date

Krishtianu Ronaldu ehtiros va mehr bilan yashamoqda

Krishtianu Ronaldu ehtiros va mehr bilan yashamoqda

Saudiya Arabistonida o‘tkazilgan Pro-liga 7-turidan o‘rin olgan bahsda “An Nasr” jamoasi “Al Fayha” ustidan 2:1 hisobida g‘alaba qozondi. Mazkur o‘yinda portugaliyalik yulduz va jamoa sardori Krishtianu Ronaldu yana bir bor o‘z "klass"ini namoyon etdi — u jamoasi uchun dubl qayd etdi, deb xabar berdi UOL.

40 yoshni qarshi olgan futbolchi uchrashuvdan so‘ng muxlislar bilan bo‘lishgan fikrlarida futbolga bo‘lgan mehri va uzoq yillik ishtiyoqini ta’kidladi. “Bu men uchun ham, jamoam uchun ham g‘alabali kecha bo‘ldi. Men ikki bor darvozani ishg‘ol etdim, ammo eng muhimi – jamoaviy yutuq. Men har doim aytaman: sportda uzoq umrga faqat ehtiros va mehr bilan erishiladi”, — dedi Ronaldu.

Uning so‘zlariga ko‘ra, futbol faqat kasb emas, balki hayot tarziga aylangan. “Gol ursam ham, urmasam ham bu mening hayotimning bir qismi. 22-yildan beri shu yo‘ldaman, shu muhitda yashayapman. Shuning uchun oyoqlarim yurguncha, kuchim yetib turganicha maydonda bo‘laman”, — deya qo‘shimcha qildi yulduz.

Ushbu so‘zlar Ronalduning faqat rekordlar emas, balki futbolga bo‘lgan tuyg‘usi va sadoqati bilan ham dunyodagi millionlab muxlislar qalbini zabt etganini yana bir bor isbotladi. Uning harakatlari yosh avlod uchun ham namuna bo‘lib qolmoqda — intizom, mehnat va sevgi orqali ulkan natijalarga erishish mumkinligini ko‘rsatmoqda.

Jamoa ham sardorining tajribasi va yetakchiligi orqali yanada jips harakat qilmoqda. “An Nasr”ning bu mavsumdagi maqsadi — chempionlik uchun so‘nggi damgacha kurashish. Ronalduning har bir o‘yindagi ishtiroki esa jamoaga ishonch va ruhiy kuch bag‘ishlamoqda.

Ma’lumotlarga ko‘ra, Krishtianu Ronaldu joriy mavsumda Pro-ligada 7 ta o‘yinda ishtirok etib, 8 ta gol urgan. U nafaqat to‘purarlar orasida yetakchilardan biri, balki yoshi katta bo‘lishiga qaramasdan, har bir uchrashuvda yuqori harakat va kuchli motivatsiya namoyon etmoqda.

Muxlislar esa portugaliyalik yulduzning har bir golidan keyingi his-tuyg‘ularini ko‘rishni yaxshi ko‘radi. U har safar maydondagi har bir lahzani so‘nggi martagiday his qiladi.

Krishtianu Ronalduning “futbol — hayotim” degan so‘zlari bugun jahon futboli tarixidagi eng samimiy iqrorlardan biri bo‘lib yangradi. Bu gaplardan keyin shubha yo‘q — Ronaldu uchun futbol nafaqat kasb, balki yurakdan chiqqan muhabbatdir.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Krishtianu Ronaldu ehtiros va mehr bilan yashamoqda