
Bahrayn mezbonlik qilgan III Osiyo yoshlar o‘yinlarida O‘zbekiston delegatsiyasi mamlakat sharafini munosib himoya qildi. 22–31-oktyabr kunlari bo‘lib o‘tgan musobaqalarda yosh sportchilarimiz 37 ta oltin, 16 ta kumush va 28 ta bronza medalini qo‘lga kiritib, umumjamoa hisobida ikkinchi o‘rinni egalladi.
Bu natija nafaqat raqam, balki mamlakat sport salohiyatining o‘sib borayotganidan dalolatdir. Bugun O‘zbekiston Milliy Olimpiya qo‘mitasi binosida tantanali taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi. Unda musobaqada shohsupaga ko‘tarilgan sportchilar va ularning murabbiylariga davlat tomonidan belgilangan bir martalik pul mukofotlari topshirildi.
Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining sport bo‘yicha maxsus vakili Odil Abduraxmanov, Sport vazirligi rahbariyati, MOQ mutasaddilari, g‘olib va sovrindor sportchilar hamda ularning ota-onalari ishtirok etdi.
Odil Abduraxmanov o‘z so‘zida yosh sportchilarni tabriklab, ularning mehnatsevarligi va irodasi mamlakat uchun faxr ekanini ta’kidladi:
“Sizlar — kelajak chempionlarisiz. Mamlakat bayrog‘ini xalqaro arenalarda baland ko‘tarish — har bir sportchining orzusi. Bu muvaffaqiyatlar ortida fidoyilik, intizom va ustozlar mehnati yotadi”, — dedi u.
Marosim davomida tantanali ravishda Osiyo Olimpiya kengashi bayrog‘i ko‘tarildi. Ushbu ramziy harakat shuni anglatadiki, kelgusi Osiyo yoshlar o‘yinlariga aynan O‘zbekiston mezbonlik qiladi. Bayroq Milliy Olimpiya qo‘mitasi binosida o‘rnatilib, mamlakatimiz uchun yangi tarixiy bosqich boshlandi.
Yosh sportchilarimiz ichida ayniqsa gimnastika, suzish, boks, kurash va yengil atletika bo‘yicha ishtirok etganlar katta yutuqlarga erishishdi. Sport mutaxassislariga ko‘ra, bu natija keyingi Olimpiya sikllarida katta sportga tayyorlanish yo‘lida muhim omil bo‘ladi.
Murabbiylar va federatsiyalar rahbarlari ta’kidlashicha, keyingi maqsad — yoshlar o‘yinlarida erishilgan natijalarni kattalar o‘rtasidagi musobaqalarda ham takrorlash, yosh sportchilarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash va ular uchun zamonaviy sharoitlar yaratishdan iborat.
Shu tariqa, Bahrayndagi yoshlar o‘yinlari nafaqat g‘alabalar bilan, balki O‘zbekiston sportining kelajagi uchun yangi motivatsiya va ishonch bilan yakunlandi. Muxlislar esa yosh chempionlarimizning keyingi musobaqalarda ham bayrog‘imizni baland ko‘tarishlariga ishonmoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!