07:00 / 02.01.2023
1 063

Lukashenko umrbod Senat a’zosi bo‘lishi mumkinligi haqidagi qonunni imzoladi

Lukashenko umrbod Senat a’zosi bo‘lishi mumkinligi haqidagi qonunni imzoladi
30 dekabr kuni Aleksandr Lukashenko Belarus parlamenti faoliyatiga oid yangi qonunlarni imzoladi. O‘zgartirishlar, xususan, o‘z vakolatlarini amalga oshirishni to‘xtatgan Belarus Prezidenti uning roziligi bilan umrbod Respublika Kengashi (Senat) a’zosi bo‘lishini nazarda tutadi.

Aynan Respublika Kengashi raisining vazifalari qatoriga davlat rahbari lavozimi yana bo‘sh qolgan taqdirda prezident vakolatlarini amalga oshirish qo‘shimcha ravishda kiritiladi.

Vladimir Putin 2020 yilda o‘zi uchun xuddi shunday qonunni imzolagan edi: u Rossiyaning sobiq prezidentiga umrbod senator bo‘lish huquqini beradi. Qonun prezident vakolatlari muddati tugashi munosabati bilan uning vakolatlari tugagan holatlarga ham, siyosatchi iste’foga chiqqan holatlarga ham tegishli.

Lukashenko Belarusda deyarli 29 yildan beri hokimiyat tepasida. 1994 yilda Belarusda prezidentlik o‘rnatilgandan so‘ng, korrupsiyaga qarshi kurash komissiyasining o‘sha paytdagi rahbari Lukashenko o‘sha yilning iyul oyida bo‘lib o‘tgan milliy saylovlar natijalariga ko‘ra, respublika tarixidagi birinchi prezident bo‘ldi.

O‘shandan beri mamlakat konstitutsiyasi bir necha bor o‘zgartirilib, Lukashenkoga hokimiyatda qolishiga sharoit yaratib berilib keldi. YEXHT va Yevropa Ittifoqi davlatlari so‘nggi bir necha saylovlarni qonuniy deb tan olishmadi. 2020 yilning yozida siyosatchi bir necha bor «hokimiyatga tish-tirnog‘i bilan yopishmaslik»ka va’da berganiga qaramay, oltinchi bor prezidentlik saylovida “yutib chiqdi”. Belarus Markaziy saylov komissiyasining rasmiy ma’lumotlariga ko‘ra, o‘shanda Lukashenko birinchi turda Svetlana Tixanovskaya ustidan g‘alaba qozonganini iddao qilgan edi.

2020 yilgi saylov natijalarining e’lon qilinishi mamlakatda ommaviy noroziliklarga sabab bo‘ldi va ular xavfsizlik kuchlari tomonidan qattiq bostirildi. Kuzatuvchilar, hattoki, saylov komissiyalari a’zolari ham bu saylovlar soxtalashtirilganligi to‘g‘risida inkor etib bo‘lmaydigan dalillar keltirdilar. Lukashenkoning saylovlardagi asosiy raqiblariga qarshi jinoiy ish ochildi: bu siyosatchilarning ba’zilari uzoq muddatga hukm qilindi, ba’zilari esa chet elda qolishga majbur bo‘ldi.

Mutaxassislar avvalroq Lukashenko o‘zini kelajakda ham prezident, ham Belarus Senati rahbari sifatida ikki mansabda ko‘rayotganini ta’kidlagan edi.

BelTA xabariga ko‘ra, Lukashenko imzolagan o‘zgartirishlarga ko‘ra, sentyabrdan iyungacha parlamentning ikki majlisi o‘rniga bitta sessiyasi ham joriy qilingan. Boshqa o‘zgarishlar qatorida Konstitutsiyaviy sud sudyalari va Markaziy saylov komissiyasi a’zolarini parlamentning quyi palatasi (Belarus xalq assambleyasi) emas, balki Senat saylaydi.

Lukashenko, shuningdek, Vakillar palatasi deputati va Milliy majlis respublika kengashi a’zosi maqomi to‘g‘risidagi qonunga o‘zgartirishlarni imzoladi. Ular Vakillar palatasi deputatlari va Respublika Kengashi a’zolarining Butun Belarus Xalq Assambleyasi ishida delegat sifatida ishtirok etishini ta’minlaydi.

arenda kvartira tashkent
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo