19:30 / 23.02.2023
469

Putin Rossiya ishtirokini to‘xtatishini aytgan yadro kelishuvida nimalar deyilgandi?


Putin parlamentga murojaatida Rossiya AQSh bilan imzolangan strategik hujum qurollarini qisqartirish bo‘yicha kelishuvda ishtirokini to‘xtatishini e’lon qilgandi. 


Rossiya prezidenti Vladimir Putin Federal kengashga murojaatida mamlakat Strategik hujum qurollarini yanada kamaytirish bo‘yicha AQSh bilan imzolangan kelishuvdagi ishtirokini to‘xtatganini ma’lum qildi. Bu AQSh hamda Rossiya yadro qurollarini cheklovchi yagona hujat, shuningdek, ikki davlat hamkorlikni davom ettirayotgan juda kam sonli kelishuvlardan biri edi. Putin bu bitimda Rossiya ishtiroki to‘xtaganini e’lon qilishi nimani anglatadi?

Qurollanish poygasi

Ekspertlar Putinning bu bayonoti AQSh va Rossiya o‘rtasidagi yangi qurollanish poygasiga turtki berishi mumkinligidan xavotir bildirmoqda. AQSh va Rossiya o‘rtasidagi bu kelishuv hatto ikki mamlakat munosabatlaridagi o‘ta inqirozli holatlarda ham to‘xtab qolmagan. 2021 yil Bayden va Putin kelishuvni uzaytirishga kelishib olgan, Vashington va Moskvaning bu kelishuv borasida o‘z e’tirozlari bo‘lsa-da, bitim uzaytirilgandi.

AQSh kelishuvga Xitoy ham qo‘shilishini istagandi. Rossiya esa yadro quroliga ega Fransiya va Britaniya ham bitimga qo‘shilishi mumkinligini aytgan. Putin parlamentga murojaatida bu haqda gapirar ekan, Fransiya va Britaniya ham kelishuvga kirishi Rossiya undagi ishtirokini tiklashining sharti ekaniga ishora qildi.

«Bu masalani muhokama qilishdan avval NATOning Britaniya va Fransiya kabi davlatlar nimaga da’vo qilayotganini bilib olishimiz kerak. Ular ham, gaplariga qaraganda, bu kelishuvga qo‘shilmoqchi. Juda yaxshi, biz qarshi emasmiz», dedi Putin murojaatida.

Seshanba kuni kechasi Putin Rossiya Davlat dumasiga Strategik hujum qurollarini kamaytirish bo‘yicha uchinchi kelishuvda mamlakat ishtirokini to‘xtatish haqida federal qonun loyihasini kiritdi. Bu kelishuv Rossiya parlamenti tomonidan ratifikatsiya qilingan va shu sabab kelishuvni to‘xtatishni ham yana parlament tasdiqlashi kerak. Rossiya parlamenti kelishuvni ratifikatsiya qilganda bu kelishuv Rossiya milliy manfaatlariga zid emasligi aytilganini ta’kidlash kerak.

Strategik hujum qurollarini yanada qisqartirish bo‘yicha uchinchi kelishuv Rossiya hamda AQSh hamkorlikni davom ettirayotgan juda kam sonli harbiy bitimlardan biri edi. 2019 yil Tramp prezidentligi vaqtida AQSh Rossiya bilan imzolangan yaqin va o‘rta masofadagi raketalarni kamaytirish borasida kelishuvdan bir tomonlama chiqib ketgandi.

2020-2021 yillarda Rossiya hamda AQSh Ochiq osmon to‘g‘risida kelishuvdan chiqqandi. Bu hujjatni imzolagan davlatlar qolgan ishtirokchi davlatlarning qurollanmagan razvedka uchoqlari o‘z osmoni ustidan uchishiga ruxsat beradi.

«Chiqmayapmiz, ishtirokimizni to‘xtatyapmiz»

Putin Rossiya Strategik hujum qurollarini kamaytirish bo‘yicha kelishuvda ishtirokini to‘xtatishini e’lon qilar ekan, mamlakat kelishuvdan chiqib ketmayotganini alohida ta’kidlab, «Biz kelishuvdan chiqmayapmiz, undagi ishtirokimizni to‘xtatyapmiz» dedi.

Putinning murojaatidan bir necha soat o‘tib esa Rossiya TIV uning nutqini aniqlashtiruvchi bayonot bilan chiqdi. Unda aytilishicha, Rossiya hamon kelishuvdagi cheklov miqdorlariga amal qiladi va AQShni ballistik raketa uchirilishidan avval ogohlantirishda davom etadi. Ammo bu va’da birinchidan, bajarilishi majburiy bo‘lgan ish emas, ikkinchidan, bu kelishuvdagi kichik bir qism xolos.

«Kelishuvga qaytish mumkin. Buning uchun Vashington siyosiy iroda ko‘rsatib, kelishuv barcha tomonlar uchun amal qilinishiga xalaqit beradigan omillarni bartaraf etishi kerak», deyiladi Rossiya tomoni bayonotida.

Yadro obektlarini tekshirish qiyin

Putinning Strategik hujum qurollarini kamaytirish bo‘yicha kelishuvga doir navbatdagi iddaosi shundan iboratki, AQShning yadro obektlarini tekshirish qiyinchilik tug‘dirgan. U Vashingtonni bu boradagi tekshiruvlarni rad etishda ayblagan.

«Kelishuv borasida to‘liq tekshiruv o‘tkazishga imkon berishmayapti. Bizning talablarimiz esa norasmiy doiralarda rad etilyapti. Shu tariqa, aytarli hech nimani tekshira olmayapmiz. Shu o‘rinda AQSh va NATO o‘z maqsadlari Rossiyani strategik mag‘lub etish ekanini ochiqchasiga aytishmoqda. Shuncha gapdan keyin ham bizning mudofaa obektlarimizga bemalol kiraverishlari kerakmi? Hatto yangi obektlarga ham, a?», dedi Putin. Katta ehtimol bilan, mana shu – Rossiya kelishuvdan chiqishining asosiy sababi hisoblanadi.

Rossiya kelishuv doirasida tekshiruvlarda muammo bo‘layotgani haqida 2022 yil boshida ham e’tiroz bildirgan va AQSh tekshirishga ruxsat bermayotganidan noligandi. Rossiya TIV iddaosiga ko‘ra AQSh va uning ittifoqchilari rossiyalik inspektorlar bo‘lgan samolyotlar uchun havo hududini yopgan va oqibatda normal aviaqatnov amalga oshirish imkonsiz bo‘lib qolgan.

Strategik hujum qurollarini qisqartirish bo‘yicha uchinchi kelishuv doirasida o‘zaro tekshiruvlar koronavirus pandemiyasi vaqti dunyoda amalda bo‘lgan cheklovlar doirasida to‘xtatilgan, lekin AQSh departamenti shundan keyin Rossiya odatiy tekshiruv jarayoniga qaytishini turli bahonalar bilan rad etib kelayotganini bildirgan.

Inspeksiya chog‘ida ikki mamlakat vakillari yadro qurollari joylashgan harbiy bazalarga tashrif buyuradi. Foto: AFP

«Ikki tomonlama yuzma-yuz uchrashuvlar, o‘zaro telefon suhbatlari va hujjatlar almashinuvidan keyin ham Rossiya tomoni COVID-19 bahonasida turli talablarni ko‘paytirishni kanda qilmadi», deyilali Davlat departamentining 2023 yil 13 yanvardagi Kongressga topshirgan hisobotida. O‘sha hisobotda AQShda rossiyalik inspektorlar faoliyatiga hech qanday qarshilik yo‘qligi aytiladi. Shuningdek, Rossiyaning bu boradagi harakatlarga cheklov borligi haqida bayonoti yolg‘onligi qayd etilgan.

Bir yilda 18 ta tekshiruv

Dunyodagi ikki qudratli yadro davlati o‘rtasidagi kelishuvga ko‘ra, tomonlarning inspektorlar guruhi bir yilda 18 marta bir-birining harbiy obektlariga tekshiruv uchun borishi kerak. Inspeksiya ikki xil ko‘rinishda bo‘ladi: birinchi tekshiruv yadro bombalari o‘rnatilgan va shay holatdagi tashuvchilar bo‘lgan obektlarda o‘tadi. Ikkinchi turdagi tekshiruvlar esa tashuvchilarga o‘rnatilmagan strategik tizimlarda o‘tkaziladi.

Tashuvchilarga o‘rnatilgan va ishlatish uchun shay turgan qurollar saqlanadigan obektlarda amalga oshirilgan inspeksiya doirasida har ikki tomon har bir tashuvchida nechta yadro kallagi turgani haqida ochiq ma’lumot berishi kerak. Xususan, ballistik raketalar, qiruvchilar, qanotli raketalar haqida. Deklaratsiya to‘g‘riligi uchun inspeksiya o‘tkazayotgan tomon har bir tashuvchining yuklamasini tekshirish huquqiga ega.

Rossiya kelishuvdagi ishtirokini to‘xtatgani nimani anglatadi?

Rossiya va AQSh o‘rtasidagi munosabatlar har qancha yomon bo‘lmasin, yadro quroli bo‘yicha kelishuvlarga ikki davlat ham amal qilib kelayotgan, bu mavzu o‘zaro munosabatlardan alohida muhokama qilinayotgandi.

Kelishuv doirasidagi inspeksiyalar 2020 yilda COVID-19 pandemiyasi tufayli o‘tkazilmay qolgandi (suratda - Rossiyaning «Yars» mobil uchirish qurilmasi)

«Aftidan, endilikda yadro quroli masalasi o‘zaro munosabatlardan alohida ajratilmaydi, degan siyosiy qaror qabul qilingan ko‘rinadi. Hatto yadro quroli masalasi ham kelishmovchilik mavzusiga aylandi», deydi BBC bilan suhbatda BMT Qurolsizlanish muammolarini o‘rganish instituti katta ilmiy xodimi Andrey Baklitskiy.

«Rossiyaning kelishuvdan chiqishi Moskva hamda Vashington yadro qurollar bo‘yicha ma’lumotlarni almashishni bas qilishini anglatadi. Davlat institutlari o‘rtasidagi munosabatlar ham to‘xtaydi, inspeksiya jarayoni tiklanmaydi, ikki tomonlama maslahatlashuv komissiyasi ishi ham to‘xtaydi», deydi harbiy ekspert Aleksandr Yermakov.

Ikki tomonlama maslahatlashuv komissiyasi Rossiya va AQSh o‘rtasidagi Strategik hujum qurollarini qisqartirish kelishuviga amal qilinayotganini nazorat qiluvchi organ hisoblanadi. Komissiya yiliga kamida ikki marta yig‘iladi. Bu organ kelishuv bo‘yicha barcha masalalarni hal qiladi.

BBC bilan suhbatlashgan har ikki ekspertning fikricha, Rossiya kelishuvdan chiqishi tayyor yadro tashuvchilardagi yadro kallaklari soni bo‘yicha o‘zaro kelishilgan limitdan chiqishini anglatmaydi. Ularning aytishicha, Rossiya bu kelishuvga amal qiladi.

Kelishuvga ko‘ra, har ikki davlat 800 ta yadro tashuvchiga ega bo‘lishi, ulardan faqat 700 tasi yadro quroli bilan harakatlanishga tayyor turishi mumkin. Umumiy kallaklar soni esa 1550 tadan oshmasligi kerak.

Yana bir ekspert Pavel Podvigning fikricha, Rossiya kelishuvdan chiqqanida bu kelishuvga amal qilinmasligini kutish mumkin edi, ammo Putin Rossiya faqat kelishuvdagi ishtirokini to‘xtatishini aytgan ekan, belgilangan limitlarga amal qilinishini kutish mumkin. Ammo inspektorlar faoliyati to‘xtatilgani muammolar keltirib chiqarishi mumkin. Masalan, urush holatidagi Rossiya yadro qurollari bilan bog‘liq nimalar qilayotganini endi bilib bo‘lmaydi.

Rossiya bunaqa harbiy kelishuvlardan chiqmay shunchaki «ishtirokini to‘xtatishi» yangilik emas. Rossiya 2007 yilda Yevropa oddiy harbiy kuchlari kelishuvidagi ishtirokini to‘xtatgandi. Mamlakat kelishuvda rasman mavjud bo‘lsa-da, qolgan davlatlar Rossiya shartlarga amal qilmasligini juda yaxshi bilishadi.

Ekspertlar aytishicha, bu «ishtirokni to‘xtatish»da yana bir hiyla bo‘lishi mumkinki, kelishuvga qaytish uchun hech qanday huquqiy shart yo‘q. Kelishuvda tomonlardan biri undagi ishtirokini to‘xtatsa, nima qilinishi haqida hech nima deyilmagan.

Balitskiyning fikricha, hozir shunday tushunarsiz holat yuzaga keladiki, uning oqibatida nima bo‘lishini taxmin qilib bo‘lmaydi. Masalan, kelishuvga ko‘ra har ikki tomon yadro bombalarini tashuvchilarga joylashtirish, ularni ko‘chirish yoki yo‘q qilish borasida bir-birini ogohlantirib kelgan. Putinning bayonotidan keyin esa bu juda ko‘p bosqichlarni qamrab olgan ogohlantirish tizimi ishdan chiqadi.

Shuningdek, kelishuvga ko‘ra tomonlar tashuvchilar va yadro kallaklari haqida deklaratsiya topshiradi. Bundan tashqari, Rossiya va AQSh quruqlikdagi hamda suv ostidagi bazadan otilgan 5 ta mintaqalararo ballistik raketalarning mashg‘ulotdagi yoki sinov parvozidagi ko‘rsatkichlari haqida ma’lumotlarni almashib turadi.

Ikki davlat yangi tashuvchilar yoki raketalar otuvchi tizimlar, qurolli kuchlar safiga qabul qilingan yangi tizimlar haqida, kelishuv doirasidagi raketalar parvozlari haqida ma’lumotlarni bir-biriga berib boradi. Rossiya kelishuvdagi ishtirokini to‘xtatishi esa bu kelishuv butunlay bekor bo‘lishiga ham olib kelishi mumkin. Oqibatda shundoq ham nazorat qilish qiyin bo‘lgan yadro quroli butunlay izdan chiqib ketishi hech gap emas.

Ishonchsizlik oshadi

Har ikki davlat o‘z harbiy doktrinasini o‘z qurollari va potensial raqibining imkoniyatlaridan kelib chiqqan holda tuzadi. Ma’lumotlar almashinuvi tizimi mavjud bo‘lgan holda har ikki tomon bir-birining imkoniyatlari haqida ma’lum darajada aniq tasavvurga ega bo‘ladi. Shunga monand vaziyatni izdan chiqaradigan darajada noaniqlik bo‘lmaydi. Lekin yadro quroli bo‘yicha ma’lumotlar almashilmasa, ikki tomon o‘rtasida ishonchsizlik va gumon paydo bo‘ladi.

Tomonlar bir-birining yadro qudrati haqida eng yomon ssenariydan kelib chiqib fikrlay boshlaydi. Oqibatda har ikki tomon o‘z yadro arsenalini yanada boyitish haqida o‘ylaydi. Bu yangi yadro qurollanish poygasini avj oldiradi. Pavel Podvig esa bu borada unchalik xavotirga tushmaslikni tavsiya etmoqda. Uning fikricha, Rossiya ham, AQSh ham tezda o‘z yadro arsenalini boyita olmaydi.

«Bilishim bo‘yicha, Rossiya yiliga 20 ta yerdan turib otiladigan ballistik raketa ishlab chiqaradi. Ya’ni bu ertadan boshlab sosiska kabi qalashtirib tashlash mumkin bo‘lgan narsa emas. Ammo yadro arsenalini oshirishning boshqa yo‘li bor. Masalan, ba’zi tashuvchilarda uchta yadro kallak qo‘yilgan bo‘ladi, lekin ular 5 yoki 6 tagacha kallakni olib yurishi mumkin. Bunday kallaklar qayerdadir aniq bor. Shunday bo‘lsa-da, bu usul vaziyatni keskin o‘zgartira olmaydi», deydi ekspert.

Uning fikricha, AQShda ham yadro arsenalini birdan oshirish qiyin bo‘ladi. Lekin amerikaliklarda yadro kallaklari sonini qisqa vaqt ichida ikki baravar oshirish imkoni bo‘lsa-da, ular bunday qilishmaydi.

Yadro sinovlari

Putin o‘z chiqishida yadro sinovlari mavzusida ham gapirdi. U AQSh yadro sinovi o‘tkazsa, Rossiya ham shunday qilishini ta’kidlab, «Rosatom» hamda mamlakat mudofaa vazirligiga yadro sinoviga tayyor turishni buyurdi.

Rossiya prezidenti amerikaliklar yangi yadro qurollarini sinovdan o‘tkazmoqchi degan fikrda.

Yadroviy sinovlarni to‘liq taqiqlash to‘g‘risidagi shartnoma 1996 yilda imzolangan bo‘lsa-da, kuchga kirmagan. Foto: Getty Images

Ma’lumot uchun, yadro sinovlarini taqiqlovchi kelishuv 1996 yilda imzolangan bo‘lsa-da, hamon kuchga kirmagan. Ayni damda esa hech qaysi xalaqaro kelishuv yadro sinovlarini taqiqlamaydi. BMT ma’lumotiga ko‘ra, 1996 yilda imzolangan kelishuvni 185 davlat imzolagan va 170 davlat ratifikatsiya qilgan. Ular orasida Britaniya, Fransiya va Rossiya kabi yadro quroliga ega davlatlar ham bor.

Kelishuv kuchga kirishi uchun uni AQSh, Isroil, Eron, Xitoy, Shimoliy Koreya, Misr va Pokiston ham ratifikatsiya qilishi kerak. Shu o‘rinda 1996 yildan buyon dunyoda Shimoliy Koreyadan tashqari boshqa davlatlar yadro sinovini o‘tkazmaganini ta’kidlash kerak. Dunyoda aksar davlatlar yajro quroli hatto sinov ko‘rinishida ham foydalanilmasligi kerak deb hisoblaydi.

Ekspert Yermakovning fikricha, AQSh, Britaniya, Fransiya, Xitoy va Rossiya kabi «yadro beshligi» davlatlari yerdan turib yadro sinovini o‘tkazishga moratoriy joriy qilgan bo‘lsa-da, istalgan vaqtda bu kelishuvni bekor qilishi mumkin. Chunki yangi sinovlar yangi qurollar uchun kerak deb o‘ylaydi ekspert.

Hatto sinov uchun o‘tkazilgan yadro quroli ham dunyodagi vaziyatni keskinlashtirib yuboradi.

Rossiya uchun esa yadro sinovlarini o‘tkazish huquqiy jihatdan ham qiyin. Rossiya AQShdan farqli o‘laroq Vena kelishuvini imzolagan va ratifikatsiya ham qilgan. Yadro sinovi o‘tkazmoqchi bo‘lgan davlat bu kelishuvdagi o‘z imzosini qaytib olishi, Davlat dumasi esa hujjatni bekor qilishi kerak. Putin AQShning yadro sinovi haqida gapirdi, lekin amerikaliklarda bunday reja yo‘qligi hisobga olinsa, Putinning gapi shunchalik oddiy gapga o‘xshaydi.

Ba’zi ekspertlar fikricha, Putinning bu gapidan ijobiy xulosa ham qilish mumkin. Putin AQSh yadro sinovi o‘tkazsa, biz ham bu ishni qilamiz, dedi. Ya’ni Amerika sinov o‘tkazmaslik orqali Rossiyani bu ishdan tiyib turishi mumkin. Albatta, Rossiya prezidenti oxirgi yillarda qilmaymiz degan juda ko‘p ishlarni qilganini ham yoddan chiqarmaslik kerak. Nima bo‘lganda ham Putinning bu gapi Rossiya uchun baribir qandaydir chegaralar qolganini bildiradi.

Hamma uchun sinov

Rossiya kelishuvdagi ishtirokini to‘xtatishi AQSh bilan munosabatlarni yanada yomonlashtiradimi degan savolga hozircha aniq javob berish qiyin. AQSh davlat kotibi Entoni Blinken Putinning chiqishi Vashingtonda «chuqur afsus bilan» kutib olingani va «mas’uliyatsizlik» deb qaralganini aytdi. Ammo Blinken AQSh ikki davlat o‘rtasidagi munosabat va dunyodagi vaziyat qanday ekanidan qat’i nazar kelishuv bo‘yicha muloqotga tayyorligini ma’lum qildi. Blinken Rossiyaning kelishuvdagi ishtirokini to‘xtatishidan keyingi harakatlari AQSh tomonidan diqqat bidan kuzatib borilishini ham aytdi.

Putinning bayonotini NATO bosh kotibi Yyens Stoltenberg ham afsus bilan qarshiladi: «Rossiya oxirgi yillarda ko‘plab qurollanishni nazorat qiluvchi kelishuvlardan chiqdi. Putinning Strategik hujum qurllarini kamaytirish bo‘yicha kelishuvdagi ishtirokini to‘xtatishi borasidagi bayonoti esa qurollanishni nazorat qilish bo‘yicha xavfsizlik arxitekturasini barbod qiladi. Rossiyani bu kelishuvga qaytishga va unga amal qilishga chaqiraman», dedi alyans bosh kotibi.

Ekspert Baklitskiyning fikricha, Putinning bu bayonoti oddiy insonning bugungi yoki ertangi hayotiga ta’sir qilmaydi, lekin yil sayin dunyo xavfli bo‘lib borishiga xizmat qiladi. U dunyoda qurollanish poygasi degan va oxirgi yillarda eskirgan ibora endi yana tez-tez eslanadi, degan taxminda. Baklitskiyga ko‘ra, AQSh va Rossiya o‘rtasidagi munosabatlar yadro borasidagi kelishmovchilik darajasida yomonlashishi boshqa davlatlarda ham yadro qurollari bo‘yicha «ishtahani oshirib yuborishi mumkin».

«Agar Rossiya va AQSh yadro arsenalini oshiradigan bo‘lsa, bu Xitoy, Hindiston va hatto Pokistonni ham befarq qoldirmasligi mumkin. Dunyoda yadro quroli borgan sari kamayishi kerak degan tushuncha paydo bo‘layotgandi, lekin endi tendensiya teskarisiga o‘zgaradi. Hamma yanada ko‘proq bunday qurolga ega bo‘lish haqida o‘ylaydi», deb so‘zini yakunlagan ekspert.


arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Putin Rossiya ishtirokini to‘xtatishini aytgan yadro kelishuvida nimalar deyilgandi?