12:30 / 18.05.2023
704

Rossiya davri tugab, Xitoy asri boshlanmoqdami? — ekspertlar

Rossiya davri tugab, Xitoy asri boshlanmoqdami? — ekspertlar
Joriy yilning 18—19 may kunlari Xitoy-Markaziy Osiyo sammiti bo‘lib o‘tadi. Mazkur anjumandan kutilayotgan natijalar, mintaqada va dunyoda yuzaga kelayotgan geosiyosiy xatarlar hamda ularga qarshi choralar haqida ekspertlar ishtirokidagi suhbatni e’tiboringizga havola etamiz.
 
— Ayrim xitoylik siyosatchilar bo‘lajak sammitga olamshumul voqea deb ta’rif berishga ham ulgurishibdi. Qudratli davlatlar o‘z tomoniga tobora ko‘proq ittifoqchilarni og‘dirishga urinayotgan bir davrda bu Xitoyning o‘zi uchun ehtimol olamshumul voqeadir, lekin biz va qo‘shnilarimiz uchun sammit iqtisodiy va siyosiy nuqtai nazardan qanchalik muhim?
 
— “Sammit qanchalik olamshumul ahamiyatga ega bo‘lishini albatta, vaqt ko‘rsatadi. Chunki Markaziy Osiyo plyus formatlari oz emas, MO+Rossiya, MO+AQSH, MO+Yaponiya kabi formatlar mavjud. Xitoy ishtirokidagi format ham muhim sanaladi. Davlat rahbarlari ishtirokidagi uchrashuvlarda ham nafaqat iqtisodiy, balki xavfsizlik masalasi, Xitoyning xavfsizlik borasidagi o‘rni masalasi ham muhokamalar markazida bo‘lib kelmoqda”, — deydi siyosatshunos Sanjar Saidov.
 
— Biz Xitoyni qanchalik bilamiz? Xitoyshunos mutaxassislarimiz yetarlimi? Hozirgi tendensiyalarni hisobga olgan holda, iqtisodiy, siyosiy, harbiy jihatdan chuqur tahlil qila oladigan ekspertlarni ko‘paytirish kerak emasmi?
 
— “Bu juda muhim savol, sababi yaqin o‘n yillikda Xitoy bilan bog‘liq ko‘plab holatlar yuzaga keladi. Huquqlarimiz, demokratik qadriyatlarimiz bir xil bo‘lishi mumkin, lekin resurslarimiz har xil, mentalitetlarimiz turli xil. Ko‘pchilik ekspertlar Xitoy asri kirib kelmoqda degan fikrni bildirishadi. Ilmiy-texnikaviy, ilmiy-pedagogik sohada yoki boshqa sohalarda Xitoy bilan birlashmaydigan nuqtalarimiz mavjud.
 
Bu Xitoyni o‘rganayotgan, uni ilmiy tahlil qilayotgan xitoyshunos mutaxassislarimiz kamligi bilan izohlanadi. Ilmiy-texnikaviy, savdo-iqtisodiy sohalarni tahlil qiladigan Aql markazlarini yaratishni taklif qilgan bo‘lar edim. Bizning shunga ehtiyojimiz bor. Yaqin o‘n yillikda Xitoy iqtisodiyoti yangicha tus oladi, ya’ni “Xitoy asri” kirib keladi, buni e’tiborga olish lozim”, — iqtisod fanlari doktori, professor Muhiddin Kalonov.
 
— “Kelajak Xitoyniki degan fikrlar tobora baralla yangramoqda. Germaniya matbuotida “Xitoy ekspressi” degan fikr o‘rtaga tashlandi, ya’ni Xitoy tezkor ekspressga o‘xshatilyapti, unga ulgurib chiqqan chiqdi, qolgan odam qolib ketadi degan yondashuvlar ham bor. Lekin Xitoyning o‘zida ham juda og‘riqli muammolar ko‘p: Tayvan muammosi, Shinjon-Uyg‘ur, Tibet muammosi, Osiyoda katta kuchga ega bo‘lgan Hindiston bilan chegaralardagi ixtilofli masalalar Xitoyning iqtisodiga ta’sir o‘tkazmasdan qolmaydi, buni ham e’tiborga olish kerak.
 
Geosiyosiy kuchlar buni diqqat markazida tutgan holda, o‘sha og‘riqli nuqtalarni qachon bosishni ham bilishadi. Markaziy Osiyo bunday jarayonlarga ham tayyor turish kerak. Buning uchun nima qilishimiz kerak? Ham iqtisodimizni, ham savdo munosabatlarimizni, ham geosiyosiy aloqalarimizni diversifikatsiya qilib borishimiz lozim. Bitta davlatga, bitta kuchga orientir qilmasdan turli siyosiy kuchlar, davlatlar, mintaqalar bilan kooperatsiya aloqalarimizni kuchaytirishda davom etishimiz lozim”, — Sanjar Saidov.
 
— “Umuman olganda, biz bugun 'Xitoylashuv' masalasiga jiddiy e’tibor qaratishimiz kerak. Mamlakatimizga Xitoy mentalitetining kirib kelishi, odob-axloq normalarining yoshlarimizga ta’sir o‘tkazishi – bu ommaviy madaniyat ko‘rinishida bo‘ladimi yo boshqa shakldami – yo‘l qo‘yishimiz kerak emas.
 
Bugungi kunda nafaqat Markaziy Osiyo, deylik Rossiyaning ayrim o‘lkalarida Xitoy aholisining keskin ko‘payishi kuzatilyapti, Milliy qadriyatlarimiz, milliy mafkuramizni, diniy qadriyatlarimizni ham hisobga olgan holda, o‘ziga xos immunitet hosil qilsak, maqsadga muvofiq bo‘lar edi”, — Muhiddin Kalonov.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Rossiya davri tugab, Xitoy asri boshlanmoqdami? — ekspertlar