![Xalifa Horun Ar-Rashidning mardikor o‘g‘li](/uploads/posts/2023-04/230407101703.jpg)
Abdulloh ibn Faraj aytadi: “Bir kuni menga mardikor kerak bo‘lib, bozorga bordim. Ko‘zim bozor chetida jun kiyim kiygan, oldida savat va belkurak turgan rangpar yigitga tushdi. Men undan:
– Ishlaysanmi? – deb so‘radim.
– Ha!
– Qanchaga?
– Bir dirham va bir tanga.
– Yaxshi. Men bilan yur.
– Mayli, faqat bitta shartim bor!
– Qanaqa ekan?
– Muazzin azon aytsa, men tahorat qilib, masjidda jamoat bilan namoz o‘qib kelaman. Shom namoziga azon aytilsa ham shunday qilaman.
– Kelishdik.
U men bilan birga uyimga keldi, kamarini mahkam bog‘lab, indamay ishga kirishdi. Asr namoziga azon aytilguncha ishladi. Yigit: «Ey Abdulloh, azon aytildi», dedi. Men javob berdim: «sening haqing, boraver». Masjidga bordi, namoz o‘qidi, qaytib kelgach yana ishga kirishdi va shomga azon chaqirilguncha tinmay mehnat qildi. Azon aytilgach, yigit yana masjidga yo‘l oldi. Qaytib kelgach, ishini tugatdi. Men unga haqini berdim va u ketdi.
Bir necha kundan keyin bizga yana usta kerak bo‘lib qoldi. Ayolim ishining puxtaligi bizga yoqqanligi uchun yana o‘sha ustani olib kelishimni aytdi. Men bozorga borib uni qidira boshladim, lekin topolmadim. Men u haqida so‘raganimda, uni bilganlar yigitning faqat shanba kuni kelib, bozorning chekkasida yolg‘iz turishini aytishdi. Men ishni shanbagacha qoldirib, nihoyat uni topdim. Va yana:
– Ishga borasanmi? – deb so‘radim.
– Ha, siz ish haqim va shartlarimni bilasiz, – dedi.
U men bilan uyimga bordi, o‘z ishini ko‘ngildagidek bajardi. Men uning ishiga pul to‘laganimda, kelishilganidan ko‘proq berishga qaror qildim, biroq u rozi bo‘lmadi. Mening qaysarligimdan u g‘azablanib, kelishilgan pulni ham olmasdan yo‘lga tushdi. Noiloj ortidan ergashdim.
Yana bir qancha muddat o‘tib, usta kerak bo‘ldi. Men yana mardikorlar oldiga bordim. Biroq shanba kuni bo‘lsa-da u ko‘rinmas edi. Menga uning kasal ekanligini aytishdi.
Uning yashash joyini bilib oldim. Borsam uy egasi bir kampir ekan. Undan: «yosh usta shu yerda yashaydimi?» deb so‘radim. Kampir yigitning bir necha kundan beri tobi yo‘qligini aytdi. Men uning yoniga kirsam u o‘rinda yotgan ekan. Boshida yostiq o‘rnida bir g‘isht qo‘yilgan edi. Men salom berib so‘radim:
– Senga biror narsada yordam bera olamanmi?
– Ha, agar rozi bo‘lsangiz.
– Insha Alloh, roziman.
– Men o‘lsam, bu belkurakni soting, jubba va ko‘ylagimni yuving, meni ularga o‘rang, cho‘ntagimda bir uzuk topasiz. Uni olib xalifa Horun ar-Rashid kelayotgan yo‘l bo‘yida turing. Sizga yaqinlashganda unga o‘sha uzukni ko‘rsating, shunda u sizni o‘ziga chaqiradi. Uning oldiga borganingizda, uzukni bering. Ammo bularning barchasi mening dafn marosimimdan keyin sodir bo‘lishi kerak.
Men uning iltimosini qabul qildim. U olamdan o‘tgandan keyin hamma aytganlarini qildim va Horun ar-Rashid ko‘chaga chiqishini kutdim. Xalifa yo‘ldan o‘tayotganda men unga: «Ey mo‘minlar hukmdori, senga bir narsam bor», deb nido qildim va uzukni silkita boshladim. U unga ergashishni buyurdi va biz uning saroyiga bordik. U barcha ishlarini bir chetga surib, so‘radi:
– Sen kimsan?
– Men Abdulloh ibn Farajman.
– Bu uzukni qayerdan olding?
Men unga uzuk voqeasini aytib berdim, xalifa shunday yig‘lay boshladiki, hatto unga rahmim ham keldi. Men so‘radim:
– Ey mo‘minlar hukmdori, bu yigit sizga kim edi?
– U mening o‘g‘lim!
– U bu ahvolga qanday tushib qoldi?
Xalifa dedi:
– U men xalifa bo‘lishimdan oldin tug‘ilgan. Men uni yaxshi tarbiyaladim, Qur’on va islom ilmlarini o‘rgatdim. Menga xalifalik hukmronligi ishonib topshirilganida, u meni tark etdi va dunyo boyligimdan birortasini ham qabul qilmadi. Men bu qimmatbaho uzukni onasi orqali unga berib, muhtoj bo‘lsganida uni sotib ishlatishini aytdim. U onasiga juda yaxshi munosabatda bo‘lib, sovg‘ani qabul qildi. Lekin uning onasi olamdan o‘tdi va sen aytmaguncha men undan boshqa xabarim yo‘q edi.
Kech kirgach, xalifa bilan birga chiqib, o‘g‘lining qabriga bordik. U yerda xalifa o‘tirib, ho‘ng-ho‘ng yig‘ladi. Tong otgandan keyin u uyiga qaytdi. Xalifa o‘g‘lining qabrini birga ziyorat qilish uchun yana uning huzuriga yana kelishimni iltimos qildi. Kechasi uning oldiga keldim, birga qabristonga bordik, keyin u o‘z saroyiga qaytdi.
Jamoliddin Abul Faraj ibnul Javziyning
(vafoti hijriy 597 yil) «Uyun al-hikoyat» kitobidan.
Manba: Azon.uz
“Zamin” yangiliklarini “Telegram”da kuzatib boring ![arenda kvartira tashkent](/uploads/d5fb3f5cdf_bisyor_banner_1000x100.webp)
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar