20:20 / 26.04.2023
418

Xitoy elchisining bayonoti: bu nimani anglatadi?

Xitoy elchisining bayonoti: bu nimani anglatadi?
Xitoy Xalq Respublikasining Fransiyadagi elchisi Lu Shay 23 aprel kuni fransuz telekanallaridan biri bo‘lmish LCI jurnalistlariga katta intervyu bergan. Intervyu shu zahoti sensatsiya bo‘lib ketdi. Elchi Lu Shay salkam bir soatlik intervyusida ko‘plab masalalarga munosabat bildirgan.
 
Uning eng muhim fikrlari, Qrim statusi va postsovet davlatlariga tegishli bo‘ldi. Elchining aytishicha, Qrim – tarixan Rossiyaning hududi bo‘lgan, va sobiq SSSR davrida Xrushchev tomonidan Ukraina tasarrufiga o‘tkazilgan. Jurnalistlarning: “xalqaro huquqqa ko‘ra, Qrim Ukrainaning yeri-ku?!” degan savoliga, elchi: “Qrim tarixan Rossiyani bo‘lgan” deb javob berdi.
 
Yangi mustaqil davlatlarning suvereniteti haqida esa “xalqaro huquqqa ko‘ra, postsovet davlatlarining samarali suvereniteti mavjud emas” degan. Bu bilan, XXR elchisi, sobiq SSSRning tarqalishini de-yure noqonuniy bo‘lgan dedi. Bu ikkala qarash ham, to‘liq siyosiy va geosiyosiy mazmunga ega.
 
Nima uchun elchi Lu Shayning ushbu bayonotlari halqaro mojarolarga sabab bo‘ldi? Buning bir qancha sabablari bor.
 
Birinchidan, elchi – juda yuqori rangdagi diplomat. Diplomatlar har bir so‘zni, fikrni chuqur o‘ylab gapirishga o‘rgangan mutaxassislar bo‘lishadi. Oddiy siyosatchilardan farqli, diplomatlarda xato gapirib qo‘yish yeki ehtirosga berilish juda kam uchraydi.
 
Ikkinchidan, elchilarning ham salohiyati bir-biridan farq qiladi. Misol uchun, kichik yeki o‘rta miqyosdagi davlatlarga yuborilgan elchilardan ko‘ra, katta va qudratli davlatlarga jo‘natilgan elchilarning siyosiy vazni, albatta, katta bo‘ladi. Misol uchun, Xitoyning Armanistondagi elchisi bilan ushbu davlatning Amerika yoki Fransiyadagi elchisi o‘rtasida, siyosiy vazn jihatdan, farqi bor.
 
Uchinchi va eng asosiy omil, bu – Xitoyning global ahamiyati. Xitoy Xalq Respublikasi – bugunning o‘zida dunyoning ikkinchi qudrati, ikkinchi iqtisod, ikkinchi harbiy qudrat. Yaqin o‘n yilliklarda esa, barcha sohalarda birinchilikka o‘tishi kutilayotgan qudrat. 1,4 milliardlik Xitoy aholisining qashshoqlikdan o‘rta sinfga o‘tayotgani, misli ko‘rilmagan iqtisodiy tez o‘sishi, dunyo hamjamiyatini hayratlantiradi, qo‘rqitadi.
 
21-asrning eng muhim savollari ham quyidagilardir: “Dunyoning eng birinchi qudratiga aylangan XXR dunyoga nima taklif qiladi?”, “Rasmiy Pekin xalqaro huquqni tan oladimi, dunyo davlatlarining suvereniteti, hududiy yaxlitligini hurmat qiladimi? Yoki kuch va bosimlarga asoslangan yangi o‘yin qoidasini oldinga suradimi?”
 
Xitoy elchisining bayonoti Rossiya propagandasi tomonidan juda iliq kutib olindi. Rossiya telekanallari “Lu Shay hammasini juda to‘g‘ri gapirdi” deb, olqishladi.
 
Xalqaro darajada mojaro boshlangach, XXR Tashqi ishlar vazirligi elchi Lu Shay bayonotlariga yumshoq shaklda raddiya berdi. Lekin elchini chaqirib olmadi. Elchining maqsadi esa, aslida, o‘zgarishga moyil bo‘lgan Xitoy pozitsiyasini dunyo hamjamiyatiga bildirish va reaksiyalarni kuzatish bo‘lishi mumkin.
 
Elchi Lu Shayning bayonoti, ko‘plab davlatlarni sarosimaga soldi. Ukraina, Latviya, Litva, Estoniya XXR elchilarini chaqirib, sharh so‘rashdi, Pekinga nota jo‘natishdi. Yevropa Ittifoqi esa elchining bayonotini tanqid qildi. Lekin, hozircha Markaziy Osiyo davlatlari jim. Bu – noto‘g‘ri holat. Markaziy Osiyo davlatlarini, RF va XXR o‘rtasida shakllanayotgan global sheriklik, balki ittifoqchilik – jiddiy xavotirga solishi kerak.
 
Tarixan bizni – mintaqa xalqlari va davlatlarini mustamlaka qilgan, erkimizni va davlatchiligimizni yo‘qotgan davlatlar – aynan mana shu davlatlar hisoblanadi. Vaziyat murakkab, chunki aynan mana shu ikki davlat – mintaqaning birinchi va ikkinchi savdo-iqtisodiy hamkorlari. O‘zaro bog‘liqlik juda kuchli.
 
Lekin, mintaqa davlatlarining oldida turgan tarixiy vazifa ham shunday iboratki, iqtisodiy o‘sish va siyosiy mustaqillik, farovonlik va o‘zlik o‘rtasida ziddiyatlarga imkon bermaslik, muvozanat saqlash va milliy mustaqillik uchun strategik choralar ko‘rish imkonini kuchaytirib borish kerak bo‘ladi.
 
Kamoliddin Rabbimov,
siyosatshunos

arenda kvartira tashkent
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo