date

Putin 97 yoshgacha prezident bo‘lib qolishni rejalashtirmoqda

Putin 97 yoshgacha prezident bo‘lib qolishni rejalashtirmoqda

Rossiya prezidenti Vladimir Putin 2050-yilgacha hokimiyatda qolish niyatida ekani haqida yangi ma’lumotlar tarqaldi. Bu haqda britan nashri Daily Star surishtiruvchi jurnalist Ilya Davlyatchinga tayanib xabar berdi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, 73 yoshli Putin Iosif Stalindan keyin Kremlni eng uzoq boshqargan rahbar sifatida tarixga kirgan va hokimiyatni yana kamida 25-yil saqlab qolishni rejalashtirayotgani aytilmoqda. Uning rejasiga ko‘ra, 97 yoshga yetganida mamlakat boshqaruvini o‘g‘li Ivanga topshirishi mumkin. Ivan hozir 10 yoshda, 2050-yilda esa 35 yoshga to‘ladi — aynan shu yoshda u siyosiy sahnaga chiqishi ehtimol qilinmoqda.

Eslatib o‘tish joiz, 2020-yilda Rossiya konstitutsiyasiga kiritilgan o‘zgarishlar Putinning prezidentlik muddatlarini “nolga tenglashtirish” imkonini berdi. Bu esa unga 2036-yilgacha rasman hokimiyatda qolish huquqini taqdim etadi.

Putin hozirning o‘zida hukmronlik davomiyligi bo‘yicha bir qator tarixiy liderlarni ortda qoldirgan: Pinochet (17-yil), Kim Chen Ir (17-yil), Mussolini va Suxarto (20-yil), shuningdek, Ruminiya rahbari Nikolaye Chaushesku (24-yil). Agar u yana ikki muddat faoliyat yuritsa, Fransisko Franko va Antonio di Salazar kabi 36-yil hukmronlik qilgan diktatorlarni ham ortda qoldirishi mumkin.

Jurnalist Davlyatchining ta’kidlashicha, Putinning bu niyati uni zamonaviy tarixdagi eng uzoq hukmronlik qilgan siyosiy arboblar qatoriga kiritadi. Agar u haqiqatdan ham 2050-yilgacha hokimiyatda qolsa, Muammar Kaddafiy (42-yil), Kim Ir Sen (46-yil) va Fidel Kastro (49-yil) ko‘rsatkichlaridan ham oshib ketadi.

Shunday bo‘lsa, Putin Rossiya tarixidagi Ivan Grozniydan keyingi eng uzoq hukmronlik qilgan rahbarga aylanadi. Ma’lumki, Ivan Grozniy taxtda 50-yil davomida bo‘lgan.

Ayni paytda Kreml hokimiyati rasmiy izoh berishdan tiyilgan bo‘lsa-da, siyosatshunoslar bu ma’lumotni Putinning yangi siyosiy strategiyasi haqidagi ishora sifatida baholamoqda.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Putin 97 yoshgacha prezident bo‘lib qolishni rejalashtirmoqda