
Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishi katta tarixiy o‘zgarishlarni boshlab berdi. Avvallari ruslardan qo‘rqib, sovet-kommunistik mafkuraning qoldiq axlatidan qutula olmay turgan Yevropa davlatlarida dekommunizatsiya hamda desovetizatsiya jarayonlari boshlandi.
Rus bosqinchilarga o‘rnatilgan va rasmiy Moskva tomonidan himoya qilib kelingan yodgorlik va haykallar ag‘darib tashlanmoqda. Sovet tuzumi bilan bog‘liq toponomik nomlar ham bekor qilinib, tarixiy joy nomlari qaytarilmoqda. Shunday bir davrda O‘zbekistonda ham desovetizatsiya va dekommunizatsiyasi jarayonlari boshlanishidan umid qilsa bo‘ladimi?
AzonTV dagi «Fikrat» tahliliy dasturida siyosatshunoslar Kamoliddin Rabbimov va Hamid Sodiq ishtirokida shu mavzu yuzasidan munozara bo‘lib o‘tdi.
Jumladan, Kamoliddin Rabbimovning fikricha bu jarayon yurtimizda imkonsiz hodisa:
“Hozirgi geosiyosat konteksda bu jarayonlarni boshlash - Markaziy Osiyoning har qanday davlatining bevosita Rossiya bilan to‘qnash kelishni kafolatlaydi. Markaziy Osiyo davlatlari, albatta, Putinning ketishini kutib turadi. Putin ketgandan keyin ham “bu qanchalik siyosiy va geosiyosiy maqsadga muvofiq”, degan savol yo‘qolib qolmaydi. Lekin yangi avlodlar kelishi, yangi siyosiy elita shakllanishi hamda kelajakda Rossiya davlatchiligida hukmron siyosiy vaziyatga bog‘liq ravishda bu masala kun tartibida turaveradi.
Chunki insoniyat tarixidagi eng katta siyosiy eksperimentlardan biri Sovet Ittifoqi hisoblanadi. Bu davlat timsolida dunyo tarixidagi eng katta totalitar davlat va ateistik imperiya tuzilgandi. Albatta SSSRning “insonlar o‘rtasida tenglikni o‘rnatamiz”, degan g‘oyasi normal qadriyat bo‘lgan.
Lekin buni kuch bilan, misli ko‘rinmagan qirg‘in va repressiyalar vositasida amalga oshirish, ya’ni, iqtisodiyot va siyosatni yaxshilash o‘rniga, “insonlar tengligini ta’minlash uchun shu tenglikni buzayotgan vositalar va shaxslarni yo‘qotish kerak”, degan noto‘g‘ri totalitar xulosa hayotga tatbiq etildi.
Xususiy mulkchilik, so‘z, diniy va mafkuraviy erkinlik cheklandi. Bunday siyosatdan norozi shaxslar qatag‘on qilindi. Bu g‘oyalar aslida Markaziy va G‘arbiy Yevropada shakllana boshlagan. Biz o‘sha paytda, afsuski, Chor Rossiyasining mustamlakasi bo‘lganimiz uchun bu g‘oyalar bizga to‘g‘ridan-to‘g‘ri bizda ekstropolyatsiya qilindi.
Desovetizatsiya, ya’ni Sovet merosi yoki Sovet tarixini qaytadan o‘rganish, sarhisob qilish, albatta, kerak. O‘ylaymanki, kelajakda O‘zbekistonda SSSR tarixi bo‘yicha muzey tashkil qilinadi, deb o‘ylayman. Albatta Sovet davrida erishilgan yutuqlar, ijobiy tomonlar ham yo‘q emas. Buni samimiy aytish kerak. Lekin misli ko‘rilmagan repressiyalar haqida ham ochiq aytish kerak va umumiy bir xulosa chiqarilishi kerak. Chunki tarixni bilsak o‘tmishdagi xatolarni takrorlamasdan yangi kelajak qura olmaydi”, dedi siyosatshunos Kamoliddin Rabbimov.
Bu borada siyosatshunos Hamid Sodiq o‘z fikriga egaligini bildirdi:
"Tarixda o‘tmish soyasidan qutulish yoki saqlab qolishga misollar ko‘p. Masalan, Yangi Zelandiyani oladigan bo‘lsangiz, o‘zini mustamlaka qilgan davlat bayrog‘ining atributlarini olgan.
Avstraliya yoki Kanadani olsak, xalqaro huquqiy an’anaga muvofiq, qirolichani monarx deb tan oladi.
Buyuk Britaniyaning o‘sha davrdagi bosh vaziri Margaret Tetcher Rossiya prezidenti bilan uchrashuvda “Boris, Rossiya bilan Buyuk Britaniyaning farqi nimada bilasanmi?”, deb so‘ragan ekan. Boris Yelsin “Bilmayman. Qani o‘zingiz aytingchi”, debdi.
“Buyuk Britaniya o‘zining imperialistik tafakkuridan voz kecha oldi. Lekin Rossiya bundan kecha olmayapti. Farqi shunda”, degan ekan “temir ledi”.
Garchi Avstraliya, Yangi Zelandiya va Kanada ham sobiq mustamlakachilarning ayrim atributlarini saqlab qolgan bo‘lsada, o‘tmish tarixini to‘g‘ri taftish qildi, yaxshiliklarini ko‘rsatdi, yomonliklarini ham aytishdan ham qo‘rqmadi. Bizga ham shunday jarayon kerak. Bizdagi eng xavfli jihat shuki, O‘zbekistonda mana shu jarayonni biladigan, o‘rganadigan tizim yaratilmagan. Katta bir bo‘shliq bor, ya’ni mana shu bo‘shliqni to‘ldirmasdan turib, natija ko‘rsata boshlasak, Rossiya aralashmasa ham, jamiyatimizdan bo‘linish vujudga keladi”, deydi siyosatshunos Hamid Sodiq.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar