Foto: Shutterstock
2022 yil Yevropada halok bo‘lgan va qamalgan jurnalistlar soni ko‘paydi, qit’ada so‘z erkinligi ahvoli yomonlashdi. Buning sabablaridan biri - Rossiyaning Ukrainaga qarshi urushi, deyiladi Yevropa Kengashi hamkor tashkilotlari hisobotida.
Rossiyaning Ukrainaga keng ko‘lamli bostirib kirishi boshlanganidan buyon kamida 12 jurnalist va OAV xodimi o‘z xizmat vazifalarini bajarish chog‘ida halok bo‘ldi, yana 21 nafar jurnalist yaralandi. Bu haqda «Jurnalistika himoyasi va jurnalistlar xavfsizligini ta’minlash platformasi»da Yevropa Kengashi birlashgan hamkor tashkilotlarining yillik hisobotida ma’lum qilingan. Hisobot 7 mart, seshanba kuni e’lon qilindi.
«Yevropadagi urush va xabar berish huquqi uchun kurash» deb nomlangan 2022 yilgi hisobotda ta’kidlanishicha, Rossiyaning keng ko‘lamli bosqinchiligi butun Yevropada matbuot erkinligining yomonlashuvidagi umumiy tendensiyalarni kuchaytirgan.
Urushning borishini yoritish uchun Ukraina hukumati 11 ming jurnalistga akkreditatsiya berdi. OAV vakillari «tartibsiz o‘qqa tutilishi, aloqa infratuzilmasiga maqsadli hujumlar, elektr ta’minotining tez-tez va uzoq davom etgan uzilishlari, shuningdek, Rossiya tomonidan bosib olingan hududlarda jurnalistlarga hujum qilish va qo‘lga olishga urinishlar tufayli» o‘ta og‘ir sharoitlarda ishlashga majbur.
Ukrainaga qarshi urush davrida Rossiyaning o‘zida «mustaqil jurnalistikaga nisbatan shafqatsiz tazyiqlar» davom etgan, deyiladi hisobotda. Ukrainaga bostirib kirishga oid har qanday chekinish yoki Rossiya rasmiylarining pozitsiyasini tanqid qilish «jinoyat deb topildi. «Qo‘pol va g‘ayriinsoniy tashviqot, urushni, nafratni qo‘zg‘atish va dezinformatsiya Rossiyaning davlat nazoratidagi axborot maydonini egallab oldi», — deyiladi hujjatda.
Bunday siyosat Rossiyada mavjud bo‘lgan bir nechta mustaqil ommaviy axborot vositalarining «taqiqlanishi, yopilishi yoki mamlakatni tark etishi»ga olib keldi. 2022 yilda Rossiyani tark etgan ommaviy axborot vositalari xodimlarining umumiy soni 500 dan ortiq kishini tashkil etadi, deyiladi «Proyekt media» Rossiya mustaqil surishtiruv agentligiga tayangan holda. Ayni paytda boshpana masalasi rossiyalik jurnalistlar uchun «sinov»ga aylangan va ular xorijda «ma’muriy to‘siqlar va ishonchsizlikka» duch kelishmoqda.
2022 yilda jurnalistlarning asossiz hibsga olinishi Yevropada odatiy holga aylandi, deyiladi hisobotda. 2022 yil 31 dekabr holatiga ko‘ra, 127 nafar jurnalist qamoqda. Panjara ortidagi ommaviy axborot vositalari xodimlarining eng ko‘pi Turkiyada – 52 kishi, Belarusda – 32, Rossiyada – 22, Rossiya tomonidan bosib olingan Ukraina hududlarida – 14, Ozarboyjonda to‘rt nafar, Buyuk Britaniya, Gruziya va Polshada bittadan. Hisobotda aytilishicha, 2021 yilga nisbatan Yevropada qamoqqa olingan jurnalistlar soni 60 foizga oshgan.
“Zamin” yangiliklarini “Telegram”da kuzatib boring![arenda kvartira tashkent](/uploads/d5fb3f5cdf_bisyor_banner_1000x100.webp)