06:00 / 26.04.2023
1 442

Rossiya mag‘lubiyatni ko‘tara olmaydi

Rossiya mag‘lubiyatni ko‘tara olmaydi
Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirganiga 14 oy bo‘lib qoldi. Uch kun ichida urushni yakunlab, g‘alaba paradi o‘tkazish niyati bilan kelgan rus harbiylari bir yildan beri urush qilmoqda.
 
Har ikki tomondan ham mislsiz yo‘qotishlarga sabab bo‘layotgan ushbu urushni to‘xtatishga chaqiriqlar deyarli barcha minbarlardan yangramoqda. Hatto Rim Papasi ham urushni shu bugungi ahvolda to‘xtatishga chaqirdi. Ammo Kiyev bunga rozi bo‘lmasligini qayta-qayta ta’kidlamoqda. Hozirgi sharoitda 20 foiz hududi Rossiyaning qo‘lida qolib ketishi Ukraina uchun ochiq mag‘lubiyatni bildiradi. Yaqinda Ukrainada o‘tkazilgan ijtimoiy so‘rovda ukrainlarning 80 foizga yaqini toki ruslar okkupatsiya qilgan barcha ukrain yerlari qaytib olinmagunicha vatanlarini himoya qilishda davom etishlarini bildirgan.
 
Shunday bo‘lsada, rasmiy Kiyev Qrimdan boshqa barcha hududlardan rus askarlari chiqib ketsa, muzokaralar stoliga o‘tirishini bildirgan. Hatto qon to‘kilishini to‘xtatish uchun Qrim masalasini vaqtincha “muzlatib” qo‘yishga rozi bo‘lgandi bir paytlar.
 
Lekin Rossiya elitasi bunga rozi bo‘lmayapti. Avvaliga butun Ukrainani bosib olishni niyat qilgan rus elitasi endi “yulib olishga” ulgurgan ukrain hududlari changalida qolishni istayapti. Garchi Rossiya iqtisodiyoti urushdagi yo‘qotishlar va xalqaro hamjamiyat sanksiyalari ostida ancha quvvatsizlangan bo‘lsada, rus elitasi bu niyatidan qaytgani yo‘q.
 
-  Vaziyat bundan ham og‘irlashishi kutilmoqda, deydi ko‘rsatuv eksperti, siyosatshunos Hamid Sodiq. - Aholi urushdan charchagan, ruhiy motivatsiya yo‘q, yoshlar va ziyoli qatlam tezroq Rossiyani tark etish istagi bilan yashamoqda. Shunga qaramasdan, Rossiya urushni davom ettirish istagida sobit. Chunki elita mag‘lubiyatni kechirmaydi. Hatto rus xalqi ham kechirmaydi. Ular “g‘alaba” qozonish yo‘lida hatto ocharchilikka, kambag‘allikka, butun dunyodan izolyatsiyada yashashga, repressiyalar va totalitar tuzumga ham rozi. Lekin mag‘lubiyatni aslo ko‘tara olmaydi. Harbiylar ham bu mag‘lubiyat uchun Putinni kechirmaydi. Shu bois Putin hech qachon ortga qaytmaydi. O‘z maqsadiga erishish uchun bor narsasini urushga safarbar qiladi.
 
Lekin hozircha Rossiya bu urushda ochiqdan-ochiq yutqizyapti. Chunki Putin rejimi o‘z oldiga qo‘ygan maqsadlarning hech biriga erishmadi.
 
Avvalo, Putin aytgan demilitarizatsiya amalga oshmadi. Aksincha, Ukrainaga berilayotgan qurollar soni va turi ko‘paydi, Ukraina zamonaviy G‘arb qurollari bilan qurollandi. Ukrain askarlarining professional mahoratlar va tajribasi oshib bormoqda.
 
Shuningdek, denatsifikatsiya ham amalga oshmadi. Chunki Ukrainada natsiyatlarning o‘zi yo‘q ekan. Bu reja ham barbod bo‘ldi.
 
Bundan tashqari, NATOni Rossiya chegaralaridan uzoqlatish rejasi qo‘yilgandi. Urush aks ta’sir qildi. Yarim asrdan beri Rossiyadan cho‘chib, neytral pozitsiyada kelayotgan Finlyandiya NATOning 31-a’zosiga aylandi. NATO va Rossiyaning umumiy chegaralari 2 barobarga oshdi. Avval 1215 kilometr bo‘lsa, hozir 2555 kilometrga yetdi.
 
(Umuman olganda, Putin Rossiya hokimiyati tepasiga kelgan 1999 yilda bu chegara 210 kilometr edi. Putinning hukmronligi davridagi yana bir “yutug‘i” – bu chegarani 12 baravarga oshirdi)
 
Qolaversa, avval 300 ming kishilik mobilizatsiya e’lon qilingan bo‘lsa, endi 400 ming kishini armiyaga chaqirish uchun tayyorgarlik boshlangan. Bu Rossiya armiyasida yo‘qotishlar o‘ta yuqoriligini anglatadi, dedi siyosatshunos Hamid Sodiq.
 
Siyosatshunos Hamid Sodiq, shuningdek, Rossiyada o‘lim jazosining tiklanishi xalq ahvolining og‘irlashayotganidan darak berishini aytdi. Nega deysizmi? Unda “Fikrat” tahliliy ko‘rsatuvining ushbu sonini youtube.com tarmog‘ida tomosha qiling.
 
Abulfayz Sayidasqarov tayyorladi.

arenda kvartira tashkent
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo