
Aktrisa Feruza Normatova 15 oktyabr kuni xorazmlik 23 yoshli MMA jangchisi Olloyor Abdushukurov bilan turmush qurgandi. U Instagram'dagi obunachilari bergan savollarga javob berib, hayotidagi og‘ir sinovlar, turmush o‘rtog‘i bilan tanishuvi va mahr haqida ochiq gapirdi.
Aynan shu inson sizniki ekanini qaysi ishi yoki xislatidan bilib oldingiz, degan savolga Feruza shunday javob berdi:
“Haj safaridamdan qaytgach, birin-ketin qiyinchiliklar boshimga keldi. Shu darajada og‘riqli holatlarni boshdan kechirdimki, hatto yashashga bo‘lgan umidim ham yo‘qoldi. Allohdan faqat o‘limni yoki hayotimni o‘zgartiruvchi bir insonni yuborishini so‘radim”, — deydi aktrisa.
Feruzaning so‘zlariga ko‘ra, ikki oy ichida hayoti keskin o‘zgargan: u kelajakdagi turmush o‘rtog‘i bilan tanishgan. “Bu inson haqiqatan men uchunmi yoki yo‘qmi deb ko‘p bor istihora va hojat namozlarini o‘qidim. Har safar unga bo‘lgan muhabbatim ortib bordi. Hammasi juda tez ro‘y berdi. Men ishonaman, uni Alloh menga yuborgan. Inson adashadi, lekin Alloh hech qachon adashmaydi”, — deb yozadi aktrisa o‘z sahifasida.
