Marokashda bedarak yo‘qolgan ikkinchi amerikalik harbiy xizmatchining jasadi topildi

Marokash janubida o‘tkazilgan qidiruv ishlari davomida bedarak yo‘qolgan ikkinchi amerikalik harbiy xizmatchining jasadi topildi. Hodisa “Afrika sheri” qo‘shma harbiy mashqlari vaqtida sodir bo‘lgani aytilmoqda.
Bu haqda mahalliy Le12 agentligi Marokash qurolli kuchlari tarqatgan rasmiy bayonotga tayanib xabar berdi. Ma’lum qilinishicha, qidiruv-qutqaruv operatsiyasi mamlakatning janubi-g‘arbida joylashgan Kap Draa hududida olib borilgan.
Rasmiy ma’lumotga ko‘ra, operatsiyada Marokash armiyasining maxsus quruqlik va dengiz bo‘linmalari ishtirok etgan. Qidiruv ishlari amerikalik hamkorlar bilan muvofiqlashtirilgan holda amalga oshirilgani qayd etilgan.
Marhum harbiyning shaxsi va unvoni hozircha ochiqlanmagan. Avvalroq Marokash armiyasi birinchi amerikalik askarning jasadi ham topilganini ma’lum qilgan edi.
Pentagon ma’lumotiga ko‘ra, birinchi halok bo‘lgan harbiy 4-havo mudofaasi polki 5-bataloni tarkibida xizmat qilgan katta leytenant Kendrik Lamont Key kichik bo‘lgan. U havo mudofaasi bo‘linmasida vzvod qo‘mondoni sifatida faoliyat yuritgan.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!