
Xitoydagi yirik neftni qayta ishlash zavodlari Rossiyadan neft importining bir qismini to‘xtatish haqida qaror qabul qildi. Bu haqda xalqaro iqtisodiy agentlik Bloomberg ma’lumot berdi.
Manbaga ko‘ra, nafaqat davlatga tegishli, balki xususiy kompaniyalar ham “Rosneft” va “Lukoyl” bilan hamkorlik qilishdan vaqtincha voz kechmoqda. Buning asosiy sababi — AQSH va G‘arb davlatlari tomonidan joriy qilinishi mumkin bo‘lgan ikkilamchi sanksiyalar xavfidir.
Ma’lum qilinishicha, rad etishlar asosan ESPO markasidagi Sibir nefti importiga ta’sir ko‘rsatmoqda. Maslahatchi kompaniya Rystad Energy AS hisob-kitobiga ko‘ra, cheklovlar natijasida Rossiyadan Xitoyga eksport hajmi kuniga taxminan 400 ming barrelga, ya’ni umumiy yetkazib berishning qariyb 45 foiziga kamaygan.
Avvalroq “Rosneft” va “Lukoyl” AQSH sanksiyalar ro‘yxatiga kiritilganidan keyin Xitoyning yirik davlat kompaniyalari Rossiya neftini dengiz orqali xarid qilishni to‘xtatgani haqida ham xabar berilgan edi.
Iqtisodchilar fikricha, bu qaror Xitoyning xalqaro bozordagi nufuzini saqlab qolish va sanksiya xavfidan qochishga qaratilgan ehtiyotkorlik siyosati bilan bog‘liq. Shu bilan birga, mamlakat nafaqat Rossiya bilan, balki Yaqin Sharq va Afrika davlatlari bilan ham energiya hamkorligini kengaytirish yo‘lida harakat qilmoqda.
Ekspertlar bu holat Rossiya neftining narxiga ham ta’sir ko‘rsatishi mumkinligini ta’kidlamoqda, chunki Xitoy bugungi kunda Moskva uchun eng yirik eksport bozorlaridan biri hisoblanadi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!