
Angliya Premer Ligasining 10-turi doirasida “Manchester Siti” o‘z maydonida “Bornmut” jamoasini qabul qildi. “Etihad” stadionida bo‘lib o‘tgan ushbu bahsda Xosep Gvardiola shogirdlari muxlislarini yana bir ishonchli g‘alaba bilan xursand etdi, deb xabar berdi Sky Sports.
O‘yin boshidanoq mezbonlar tashabbusni qo‘lga oldi. Norvegiyalik hujumchi Erling Holand o‘zining joyda to‘g‘ri turish va vaziyatdan foydalanish mahoratini yana bir bor namoyish etdi. U 17 va 33-daqiqalarda ikki bor raqib darvozasini ishg‘ol qilib, dubl qayd etdi. Har ikki golda Sherki aniq paslari bilan assistentlik qildi.
Biroq mehmonlar ham javobsiz qolmadi. 25-daqiqada “Bornmut” futbolchisi Adams jamoasi uchun yagona golni urdi. Shu gol mehmonlarga umid uyg‘otgan bo‘lsa-da, “Siti”ning ustunligi shubhasiz edi.
Ikkinchi bo‘limda “shaharliklar” ustunligini mustahkamlashni davom ettirdi. 60-daqiqada O’Rayli raqib darvozasining yaqin burchagiga gol urib, hisobni 3:1 ko‘rinishiga olib keldi. Shu tariqa “Manchester Siti” navbatdagi ishonchli g‘alabasini qo‘lga kiritdi.
Manchester Siti — Bornmut 3:1
Gollar: Holand (17, 33), O’Rayli (60) — Adams (25).
Manchester Siti — Donnarumma, Nunesh, Diash, Gvardiol, O‘Rayli, Niko, Silva (Rodri, 90), Foden (Ait-Nuri, 90), Sherki (Reynders, 73), Dok-u (Savinio, 73), Holand (Marmush, 82).
Bornmut — Petrovich, Ximenes (Kuk, 62), Senesi, Diakite, Truffer, Adams (Doak, 80), Skott (Kristi, 73), Bruks (Klyuyvert, 62), Taverniye, Semenyo, Krupi (Evanilson, 62).
Ogohlantirishlar: Donnarumma (26), Foden (45+2), Truffer (65), Klyuyvert (87).
Ushbu natijadan so‘ng Gvardiola jamoasi ochkolarini 19 taga yetkazdi va turnir jadvalida 2-o‘ringa ko‘tarildi. “Bornmut” esa 18 ochko bilan 4-pog‘onaga tushib ketdi. Bu natija jamoalarning keyingi turlardagi maqsadlariga jiddiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin.
Gvardiola o‘yindan so‘ng shunday fikr bildirdi: “Biz juda muhim g‘alabaga erishdik. Holand va jamoa juda yaxshi harakat qildi. Hozirda jadvaldagi har bir ochko katta ahamiyatga ega. Mavsum uzoq, lekin biz barqarorlikni saqlashimiz kerak”.
Shu bilan birga, “Siti” muxlislari Holandning har qaysi jamoa to‘sqinligini yo‘qqa chiqara olishini yana bir bor ko‘rishdi. U nafaqat ikki bor gol urdi, balki jamoaviy o‘yinda ham faol ishtirok etdi. Sherki va Fodenning hamkorligi ham o‘yinga dinamika qo‘shdi.
“Bornmut” esa butun o‘yin davomida qarshi hujumlar orqali xavf yaratishga urindi, ammo “Siti”ning muvozanatli himoyasi va tezkor o‘tishlari ularning rejalarini buzdi.
Muxlislar uchun bu g‘alaba yana bir ishonch signali bo‘ldi — “Siti” qaytadan o‘z an’anaviy uslubiga qaytmoqda va chempionlik yo‘lida asosiy da’vogarlardan biri ekanligini ko‘rsatmoqda.
APL 10-turidan keyin “Manchester Siti”ning navbatdagi bahsi Yevropa Chempionlar Ligasi doirasida bo‘lib o‘tadi. Bu jamoa uchun yangi sinov — ammo shubha yo‘qki, ular bu sinovga tayyor.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!