“Arsenal”ga qarshi kechgan bahsda Abduqodir Husanovning jarohat olishi nafaqat o‘zbekistonlik futbol muxlislarini, balki “Manchester Siti”ning butun dunyoga tarqalgan ishqibozlarini ham tashvishga soldi.
Angliya futboli va jahon ommaviy axborot vositalari Husanov atrofidagi vaziyatni diqqat bilan kuzatib kelmoqda. Yevropa nashrlari uning joriy mavsumdagi o‘yinlariga yuqori baho bermoqda.
Yevropa nashrlarining Husanovning joriy mavsumdagi o‘yinlariga berayotgan munosabatlarini o‘quvchilar e’tiboriga havola etamiz.
Adam Marrett, esteemedkompany.com sayti eksperti:
“Oxirgi uchta bahsda Husanov o‘ng qanot himoyachisi sifatida asosiy tarkibda maydonga tushdi. Uning tezligi, jismoniy kuch-quvvati va to‘pga o‘z vaqtida tashlanishi bu pozitsiya uchun asosiy da’vogarga aylantirdi. Afsuski, ‘Emireyts’ stadionidagi to‘qnashuvda u jarohat oldi va hozir barcha uning tezroq safga qaytishini kutmoqda.
Birinchi bo‘limda Abduqodirning o‘yini alohida e’tiborga sazovor bo‘ldi. U raqib hujumchisi Leandro Trossarni deyarli to‘liq nazorat ostida ushlab turdi. Husanov tezligi va himoyalanish mahorati bilan ajralib turdi. Trossar tezkorlik bilan oldinga harakatlangan paytlarda ham Abduqodir o‘z vaqtida javob qaytarib, to‘pni musodara qilgan vaziyat muxlislar muhokamasiga sabab bo‘ldi.
Biroq, birinchi bo‘lim oxirida Gabrielning xavfli harakati oqibatida Husanov shikastlandi va tanaffusgacha o‘ynagan futbolchi o‘rnini Mateush Nuneshga bo‘shatdi.
Xosep Gvardiola uning jarohati jiddiy emasligini umid bilan ta’kidlamoqda. Chunki Husanov qisqa vaqt ichida jamoaning asosiy o‘ng qanot himoyachisiga aylandi. Himoyalanish borasida u Riko Lyuis va Nuneshdan ustun kelmoqda. Uning tezligi esa “Siti” himoya chizig‘idagi eng muhim omilga aylanib ulgurdi”.
Hozircha Husanov qancha vaqt maydondan tashqarida qolishi aniq emas. Ammo hamma uning tiklanish jarayoni tez kechishini kutmoqda.
Darren Luni, manchestercity.news sayti eksperti:
“Qishki transfer oynasida ‘Lans’dan kelgan Abduqodir Husanov Xosep Gvardiola rejalarida alohida o‘rin egalladi. Uning 33,8 million funt sterlinglik transferi hozirdanoq o‘zini oqlayapti.
Husanov yangi mavsumni ajoyib boshladi. Premer-ligada ‘Manchester Yunayted’ va ‘Arsenal’, YECHLda esa ‘Napoli’ga qarshi o‘yinlarda o‘ng qanot himoyasidagi harakatlari bilan katta taassurot qoldirdi.
Gvardiola uning universalligi — markaziy himoyachi bo‘lishiga qaramay, o‘ng qanotda ham muvaffaqiyatli o‘ynashi jamoa uchun katta yutuq ekanini ta’kidladi. Pepni uning barqaror o‘yini, diqqatni jamlay olishi va intiluvchanligi juda qoniqtirmoqda.
Husanovning universalligi uni turli taktik sxemalarda qo‘llash imkonini beradi. Ilgari Jon Stounz kabi futbolchilarda ham bunday holat kuzatilgan. Ammo Husanovning o‘yini ko‘pchilikka ilgarigi Kayl Uokerning eng kuchli davrini eslatmoqda.
Uning jismoniy ko‘rsatkichlari, ayniqsa tezligi, unga kelajakda asosiy tarkibda muntazam o‘ynash imkonini taqdim etadi. Abduqodirda “Manchester Siti”ning eng muvaffaqiyatli futbolchilaridan biriga aylanish uchun barcha imkoniyatlar bor. Bu esa, avvalo, uning o‘z mehnati va salohiyatini rivojlantirishiga bog‘liq bo‘ladi”.
Shu tariqa, Husanovning jarohati jamoa uchun katta yo‘qotish bo‘lsa-da, undan kutilgan umidlar ham shunchalik yuqori. Muxlislar esa uning tez orada safga qaytib, yana ko‘zga ko‘ringan o‘yinlar ko‘rsatishini sabr bilan kutmoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!