20:37 / 18.03.2023
519

Erdo‘g‘an qoladimi, ketadimi? O‘zbekiston uchun qay biri yaxshiroq?

Erdo‘g‘an qoladimi, ketadimi? O‘zbekiston uchun qay biri yaxshiroq?

14 mayda Turkiyada prezidentlik saylovlari bo‘ladi. Yaqinda ro‘y bergan, “asr fojiasi” deb ta’riflangan zilzila saylovlar vaqti ortga surilishiga sababchi bo‘lmadi. Zilzila Erdo‘g‘an uchun katta muammolarga sabab bo‘lgani aniq.

Zilzila sababli, Turkiyadagi odamlarning kayfiyati ancha yomonlashdi. Hozirga qadar 48 ming odam vafot etgani aytildi. Taxminan 100 milliard dollarlik zarar kelgani bildirildi. Jami 6200 dan ortiq binolar buzilgani ma’lum.

Erdo‘g‘an, istaganida ham saylovni ortga surishi ancha qiyin bo‘lardi. Chunki zilzilaga qadar saylovni oldinroqqa o‘tkazgan edi. Bu bilan muxolifatning saylovga tayyorlanishiga kamroq imkoniyat qoldirgandi.

Zilziladan so‘ng, Erdo‘g‘anning o‘zi ancha noqulay ahvolga tushib qoldi. Lekin u noumid emas. Tajribali siyosatchi sifatida, hali vaziyatni o‘zining foydasiga o‘zgartirishi mumkin. Saylovga qadar salkam ikki oy bor. Bir vaqtlar Turkiya prezidenti Suleyman Demirel: “Turkiyada hattoki bir kun ham – siyosat uchun juda uzoq muddat” degan edi. Erdo‘g‘an saylovga qadar ikki oy mobaynida ko‘p ish qilishi mumkin.

14 may kuni bo‘ladigan prezidentlik saylovida 60 million turkiyalik ovoz berish huquqiga ega. Turkiyada jamoatchilik fikrini o‘rganish yaxshi yo‘lga qo‘yilgan. Jamoatchilik fikrini o‘rganadigan o‘nlab tashkilotlar bor. Euronews telekanalida chiqqan, 10 martga qadar bo‘lgan so‘rovnomalarga ko‘ra, Erdo‘g‘anga 45 foiz, uning asosiy raqibi Qilichdoro‘g‘liga esa 55 foiz saylovchi ovoz berishga tayyor.

Prezident Rajab Toyyib Erdo‘g‘an Turkiya va dunyo uchun nimasi bilan ahamiyatli? Erdo‘g‘an boshqaruvi davrida, Turkiyaning ichki siyosati ham, tashqi siyosati ham, katta o‘zgarishlarga uchradi. Ichki siyosatda, Turkiya din bilan kurashuvchi davlatdan, diniy konservatizmni davlat va jamiyatga integratsiya qilgan davlatga aylandi. Erdo‘g‘an, konservator sifatida, islomga bo‘lgan yashirin kurashni davlat siyosatidan olib tashladi.

Erdo‘g‘an 2003-14 yillarda Turkiya bosh vaziri bo‘ldi, 2014 yildan hozirga qadar esa, kuchaytirilgan prezidentlik boshqaruvida. Erdo‘g‘an boshqaruvi ostida, Turkiyada avtoritar tendensiyalar ancha kuchaydi. Ayniqsa, 2016 yilgi davlat to‘ntarishiga urinishlardan keyin, avtoritarizmga og‘ishuv kuchaydi. Bugun Erdo‘g‘an tanqidchilari Turkiyada so‘z erkinligi, siyosiy erkinliklar ancha torayganini aytishadi. Jumladan, ijtimoiy tarmoqlardagi tanqidlar ustidan ham nazorat ancha kuchayganini bildirishadi.

Erdo‘g‘an hokimiyatga kelgach, ancha vaqt Turkiyada juda katta iqtisodiy o‘sish yuz berdi. 2002-12 yillarda Turkiyaga kiritilgan xorijiy sarmoyalar YAIMning 64% real o‘sishiga sababchi bo‘ldi. Jon boshiga 43% YAIM o‘sishiga erishildi. Lekin, keyingi yillarda Turkiyada iqtisodiy o‘sish keskin sekinlashdi. Inflyatsiya juda katta. 2018 yilda bir dollar 3,8 liraga to‘g‘ri kelgan bo‘lsa, bugun salkam 20 liraga yaqinlashib qoldi. Besh yilda turk lirasi deyarli 5 baravar qadrsizlandi.

Erdo‘g‘anning tashqi siyosatdagi qilgan eng katta inqilobi – bu rasmiy Anqarani mustaqil va yirik siyosiy o‘yinchiga aylantirgani bo‘ldi. Tashqi siyosatda Erdo‘g‘an uchun eng muhim qadriyat – bu suverenitet. Oldinlari, Turkiya Vashington uchun juda qulay hamkor bo‘lgan bo‘lsa, endi Turkiya mustaqil va ziddiyatli global o‘yinchiga aylanib bordi. Bu NATOni, Yevropa Ittifoqi va AQSHni ancha norozi qilmoqda.

Yaqin Sharqdagi musulmon davlatlari orasida, Isroilni rasman tan olgan davlatlardan biri, Turkiya edi. Erdo‘g‘an davrida, Turkiyaning Isroil bilan munosabatlari kuchli inqirozlarni boshidan kechirdi. Hatto, davlatlarning diplomatik aloqalari rasman pastga tushirilgan yillar bo‘ldi. Mana, 2023 yilga kelib, bu ikki davlat yana qaytadan bir-biriga elchilar yubordi.

Ukraina urushi fonida, Turkiya, bir tomondan NATO a’zosi sifatida, Rossiyaning ba’zi harbiy imkoniyatlarini to‘sib turdi. Misol uchun, Rossiyaning harbiy floti Turkiya tomonidan Qora dengizga kiritilmadi. Ukrainaga Turkiya uchuvchisiz uchar qurilmalaria yetkazib berildi. Ayni paytda, Turkiya g‘arbning sanksiyalariga qo‘shilmadi. Rossiyaning S-300 va S-400 harbiy komplekslariga buyurtma berib, Vashingtonning jahlini chiqardi.

Bir so‘z bilan aytganda, “dunyo geosiyosatida eng ziddiyatli o‘yinchi kim?” degan savol qo‘yilsa, bemalol, Turkiya deb javob berish mumkin. Dunyoda asta-sekinlik bilan ko‘p qutblilik shakllanib boryapti. Vashington, 1990-2000 yillardagi kabi dunyo geosiyosatining mutlaq g‘olibi va nazoratchisi emas. Erdo‘g‘an esa, kollektiv g‘arb inqirozining yorqin ramzlaridan biri hisoblanadi. Erdo‘g‘anga qadar, Turkiya g‘arb jamoasining eng ishonchli ishtirokchilaridan edi. Bugun vaziyat ancha chigal.

Turkiyadagi saylovlar O‘zbekiston uchun nimalarni ko‘rsatadi? Turkiya saylov tizimi – nisbatan erkin va haqqoniy. Turkiyada hokimiyatda qolish uchun, saylov byulletenlarini soxtalashtirish emas, xalq ovozini olish – asosiy o‘yin qoidasi. Ayni paytda, Turkiya, avtoritar davlat. U yerda muxolifat bor, kuchli. Lekin turk jamiyatining siyosiy madaniyati shundayki, u manipulyatsiya qilinishi qiyin emas. Hokimiyatni tiyib, nazorat qilib turuvchi institutlar ancha zaif. Shunday bo‘lsa-da, Turkiyaning nuqsonli demokratiyasi – Markaziy Osiyo davlatlari uchun – katta orzu.

Keyingi ikki oy ichida, Erdo‘g‘an vaziyatni o‘z foydasiga o‘zgartirish imkoniyatiga ega. Turkiya hokimiyatiga kim kelmasin, rasmiy Anqaraning Markaziy Osiyo bilan, turkiy davlatlar bilan aloqalari ijobiy bo‘lib qolaveradi.

Erdo‘g‘an qoladigan bo‘lsa, dunyoda geosiyosiy plyuralizm yutgan bo‘ladi, Rossiya va Xitoy yutgan bo‘ladi, agar boshqa odam kelsa – Turkiya demokratiyasi yutgan bo‘ladi, Ukraina yutgan bo‘ladi, kollektiv g‘arb yutgan bo‘ladi. Lekin, kim kelsa ham, bu O‘zbekiston uchun katta yutqazish bo‘lmaydi. Chunki o‘zaro aloqalardan ikki taraf ham juda manfaatdor.


Kamoliddin Rabbimov,

siyosiy tahlilchi


arenda kvartira tashkent
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo