![Turkiyadagi saylovlar: Erdog‘anning so‘nggi “yurishi”](/uploads/posts/2023-05/230514174506.jpg)
Bugun Turkiya uchun o‘ta hayajonli kun. Navbatdagi Prezidentlik va parlament saylovlari, turkiyaliklarning e’tirof etishicha, har qachongidan ham muhim. Darhaqiqat, turklarning bugungi tanlovi faqatgina Turkiya uchun emas, balki Yaqin va O‘rta Sharq, katta ehtimol, dunyodagi geosiyosiy jarayonlar uchun ham katta ahamiyatga ega, desak, mubolag‘a bo‘lmaydi. Ijtimoiy tarmoqlarning o‘zbek segmentida ham bu borada fikr-mulohazalar, tortishuvlar avjiga chiqyapti.
Biz ham ushbu muhim jarayonga guvoh bo‘lish va ko‘rganlarimni Sizlar bilan o‘rtoqlashish uchun o‘zim yashab turgan Istanbul shahrining Fotih tumani Riyoziyochi Solih Zakiy nomli boshlang‘ich maktabda tashkil etilgan saylov uchastkasiga bordim.
E’tiborimni tortgan ilk jihat odamlarning erta tongdan faollik bilan saylovda ishtirok etish uchun shoshilishi bo‘ldi. Odatda turklar yakshanba kuni tushlik vaqtigacha ko‘chaga chiqmaydi. Maktabdagi har bir xonada uzundan uzoq navbatlar hosil bo‘lgan. Yosh bolali ayollar va nogironlar navbatsiz qo‘yib yuborilmoqda. Garchi saylovoldi jarayonda odamlar bir biri bilan qattiq tortishishlariga ko‘p guvoh bo‘lsak-da, kecha soat 18.00 da boshlangan “sukunat vaqti” tufaylimi yoki boshqa sababi bormi, har qalay saylov jarayonlari ajib bir sokinlik ila davom etmoqda.
Ovoz berish joyiga videoregistrator yoki mobil telefon, fotoapparat yoki kinokamera kabi aloqa vositalari bilan kirish taqiqlangan. Saylovchilarga halal bermaslik va yo ta’sir o‘tkazmaslik jihatidan hatto matbuot vakillari faoliyatiga ham ma’lum cheklovlar qo‘yilgan.
Rasmiy xabarlarga ko‘ra, Turkiya bo‘ylab 973 tumanda 1094 ta okrug saylov okrugida 191 ming 884 quti tashkil etildi. Saylovlarda ishtirok etish huquqiga ega 60 million 697 ming 843 nafar kishi ro‘yxatga olingan.
Saylovda ishtirok etish uchun nogironlar, kasallik yoki keksalik tufayli yurishga qiynaladigan kishilar kelayotganini ko‘rib hayajonga tushadi odam. Fuqarolik burchi degan jumla bir qarashda siyqaga, “qizil gap”ga o‘xshaydi, ammo qardoshlarimiz uchun saylov hayot mamot masalasi ekaniga shubha yo‘q. Mahalliy matbuotda xabar qilishinicha, Rizo va Trabzon viloyatlarida ikki kishi saylovga ishtirok uchun kelib, yurak hurujidan vafot etgan. Darhaqiqat, Turkiyada saylovlar o‘ta hissiyotlarga boy ravishda kechar ekan.
Saylovni tinch o‘tkazib olish maqsadida bir qator taqiqlar joriy qilingan
Bugun soat 06:00 dan 24:00 gacha spirtli ichimliklarni sotish taqiqlanadi. Hatto spirtli ichimliklari mavjud kafe va restoranlar ham shu cheklov asosida ish ko‘rishga majbur. Bundan tashqari, qahvaxonalar va internet-kafelar kabi barcha ommaviy ko‘ngilochar maskanlar yopiq bo‘ladi. Politsiya xodimlaridan tashqari hech kim qurol olib yurishi mumkin emas. Agar kimdir shunday qoidalarni buzsa, uch oydan olti oygacha ozodlikdan mahrum etiladi.
Saylov uchastkalari yopilgunga qadar targ‘ibot-tashviqotga ega yangiliklar va ko‘rsatuvlar bo‘lmaydi. Bugun Adiyaman viloyatida egniga amaldagi prezidentning rasmi tushirilgan ayol saylov uchastkasiga qo‘yilmagan.
Erdog‘anning so‘nggi “yurishi”
Darvoqe, kecha kechki payt Rajab Toyyib Erdog‘an Istanbuldagi Ayo Sofiya masjidiga keldi. Shom va xufton namozlarini jamoat bilan birga ado etgan davlat rahbari Baqara surasining ilk besh oyatini tilovat qildi. U bilan uchrashish uchun kelganlar masjidga sig‘may qoldi.
Erdog‘an jamoatga xitob qilib: "Sizlarning mana shunday birligingiz bardavom bo‘lsin. Butun islom olami Turkiyada sodir bo‘layotgan voqealarni kuzatib bormoqda. Dushmanlarimiz esa buning aksini xohlaydi. Robbimiz ularga imkon bermasin! Hammamiz birgalikda Qur’onga yopishaylik, Allohning yo‘lini mahkam tutaylik, inshaalloh, Parvardigorimiz buning natijasini bizlarga lutf etajakdir...” dedi.
Saylov oldidan barcha viloyat va shaharlarda mitinglar tashkil etgan Erdog‘anning bu so‘nggi “yurishi”da ramziy ma’nolar bor, albatta. Birinchidan, Ayo Sofiya masjidi JXP iqtidorda ekanida muzeyga aylantirilgan va aynan Erdog‘anning boshqaruvi vaqtida (2020 yili) yana masjidga aylantirilgan edi. Ikkinchidan, mazkur ibodatgoh Istanbul fotihi Sulton Muhammad farmoni bilan masjidga aylantirilgan va fathning asosiy ramzi hisoblanadi. Uchinchidan va bizningcha eng asosiysi u turkiyalik musulmonlarni hayajonga solib, saylovda yanada faollik bilan ishtirok etishlariga sababchi bo‘lishni istagan bo‘lsa, ne ajab...
![](/uploads/posts/2023-05/230514174119.jpg)
Bugun soat 11.40 da Erdog‘an rafiqasi Amina xonim bilan Uskudor tumanidagi Soffat Chabiy nomli o‘rta maktabda tashkil etilgan saylov uchaskasiga ovoz berish uchun bordi. E’tiborlisi, prezident oilasi bilan birga hamma qatori navbatga turdi. O‘zidan oldingilar garchi o‘tkazib yuborishni aytsalar ham Erdog‘an unamadi. Eru xotin mas’ul nazoratchilarga el qatori pasportlarini uzatib, saylov kabinasiga ovoz berish uchun yo‘naldi.
Zilzila hududlarida saylov
Oliy saylov komissiyasi shu yil 6 fevral kuni zilzila sodir bo‘lgan 11 viloyatda ham kerakli shart sharoitlarni hozirladi. Avvallari saylov o‘tkazilgan maktablar vayron bo‘lgan yoki shikastlangani tufayli aksar uchastkalar hovlilarda yoki konteynerlarda tashkil etildi.
Bu galgi saylovda kasalligi yoki nogironligi sababli to‘shakka mixlanib qolgan saylovchilar uchun ham ko‘chma saylov qutilari yaratilgan. Bundan tashqari joriy saylovda ilk bor ko‘zi ojiz fuqarolar uchun maxsus blankalar ham tayyorlandi.
Oliy saylov komissiyasi bugun soat 21.00 ga qadar saylov natijalarini e’lon qilishi kutilmoqda.
Shov-shuvlar seriyasi
Saylov arafasida Mamlakat partiyasidan prezidentlikka nomzod Muharram Injaning chekinishi juda katta shov-shuvlarga sabab bo‘ldi. U o‘tgan saylovlarda muxolifatdagi partiya JXPdan prezidentlikka nomzod sifatida ko‘rsatilgan va ikki tur natijalariga ko‘ra Erdog‘anga yutqazgandi. Asli kasbi fizika muallimi bo‘lgan Inja keyinchalik JXPdan chiqib ketib, Mamlakat partiyasiga asos solgandi.
O‘zining izoh berishicha, uyushtirilgan bosimlar, tuhmatlar, shantajlarga chidash uchun Injaning kuchi qolmagan. Aytishlariga qaraganda, internetda Muharram Injaning yuzi montaj qilingan turli hayosiz videolar tarqatilgan. Bundan tashqari uning (Erdog‘an boshliq) hukumatdan katta miqdordagi pora olgani haqida iddaolar qilinmoqda.
Shunday gap-so‘zlarga nuqta qo‘yish uchun va katta ehtimol saylovda yutqazishini bilganidan ikki kun qolganda u chekinishni ma’qul ko‘rdi.
“Ertaga (Erdog‘anga) yutqazib qo‘yishsa, (JXP boshliq muxolifat) meni ovozlarni ayirganlikda malomatlab, bor aybni menga ag‘darmasliklari uchun men o‘z nomzodimni qaytarib olishga qaror qildim”, dedi Muharram Inja.
Kamol Qilichdoro‘g‘li Injaga uyushtirilgan shantaj va bosimlar ortida Rossiya turganini iddao etdi. Biroq Kreml matbuot kotibi Dmitriy Peskov esa bunday iddao asossiz ekanini aytib bayonot berdi.
Prezident Erdog‘anning fikricha, mazkur qilmishlar ostida FЕTOchilar (Fathulloh Gulen terror guruhi)ning “imzosi” bor. E’tiborlisi, garchi ashaddiy raqib bo‘lsalar-da, Erdog‘an Injaga qo‘ng‘iroq qilib, undan hol-ahvol so‘radi va unga ezgu tilaklarini bildirdi.
Yana bir shov-shuv esa Konya viloyatida sodir bo‘ldi. Kuni kecha JXPning Darbant tumani raisiga tegishli mashinadan 41 ta soxta byulleten topilgan. Ularning barchasida muxolifat nomzodi Kamol Qilichdaro‘g‘li belgilandi. Taxminlarga ko‘ra, saylovlarda mag‘lubiyatga uchralgan taqdirda ushbu soxta byulletenlarni axlat qutisiga tashlab yuborib, keyin esa uni “topvolib”, “Mana Qilichdoro‘g‘liga berilgan “ovoz”lar axlatga tashlab yuborildi”, deb saylov natijalariga ishonchsizlik tug‘dirish bo‘lgan. Hozirda unga va tayyor byulletenlarni chop etgan bosmaxona javobgarlikka tortildi.
Dunyodan aks-sadolar
Turkiyadagi saylovlarning Yaqin va O‘rta Sharq, shuningdek, musulmon va turk olami uchun ahamiyati katta ekanini ta’kidladik. Buning sabablari ko‘pchilikka ma’lum. Eng katta sabablaridan biri, bu – Turkiyaning amaldagi rahbari avvalgi izdoshlari kabi G‘arb va amerikaning nag‘malariga uchmay, mamlakatni o‘z prinsiplari asosida boshqarishi, harbiy sanoatni o‘ta kuchaytirib yuborgani, turkiy xalqlarni birlashtirgani va muxolifatning esa bularning barchasiga qarshi chiqayotganidir. Shuning uchun G‘arb va AQSH hukumatlari Kamol Qilichdoro‘g‘li nomzodini ochiqdan-ochiq qo‘llab-quvvatlamoqda. Quyida keltirilgan iqtiboslarni o‘qib, bunga yana bir karra amin bo‘lishingiz mumkin.
Isroilning Jerusalem Post gazetasi shunday yozmoqda:
Erdog‘an boshchiligida Anqara mustaqil tashqi siyosat yuritishi kerak, deb hisoblaydi va buni hokimiyat tepasida turib amalga oshirishni uddaladi. Parchalangan muxolifat tuzilmasi nomzodi bo‘lgan Qilichdaro‘g‘li Turkiya uchun yanada mo‘tadil va yangi yo‘l tutishi mumkin. G‘arb davlatlari saylov natijalarini katta sabrsizlik bilan kutmoqda”.
Britaniyalik jurnalist va tahlilchi, Middle East Eye jurnali bosh muharriri Devid Xirstning fikriga ko‘ra, "G‘arb ommaviy axborot vositalari hayratda qoladi, chunki Qilichdoro‘g‘lining demokratiyasi ostida juda nodemokratik va irqchilik ildizlari yashirilgan".
Turkiya bilan yuz yillardan beri urush holatida bo‘lgan greklar esa qo‘shnilarining harbiy jihatdan kuchayib ketganidan xavotirda kun kechirmoqda. Hatto ular Erdog‘anni o‘ldirishga qotil yolllashga ham tayyor...
"Agar Erdog‘an hokimiyatda qolsa, uni saylovdan keyin darhol otib tashlash kerak", dedi gretsiyalik jurnalistlardan biri.
“100 yil avval – xalifalik qulaganidan beri G‘arb birinchi marta Turkiyadagi saylovlarga G‘arb va Islom o‘rtasidagi urush sifatida qaramoqda”, - deydi Al-Jazira siyosiy sharhlovchisi Ahmad Mansur.
Ijtimoiy tarmoqlarning o‘zbek sigmentida ham muhokamalar qizg‘in davom etmoqda. Kimdir Erdog‘anning saylanishi musulmonlar uchun xayrli ekanini aytib duo qilsa, boshqa birov uni (Erdog‘anni) diktatorlikda ayblaydi. Menimcha, hech bir davlatdagi saylovlar yurtdoshlarimizni bunchalik tortishuvlarga suqmagan edi, hatto O‘zbekistondagi siyosiy jarayonlar ham. Ana shundan ham bilib olsak bo‘ladi Turkiyadagi saylovning ahamiyatini.
Biz esa odatdagidek so‘nggi so‘zni qardoshlarimizning o‘ziga qoldiramiz, zero ular kimni saylashni o‘zlari yaxshi bilishadi.
Abdulaziz Muborak,
Azon.uz'ning Turkiyadagi muxbiri
“Zamin” yangiliklarini “Telegram”da kuzatib boring ![arenda kvartira tashkent](/uploads/d5fb3f5cdf_bisyor_banner_1000x100.webp)
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar