date
views 1 014

Putinning vorisi kim bo‘ladi: personalistik rejimda hukmdor qanday almashadi?

Putinning vorisi kim bo‘ladi: personalistik rejimda hukmdor qanday almashadi?
Rossiya Ukrainaga qarshi keng miqyosli urush boshlagach, urush bir necha kun ichida tugamasligi va Rossiyaga (nafaqat diplomatik, iqtisodiy jihatdan ham) juda qimmatga tushishi ma’lum bo‘lgach, Putinning o‘rniga kim kelishi mumkinligi haqidagi gap-so‘zlar yangi kuch bilan yangray boshladi.

Bu munozaralarda mantiq juda oddiy: Bu Putinning urushi, uni tugatish yoki oqibatlarini yumshatish uchun Rossiya prezidenti boshqa odam bo‘lishi kerak.

Rossiyadagi turli nashrlar Putinning o‘rnini egallovchi nomzodlar sifatida RF Davlat dumasi spikeri Vyacheslav Volodin va ayni vaqtda Rossiya Xavfsizlik kengashi raisining o‘rinbosari lavozimida o‘tirgan sobiq prezident Dmitriy Medvedev hamda prezident administratsiyasi rahbarining birinchi o‘rinbosari Sergey Kiriyenkoni sanashadi.

Foto: discover24.ru
So‘nggi oylarda ularning barchasi Putinga yoqish uchun bot-bot jangovar bayonotlar bilan chiqish qilishmoqda. Masalan, Medvedev AQSHga hujum bilan tahdid qilgan va ikki yildan so‘ng Ukraina dunyo xaritasida mavjud bo‘lishiga shubha bildirgan. Volodin o‘zini o‘zi mustaqil deb e’lon qilgan «DXR»da o‘lim jazosini saqlab qolishni taklif etgan. Kiriyenko esa umuman, Putinning yaqin doirasiga kirishga muvaffaq bo‘lgan va endilikda «DXR», «LXR» va Ukrainaning okkupatsiya qilingan hududlarini boshqarmoqda.

Volodin, Medvedev, Kiriyenko — vorislikka bosh nomzodlar. Foto: duma.gov.ru
Boshqa vorislar orasida Putinning sobiq tansoqchisi, ayni paytda Tula oblasti gubernatori bo‘lgan Aleksey Dyumin sanalgan, shuningdek FVVning yangi rahbari Aleksandr Kurenkov (u ham o‘z vaqtida Putinni qo‘riqlagan), Xavfsizlik kengashi kotibi, 71 yoshni qarshilayotgan Nikolay Patrushev ham bor. O‘sha Patrushevning o‘g‘li, qishloq xo‘jaligi vaziri Dmitriy Patrushev va Putinning qizi Yekaterina Tixonova ekzotik variantlar sifatida ko‘rilmoqda.

Putin va Aleksey Dyumin. Foto: today.29ru
«Meduza» maxsus muxbiri Andrey Persev Putin yaqin orada ketishi haqidagi gap-so‘zlarda qandaydir asos bor-yo‘qligi haqida fikr yuritdi.

Putin iste’foga chiqmoqchimi?

Yo‘q. Boz ustiga, Rossiya prezidenti navbatdagi saylovlar o‘tuvchi 2024 yildan keyin ketishga tayyorlanayotganiga birorta ishora ham yo‘q. 2020 yilda konstitutsiyaga o‘zgartirishlar kiritilganidan so‘ng Putinning amalda qolish uchun nazariy muddatlari yana 12 yilga cho‘zildi. Putinning o‘zi buni amaldorlar ichidan vorislar izlab «ko‘zlar suzilmasligi» uchun qilinayotganini ta’kidlagan. Hozirga kelib esa Putin kursisidan voz kechishni aslo istamagani va mamlakatni 2036 yilgacha boshqarishdan umid qilayotganiga zarracha shubha qolmadi. «Levada» markazining iyun oyidagi so‘rovnomasiga ko‘ra, 72 foiz rossiyaliklar Putin 2024 yildan keyin ham prezident bo‘lib qolishini istashadi.

Rossiyaliklarning 72 foizi Putin 2024 yildan keyin ham prezident bo‘lib qolishini istaydi. Foto: 1tv.ru
Biroq may oyi oxirlarida «Meduza»ning prezident administratsiyasi va hukumatga yaqin manbalari elita «Putindan keyingi kelajak»ni tez-tez muhokama qilayotganini aytishgan. Sababni ular shunday tushuntirishgan — «Yetarli tarzda yaqin istiqbolda u davlat boshqaruvida bo‘lmasligi haqida tushuncha yoki istak bor».

Ehtimolli sabab — Putinning salomatligi borasidagi mish-mishlar (go‘yoki u so‘nggi bosqichdagi onkologik kasallikdan davolanmoqda). Bu mish-mishlar Putin o‘z vazifalarini bajarishda qiynalib boradi va u voris tanlashga majbur bo‘ladi, deb o‘ylashga undaydi — 90-yillar oxirida uning o‘zini Yelsin tanlagani kabi.

Yuqorida nomlari zikr etilgan siyosatchilarning faollashgani ham shu bilan tushuntirilmoqda. Ular prezidentning jangovar kayfiyatiga moslashmoqda — shu sababli ular OAVda ko‘proq ko‘rinish berib, taniqli bo‘lish va elita qo‘llovini olishga urinmoqda.

Putin vorisini o‘zi tanlaydimi? Unga biror kor-hol bo‘lib qolsa-chi?

Ayni pallada Putin hokimiyati qandaydir fitna tufayli qulashi ehtimoli juda past (garchi buni to‘liq inkor etish mumkin bo‘lmasa-da). «Meduza» so‘zlashgan amaldorlar ham hech kim Putinni taxtdan yiqitish haqida o‘ylamayotganini ta’kidlagan edi. Albatta, ular boshqacha so‘zlashi ham mumkin emasdi, biroq statistika ham Rossiyaniki kabi personalistik rejimlar odatda barqaror bo‘lishini ko‘rsatadi.

Personalistik rejim — oliy yetakchi barqaror institutlar (armiya yoki hukmron partiya)ga emas, turli ta’sir doiralari o‘rtasidagi murakkab munosabatlar tizimi, alaloqibat shaxsiy aloqalariga tayanib boshqarishini bildiradi. Agar hukmdor o‘z rejimini shunday qila olgan bo‘lsa (Putin bilan bog‘liq holatdan ko‘ryapmizki, bu jarayon bosqichma-bosqich amalga oshadi), ko‘p hollarda u hokimiyatni umrining so‘ngiga qadar saqlab qola oladi.

Bunday vaziyatda esa voris tayinlab, hokimiyatni unga topshirish juda xavfli. Buni Putinga Qozog‘iston tajribasi yaqqol ko‘rsatib berdi. U yerda Nursulton Nazarboyev 2019 yilda o‘z ixtiyori bilan iste’foga ketib, prezidentlik postini Qosim-Jo‘mart To‘qayevga qoldirdi, undan poytaxtni Nursultonga o‘zgartirishdek sodiqlik qasamini qabul qilib oldi, o‘z qo‘lida bir qator konstitutsion vakolatlarni ham saqlab qoldi. Biroq 2022 yilning bir necha oyi ichida Nazarboyev poytaxt nomidan boshqa hamma narsani yo‘qotdi. Sentyabr oyiga kelib esa poytaxt ham qayta Astana deb atala boshladi. To‘qayev qilgani singari voris o‘z xo‘jayinini «topshirishi» va uning oilasini ham tinch qo‘ymasligi xavfi juda katta.

Putin Nazarboyev xatosini takrorlamoqchi emas. Foto: topnews.ru
2022 yilning 24 fevraligacha Putin agar o‘zi izn bersa demokratlashtirish jarayon unga xotirjam qarilik gashtini surishga imkon beradi deb umid qilishi mumkin edi: qoida tariqasida yangi demokratik hokimiyat o‘zidan avvalgi diktator bilan nisbatan xayrixoh ohangda gaplashadi. Biroq u ochgan urush uning shaxsan o‘zi uchun tahdidlarni ham kuchaytirib yubordi: yangi hokimiyat uchun u endi toksik figuraga aylandi, undan xalos bo‘lishga urinish istagi katta bo‘lishi mumkin.

Umuman, so‘nggi lahzagacha kursiga yopishib olish Putin uchun optimal strategiyadek ko‘rinmoqda. Bu yerda ikkita oddiy yo‘l bor: so‘nggi lahzada u vorisni oshkora tayinlashga jazm qiladimi yoki shu holatda ham sukut saqlashni afzal ko‘radimi? Birinchi yo‘ldan Venesuela lideri Ugo Chaves borgan. U muqarrar o‘lim bilan tugaydigan kasallikdan so‘ng Nikolas Maduroni vitse-prezident qilib tayinlagan. Rossiyada shunga o‘xshash vaziyatda biroz vaqt tepada hokimiyat uchun parda ortida kurash boradi.

Ugo Chaves va Nikolas Maduro. Foto: businessinsider.in
Janubiy-sharqiy Osiyoda hokimiyatlarning qo‘ldan qo‘lga topshirilishi fenomenini o‘rgangan avtoritarizm tadqiqotchisi Aleksey Gilev elita uchun vorisning «status qudrati» juda muhimligini aniqlagan. Voris hukmron yuqoriga albatta mansub bo‘lishi (eng yaxshisi — u birinchi shaxsning qarindoshi bo‘lishi), ammo u «shaxsiy qudrat»ga ega bo‘lmasligi, ya’ni omma orasida mashhur bo‘lmasligi kerak.

Ta’sir kuchi katta bo‘lgan doiralar yangi yetakchi juda mustaqil bo‘lishidan manfaatdor emas, chunki ular resurslar ustidan nazoratni saqlab qolishni istashadi. Gilevning qayd etishicha, aynan shu sababli yetakchilarga ularning bevalari, qizlari, o‘z siyosiy kuchiga ega bo‘lmagan singillari voris bo‘lishadi.

G‘arb tabloidlari Putinning qizlaridan birini ehtimolli voris deb yozganda aynan shuni nazarda tutgan. Biroq Gilev «voris dilemmasi»ga e’tiborni qaratadi: kuchsiz, ammo elitalar uchun foydali bo‘lgan bunday yangi yetakchi hokimiyatni saqlab qolishi qiyin, hokimiyat nomzodlari esa saylovlarda ovoz yo‘qota boshlaydi.

Biroq postsovet hududida yangi yetakchi o‘zidan avvalgi hukmdorning, garchi u tomonidan to‘g‘ridan to‘g‘ri tayinlanmagan bo‘lsa-da, avtoritar siyosatni muvaffaqiyatli davom ettirgani borasida misollar ko‘p.

Jamiyatda bu holatda demokratiyaga erishishning birgina ishonchli usuli bor — hokimiyat uchun kurashga aralashish. Boz ustiga, vorislar ko‘pincha halol saylovlarda yutqazib qo‘yishadi.

Putin ketmaydi. Uni yiqitisholmaydi. Salomatligi holati noaniq. Unda nega OAV vorisni muhokama qilmoqda?

Bu yerda bir necha sabab birlashgan. Muxolif kayfiyatda bo‘lganlar Putin yana 14 yil mamlakatni boshqara olishiga ishongisi kelmayapti. U elita ichki kurashlari yoki xalq noroziliklari tufayli kursini tark etishiga ham hozircha ishonib bo‘lmaydi. Shu sababli xalqaro tajribaga murojaat qilib, Rossiyadagidek rejimda hokimiyat qanday o‘zgarganini ko‘rish mantiqli.

Yelsin va Putin. Foto: Kremlin.ru
90-yillar va nolinchi yillarda siyosat olamini kuzatganlarga «Voris» operatsiyasi» jumlasi juda yaxshi tanish. 1999 yilda Vladimir Putin nomzodini prezidentlikka ilgari surish aynan shunday atalgan. Bir necha oy ichida medianing kuchli qo‘llovi bilan FXXning ko‘pam mashhur bo‘lmagan direktori reytingi o‘ndan bir foizdan birinchi turdayoq prezidentlik saylovida g‘olib chiqish darajasigacha ko‘tarildi.

2007 yilda Putinning o‘zi voris qidiruvi bilan mashg‘ul bo‘ldi. Nomzodlar ikki kishi edi: mudofaa vaziri (KGB bo‘yicha Putinning xizmatdoshi) Sergey Ivanov va prezident administratsiyasi rahbari o‘rinbosari Dmitriy Medvedev.

Ivanov, Medvedev va Putin. Foto: Kremlin.ru
O‘shanda Medvedev jamoasida ishlagan iqtisodchi Igor Yurgensning eslashicha, «vorislar»ga telekanallarda bir xil vaqt ajratilgan, ular bir-biriga mos saylovoldi kampaniyasi o‘tkazishgan, «ularning har biri poshshoga nimalarga qodir ekanini ko‘rsatishga majbur edi». Yurgensning fikricha, Medvedev tanlanganiga sabab — u G‘arb va Rossiya liberal elitasi bilan muloqotni yaxshiroq yo‘lga qo‘ya olgani bo‘lgan. To‘rt yil o‘tgach (kursida o‘tirgan chog‘ida prezidentlik muddatini to‘rt yildan olti yilga ko‘tarishga ulgurgan) Medvedev navbatdagi prezidentlik saylovida qatnashmasligini e’lon qildi va Putin uchun Kremlga qaytish yo‘lini tozalab berdi.

Bu voqealarning barchasini yaxshi eslab qolgan insonlar Rossiya siyosati kelajagini «vorislik» orqali ko‘rishi mantiqli — chunki hokimiyat topshirilishining boshqacha yo‘lini ular ko‘rishmagan. Boshqalar uchun esa bu yana haqiqiy ommaviy siyosat o‘rnini bosuvchi narsa. Bu xuddi RF fuqarolari ham kuzatishni yaxshi ko‘radigan AQSHdagi prezidentlik sayloviga o‘xshaydi. «Vorislarning virtual poygasi» Rossiyada ham haqqoniy siyosiy kurash ketayotganidan go‘yoki dalolat berib turadi. Garchi unga ta’sir o‘tkazishning amalda hech qanday imkoni bo‘lmasa ham, eng kamida bu realiti-shouga o‘xshaydi.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Putinning vorisi kim bo‘ladi: personalistik rejimda hukmdor qanday almashadi?