlarida ushbu qishloq hududidagi janglar odatiy ohangda qayd etilgan; Agar Tinch okeani flotining 155-alohida dengiz piyodalari brigadasining ochiq shikoyati va Kremlparast manbalarda bu hudud uchun janglarda katta yo‘qotishlar berilgani haqida xabarlar tarqalmaganida, bu yerda bo‘layotgan voqealarga deyarli hech kim e’tibor bermasdi.

Agar Ukrainadagi urushning ilk bosqichida Rossiya jamoatchiligi va nashrlari ayrim muvaffaqiyatsiz amaliyotlarga u qadar e’tibor qaratmagan bo‘lsa, ketma-ket og‘ir mag‘lubiyatlardan keyin keyingi har bir omadsizlik - yoki hatto yutuq, ammo katta qurbonlar bilan erishilgan muvaffaqiyat ham keskin reaksiyaga sabab bo‘lmoqda. Bu Rossiya harbiy qo‘mondonligi hisoblashishi kerak bo‘lgan yangi reallikdir.

Pavlovka1, Donetsk1, Rossiya armiyasi1 Rossiya va Ukraina urushi

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Rossiya qo‘shini Pavlovkani egallash uchun katta yo‘qotishlar berdi. Bu qishloq ularga nega kerak?