21:49 / 08.05.2023
324

Ukraina G‘alaba bayramini Yevropadagi kabi 8 mayga ko‘chirmoqchi

Ukraina G‘alaba bayramini Yevropadagi kabi 8 mayga ko‘chirmoqchi
Foto: Ukraina prezidenti matbuot xizmati
Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy Oliy Radaga yangi qonun loyihasini kiritdi. Unga ko‘ra, 8 may «Xotira va G‘alaba kuni», Rossiyada «G‘alaba kuni» sifatida nishonlanadigan 9 may esa «Yevropa kuni» deb e’lon qilinishi mumkin. Parlament allaqachon hujjatni tezlashtirilgan rejimda qabul qilishga tayyorligini bildirgan.
 
Ukraina rahbari 8 may kuni Ikkinchi jahon urushida natsizm ustidan qozonilgan g‘alaba kuni munosabati bilan nutq so‘zladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, «eski yovuzlik» qaytdi, Rossiya uni xuddi natsistlar kabi bir maqsadda – qullik va qirg‘inni ko‘zlagan holda qaytardi. Ammo ular muvaffaqiyatga erisha olmaydi, deb ishontirdi Zelenskiy.
 
«Biz davlatimizga mafkuraviy ta’sirlarsiz, sof tarixni qaytaryapmiz. Aynan 8 may kuni dunyo xalqlarining aksariyati fashistlar ustidan qozonilgan g‘alabaning buyukligini eslaydi. Bugun men tegishli farmonni imzoladim va har yili, ertadan boshlab, 9 may kuni tarixiy birligimizni nishonlaymiz – natsizmni yo‘q qilgan va rashizmni yengadigan barcha yevropaliklarning birligini nishonlaymiz», dedi Ukraina prezidenti.
 
G‘arb davlatlari Ikkinchi jahon urushida fashistlar Germaniyasi ustidan qozonilgan g‘alabani 8 may kuni nishonlaydi: Germaniyaning so‘zsiz taslim bo‘lishi 1945 yil 8 may kuni mahalliy vaqt bilan soat 23:01 da kuchga kirgan, Moskvada esa bu rasman 9 may kuni edi.
 
Rossiyadan tashqari, 9 may G‘alaba kunini MDH ayrim davlatlari, shuningdek, Serbiya va Isroil ham nishonlaydi.
 
Oliy Rada allaqachon qonun loyihasini tezkor qabul qilish mumkinligiga ishora qilgan. Hukmron «Xalq xizmatkori» partiyasining parlamentdagi fraksiyasi rahbari David Araxamiya qonun loyihasi tezkorlik bilan qabul qilinishiga ishontirdi.
 
«Biz Oliy Radada prezident tomonidan kiritilgan qonun loyihasini qabul qilishni tezlashtirish va bu tarixiy lahzani huquqiy jihatdan mustahkamlash ustida ishlayapmiz», deb yozdi u ijtimoiy tarmoqda.
 
Rada birinchi vitse-spikeri Oleksandr Korniyenkoning so‘zlariga ko‘ra, hujjat «hech qanday maxsus muhokamalar va o‘zgartirishlarsiz» qabul qilinishi mumkin.
Kiyevda 2011 yilgi g‘alaba kuni bayrami. Foto: AFP (Arxiv foto)
Ukrainadagi BBC muxbiri Svyatoslav Xomenko G‘alaba kunining ko‘chirilishi va Yevropa kuni ukrainaliklar uchun nimani anglatishini tushuntirdi.
 
«Vatandoshlarimning ma’lum va sezilarli qismi bugungacha may oyining uchinchi dam olish kunida nishonlanib kelinayotgan «Yevropa kuni» deb nomlangan bayram mavjudligidan bexabarligini aytishdan qo‘rqmayman. Shu kunlarda yirik shaharlarning markaziy ko‘chalarida Yevropa Ittifoqi va unga a’zo davlatlar bayroqlari tushirilgan chodirlar paydo bo‘ldi. Ular buklet va varaqalar tarqatishdi, ushbu mamlakatlar musiqasi yangradi. Kechqurun – tantanali tadbirlar. Ukrainaning Yevropa sari borayotgani haqidagi rasmiylarning nutqlari...
 
O‘ylaymanki, oddiy ukrainaliklar uchun Yevropa kuni o‘rmon ishchilari kuniga o‘xshash narsa edi. U kimga tegishli bo‘lsa, o‘sha odam nishonlaydi. Bu diplomatlar, deputatlar va tashqi siyosat ekspertlaridan boshqa kimga tegishli? Ularning soni oz edi: 2021 yil holatiga ko‘ra, Ukraina aholisining to‘rtdan bir qismi o‘zini u yoki bu darajada Yevropa tarafdori deb hisoblaydi.
 
Bu yil Ukraina birinchi marta Yevropa kunini butun Yevropa bilan birgalikda 9 may kuni nishonlaydi. 1950 yilning aynan shu kuni Fransiya tashqi ishlar vaziri Rober Shuman deklaratsiyasi qabul qilingan bo‘lib, u Yevropa Ittifoqini tashkil etishning konseptual asosini qo‘ygan deb hisoblanadi.
 
Ammo shu kuni Kiyevdagi «Maydon»da rang-barang chodirlar paydo bo‘lishi dargumon: bu joyni tankka qarshi «tipratikanlar» egallagan. Kechki konsertlar ham bo‘lmaydi: ularning o‘rniga kiyevliklar rus «Shahed»larini urib tushirgan pulemyotlar ovozini eshitishi mumkin. Yevropa integratsiyasi haqidagi balandparvoz nutqlar o‘z ma’nosini yo‘qotdi va bu faqat Ukraina o‘tgan yili Yevropa Ittifoqiga a’zolikka nomzod sifatida rasmiy maqomini olgani uchun emas. O‘nlab yillar davomida Ukraina yelkasiga og‘irlik qilib kelgan Sharq va G‘arb o‘rtasida tanlov amalga oshirildi.
 
Bugungi kunda ukrainaliklarning yarmidan ko‘pi o‘zini Yevropa bilan bog‘liq deb hisoblaydi. Mamlakat aholisining deyarli 90 foizi Yevropa Ittifoqiga qo‘shilish tarafdori. Yevropa esa nafaqat so‘zda, balki amalda ham – tanklar, zenit qurilmalari, havo mudofaa tizimlari bilan Ukrainaga Rossiyaning halokatli bosqinidan qutulishga yordam bermoqda.
 
Ikkinchi jahon urushidagi G‘alaba kunini 9 maydan 8 mayga ko‘chirish Ukraina tomonidan ham xuddi shunday tanlovning bir qismidir. Ehtimol, o‘n yildan ko‘proq vaqt oldin, Ukraina va Rossiyada ushbu bayramni qanday nishonlash bo‘yicha farqlar paydo bo‘lgan edi. Bu ukrainaliklar uchun ko‘plab qurbonlar xotirasiga bag‘ishlangan motam kuni, «Endi hech qachon» shiori ostida o‘tkaziladigan tadbir edi. Ammo qo‘shni mamlakatda «Biz takrorlashimiz mumkin» shiori ostidagi «g‘alabaparastlar» marosimiga aylandi. Bu ukrainaliklar uchun hayratlanarli edi.
 
Ukrainaning 8 may kuni yevropacha «G‘alaba kuni»ni tanlashi nafaqat tarixiy haqiqatga hurmat (fashistlar Germaniyasining taslim bo‘lish akti haqiqatan ham Kiyev vaqti bilan 8 mayda imzolangan). Bu, shuningdek, ukrainaliklar «maxsus harbiy operatsiya» tarafdorlarining militaristik kursi bilan bir yo‘lda emasligi haqidagi bayonotdir.
 
Va bu yil oddiy ukrainaliklar, ehtimol, o‘z davlatining bayramlari taqvimidagi o‘zgarishlarni sezmaydi. Axir, bugungi kunda bu bayram tantanali nishonlash haqida emas, balki ramzlar va Ukrainaning tanlovi haqida.

arenda kvartira tashkent
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo