date
views 625

Xoja Ahrori Valiy, Ali Qushchi, Amir Temurlarning Istanbulga qanday aloqasi bor?

Xoja Ahrori Valiy, Ali Qushchi, Amir Temurlarning Istanbulga qanday aloqasi bor?

Har yili 29 may kuni turkiyaliklar tarafidan Istanbulning fath etilgani tantanali nishonlanadi. Hozirgina Istanbul shahar hokimi Akrom Imomo‘g‘li ijtimoiy tarmoq orqali o‘z tarafdorlariga murojaat qilib, saylov natijalaridan tushkunlikka tushmay, astoydil bo‘lishni, kelgusi saylovlarda yaxshiroq ishtirok etishni tiladi. Ma’lumki u Kamol Qilichdoro‘g‘lining partiyadoshi va hammaslagi sanaladi. Imomo‘g‘li alohida ta’kidlab aytdiki, bugun Maltepa mavzesida Istanbul fathining 570 yilligiga bag‘ishlangan katta tadbir bo‘lib o‘tadi.

Bugungi go‘zal va maftunkor Istanbul bilan 1453 yilgi Konstantinopol orasida katta farq bor, albatta. Eng asosiy farq shundaki, o‘sha davrdagi shahar bugungi Istanbulning Fotih tumani o‘rnida bo‘lgan, xolos. Shuning uchun ham shaharning tarixiy obidalari: Ayo Sofiya, Sulaymoniya, Fotih va boshqa katta jome’lar, To‘pqopi saroyi, vizantiyaliklardan qolgan boshqa asori atiqalar asosan shu yerda joylashgan. Davrlar o‘tib, shahar qariyb o‘ttiz barobar kengaydi, qancha suvlar oqdi, qancha dolg‘alar ko‘rdi bu dunyo, ammo Istanbul o‘sha-o‘sha jozibador va maftunkorligi yo‘qotgani yo‘q.

Keling, bugungi sana  bahona ushbu ko‘hna va navqiron shaharning tarixiga nazar solaylik.

***

Sharqiy Rum imperiyasining tom ma’nodagi qalbi sanalgan Qustantiniya (Konstantinopol) Fotih Sulton Muhammad g‘oziy tomonidan 1453 yilda fath etilguniga qadar ham bir necha bor musulmon amirlari, sarkardalari tomonidan ham qo‘lga kiritishga harakatlar bo‘lgan. Buning o‘ziga xos sababi bor. Bu ham bo‘lsa, hazrati payg‘ambarimiz tomonidan ushbu shahar fotihi va uning askarlarini maqtab aytgan bashoratlaridir.

Hidoyat.uz saytida shunday keltiriladi: Payg‘ambar alayhissalom Istanbul fathi haqida bashorat qilib: «Qustantiniya, albatta, fath qilinadi. Uni fath qilgan qo‘mondon naqadar baxtli qo‘mondon, uni fath qilgan askarlar naqadar baxtli askarlardir», deganlar. Ana shunday sharafga ega bo‘lish har bir sahobaning orzusi edi.

Musulmonlar Konstantinopolni fath etish maqsadida ilk marta hijriy 48 yili (milodiy 668) kelganlar. Ushbu qo‘shin tarkibida 63 sahoba bo‘lgan. Abu Ayyub al-Ansoriy va Payg‘ambar alayhissalomning ko‘kaldoshi (emikdoshi)  Abu Shayba al-Hudriy jangda shahid bo‘lganlar.
Ayyub Ansoriyning vasiyatiga ko‘ra, u Konstantinopol devorlari ostiga dafn etilgan. Abu Shayba al-Hudriyning qabrlari esa Aya Sofiya va Sulton Ahmad masjidlari o‘rtasida, Hurram Sulton hammomi orqasida joylashgan.

Umumiy hisobda, Istanbulda sahobalarga oid 29 ta ziyoratgoh mavjud. Ammo ikkitasining haqiqiy qabri aniqlangan, xolos. Qolganlari esa maqomdir (ya’ni aynan shu yerga qo‘yilgani aniq emas).

Demak, Payg‘ambar sollallohu alayhi va sallam 632 yil boqiy dunyoga ko‘chgan bo‘lsalar, oradan bor-yo‘g‘i 36 yil o‘tib musulmonlar Konstantinopolga yetib kelganlar.

Usmoniylardan yetti hukmdor Konstantinopolni yetti marta qamal qildi va yettinchi sulton, yettinchi qamalda bu shaharni qo‘lga kiritdi. 

Yuqoridagi hadisda aytilgan martabaga erishish umidida ko‘plab sahobalar, hukmdorlar, amirlar, sarkardalar ushbu shaharni fath qilishga urinishgan. Bu haqda yosh va harakatchan ulamolarimizdan biri Nozimjon Hoshimjon shunday yozadi:

“Ilk bor Muoviya ibn Abu Sufyon roziyallohu anhu hijriy 44-sanada Qustantaniya fathiga urindilar, ammo maqsadga erisholmadilar. Bu buyuk sahobiyning davrlarida bu urinishlar bir necha bor amalga oshirildi.

Umaviylar davridagi eng muhim urinishlardan yana biri hijriy 98 yili Sulaymon ibn Abdulmalik davrida bo‘lib o‘tdi. Bunda ham murod hosil bo‘lmadi.

Abbosiylar hukmronligida Vizantiyaga qarshi ko‘plab harbiy harakatlar amalga oshirildi. Ana shunday yurishlar orasida Qustantaniya fathiga bo‘lgan urinish hijriy 190 yili Horun ar-Rashid tomonidan amalga oshirildi.

Keyinchalik Kichik Osiyoda bir necha islomiy davlatlar tashkil topdi. Ana shulardan biri Saljuqiylar davlatidir. Saljuqiylar davlatiga 1063-1072 yillar orasida hukmdorlik qilgan Alp Arslon bilan Vizantiya imperatori Roman IV Diogen o‘rtasida 1071 yilda katta jang bo‘lib o‘tadi. Jangda imperator yengilib, asir olinadi va zindonga tashlanadi. Shu hodisaning o‘zi Vizantiyaning katta qismi musulmonlar qo‘liga o‘tishiga sabab bo‘ladi.

Orada bir qancha vaqt Qustantaniyani fath qilishga urinish sustlashib qoldi.

O‘n uchinchi asrning oxirlariga kelib, Qustantaniyani fath qilish harakatlari yana boshlandi. 1393 yili Usmoniylar sultoni Boyazid Qustantaniyani qamal qildi. Shundan keyin u Vizantiya imperatori bilan shaharni tinch yo‘l bilan topshirish borasida muzokaralar olib borishni boshladi. Lekin imperator bu ishni paysalga solib, shaharni topshirishni cho‘zib, turli qarshiliklar qildi.

1451 yilda Ikkinchi Sulton Murod tomonidan Qustantaniya fathiga juda ko‘p bor harakatlar bo‘ldi, shahar qamal qilib turildi. Vizantiya imperatori tomonidan amalga oshirilgan fitnalar sababli bu safargi urinish ham muvaffaqiyatli yakunlanmadi. Shu yili Sulton Murod vafot etdi va taxtga uning o‘g‘li Sulton Muhammadxon Soniy o‘tirdi.

1453 yil 27 may...

Sulton Muhammad shaharga hujum qilish vaqti yaqinlashganini e’lon qildi va “Yo Usmoniylar davlati yiqiladi yoki Qustantaniya yiqiladi” shiorini barchaga eslatdi. O‘sha kuni musulmonlar ro‘za tutdilar. Shu kuni kechasi bilan barcha qo‘shin sulton boshchiligida o‘tlar yoqib, tuni bilan tahlil, takbir, tahmid va tasbeh aytib chiqdilar, duo va munojotga astoydil kirishdilar.

28 may...

Qo‘shin bu kunni ham kechagidek ro‘zador holda ibodat va duo bilan o‘tkazdi. Ulamolar va shayxlar saflar orasida yurib, askarlarga Qur’on oyatlaridan o‘qib berar edilar. Sulton ham o‘z qo‘shiniga yuqoridagi buyuk hadisni eslatib, uning hukmi ostiga kirish ulkan baxtligini anglatar, ularni shijoatlantirar, ko‘ngillarini ko‘tarar edi.

1453 yil 29 may...

Shu kuni musulmonlar qo‘shini 21 yoshli sulton Muhammad Soniy boshchiligida bomdod namozini o‘qigach, Qustantaniyaga hujumni boshlab, shaharni egallashga muvaffaq bo‘ldilar. Vizantiyaning o‘sha paytdagi imperatori Konstantin XI Paleoloog Dragash qamal paytida halok bo‘ldi.

 *** 

Aytgancha, Abu Ayyub al-Ansoriy roziyallohu anhuning qabrlari qanday topildi, axir oradan 800 yildan oshiqroq vaqt o‘tgan-ku?” degan haqli savol tug‘iladi. Rivoyatlarga ko‘ra, Fotih Sultonni fathga shijoatlantirib turgan ustozi Oq Shamsiddin hazratlari bir tush ko‘radilar. Tushlarida hozirgi maqbara joylashgan joydan osmonga nur taralayotgan ekan. Shu yerga kelib, ikki gaz qazishsa, bir marmar tosh chiqadi. Unga arab tilida “Bu yerga Xolid ibn Zayd madfundur” deb yozib qo‘yilgan ekan. Fotih Sulton hazratlari darhol qabr ustiga maqbara insho etadi, keyin masjid qurdiradi. Boshqa turli rivoyatlar ham juda ko‘p, ammo men o‘zim ishongan va qalbim tatmin topganini yozdim, xolos.

Darvoqe, turkiyalik taniqli tarixchi Ahmad Shimshirgilning yozishicha, Istanbulni Sohibqiron bobomiz fath etishi ham mumkin edi. Ammo...

“XIV  asr o‘rtalarida turklarning ixtiyoridan chiqqan Izmir va uning atrofidagi qal’alarni Sohibqiron 1402 yili 2 dekabr kuni qo‘lga kiritib, ularning boshqaruvini Oydino‘g‘illariga berdi.

Amir Temurning bundan keyingi rejasi Rum diyorlariga borish ekanligi anglashilayotgandi. Chunki Vizantiya imperatori Manuel Boyazidning asir olinishidan judayam mamnun bo‘lgan, lekin Temurning Rum diyorlariga borish uchun kema hozirlash haqidagi maktubi kelgach, xavotirga tushib qolgandi. Temurning Izmirni qo‘lga kiritganidan keyin, Istanbulga (o‘sha paytdagi Konstantinopol) qarab yurish qilishini oydinlashib qoladi.

Vizantiya imperatori Amir Temurga elchilar yuborib, do‘stligini izhor qilgan va xiroj to‘lashga tayyor ekanini bildirgandi. Amir Temur elchilarni qabul qilib, xiroj miqdorini belgilagan va ularga choponlar kiydirib, izzat-ikrom bilan kuzatib qo‘ygandi (Ahmad Shimshirgil. Amir Temur kitobi.

***

Usmoniylar Konstantinopolni fath etgach, yerlik aholiga zulm qilmaydi. Aksincha, ularga kengchilik beradi. Buni Sulton Fotih Muhammadning Istanbul fathidan keyingi farmonidan ham bilib olsa bo‘ladi. Rus olimi Ivan Starodubtsev "Rossiya - Turkiya: 500 yillik notinch qo‘shnichilik" kitobida ushbu farmonni keltirib o‘tgan.

“Bizkim, podishoh, Sulton Murotxon o‘g‘li Sulton Muhammadxon, yeru osmonni yaratgan Alloh nomi bilan, buyuk payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallam nomi bilan, ulug‘ kitobimiz nomi bilan. Qur’onga, otamiz xotirasiga, o‘g‘illarimiz nomiga, biz egarlagan otga, bel bog‘lagan qilichga qasam ichamiz!
Shaharning katolik ruhoniylari vakili tomonidan bizga yuborilgan elchixona so‘roviga ko‘ra, biz Galata aholisiga, bizga bo‘ysunuvchi barcha xalqlar kabi, o‘z urf-odatlarini erkin bajarishlari va diniy marosimlarni erkin bajarishlariga ruxsat beramiz.
Faqat Galata devorlari vayron bo‘ladi; lekin uylar, do‘konlar, bog‘lar, tegirmonlar, kemalar, do‘konlar va boshqa mulklar daxlsiz deb e’lon qilinadi. Mulk, avvalgidek, unga ega bo‘lgan oilalarga tegishli bo‘ladi, ular uni o‘zlari xohlagancha boshqarish huquqiga ega.
Galata aholisi bilan har qanday joyda savdo qilishga ruxsat berilgan. Biroq, bizga bo‘ysunadigan boshqa xalqlar singari, galatiyalik savdogarlar ham bundan buyon bizga soliq to‘lashga majbur bo‘ladilar.
Bugungi kunda kuchga kirgan ushbu qonun va qoidalar abadiy kuchga ega bo‘ladi. Biz o‘zimizni himoya qilganimizdek, aholini ham himoya qilamiz.
Bu hudud aholisi o‘z cherkovlarida xohlagancha ibodat qilishlari mumkin bo‘ladi, galatiyaliklarning cherkovlari Aya Sofiyadan tashqari masjidga aylantirilmaydi.
Biz Galata xalqining bolalarini yangisar qo‘shiniga xizmatga olmaymiz. E’tiqodimizni qabul qilishni istamaganlarni zo‘rlab musulmonlikka aylantirmaymiz. Biz so‘zni Galata xalqiga beramiz. Biz ularni qulimizga aylantirmaymiz.
Galata aholisining boshida ulardan biri bo‘ladi. Nizolarni hal qilish uchun o‘zlaridan birini tanlashlariga ruxsat bering. Ruhoniylar haqida yomon gap aytilmaydi.
Bu yerda ko‘rsatilgan tartibda soliq to‘laydigan va qonunlarga rioya qiladiganlar erkin hisoblanadilar."

Tarixchilarning aytishicha, u va undan keyin kelgan Usmoniylarning sultonlari ushbu ahdga sodiq qoladi. Hozirda Fotih tumanini kezar ekansiz, tarixiy masjidlar qatori ming yillik cherkov va senagogalari ham saqlanib qolganiga va hatto hozir ham faoliyat yuritayotganiga guvoh bo‘lasiz.
***
Eng quvonarlisi, Istanbulning fath etilishida bizning ota-bobolarimiz ham munosib hissa qo‘shgan ekan. Fotih masjidining qiblaga ters yurib chap tomonidagi darvozasidan chiqsangiz, kichik qabristonga duch kelasiz. Ali Qushchi nomli mahalla muxtorligi binosi pastida, ko‘p qavatli uylar orasida 20-25 qadar qabrlar bor. Ma’lumot peshlavhasida shunday yozilgan:

“Ushbu qabristonda 1453 yilgi Istanbul fathida ishtirok etgan baxtiyor askarlardan ekani ishoniladigan buxorolik yetti amir dafn etilgan. Fathga 500 yil bo‘lishi munosabati bilan olib borilgan o‘rganishlarga ko‘ra, bu yerga Sayyid Abdug‘ofir, Sayyid Abdurahmon, Sayyid Abdurahim, Sayyid G‘ofir, Sayyid Hamza, Sayyid Ukayl va Sayyid Abdulazizlarning qabri ekani aniqlangan”.

Kostantinopolning qo‘lga kiritilishida podshohlarning ustozi deb hurmatlanadigan avliyo bobomiz – Xoja Axrori Valiy hazratlarining ham munosib o‘rni bor ekan. Bu ma’lumotni menga taniqli yozuvchi akamiz Nabijon Boqiyning shaxsan o‘zlari aytib berdilar.
Konstantinopolni qamal qilib turgan Sulton Muhammad II ning boshi qotgan: shaharni qanday egallash mumkin?  Qamal kunlarining birida sulton tush ko‘radi, tushida bir ulamo zot unga Istanbul bo‘g‘ozidagi kemalarni quruqlik orqali Xalich qo‘ltig‘ining ichki tarafiga olib o‘tishni maslahat beradi. Hatto kemalarni o‘tkazish usulini hijjalab tushuntirib beradi, o‘rgatadi. Sulton ayni shu yo‘l bilan Istanbulni fath qilganini o‘qigansiz, yo eshitgansiz va yo filmlarda ko‘rgan bo‘lsangiz, ajab ermas.

Sulton o‘ziga yo‘l ko‘rsatgan bu nurli siymoni juda yaxshi eslab qoladi va yillar bo‘yi odamlar orasidan uni izlab yuradi. Yillar o‘tib, umrining oxirlarida Istanbulga bizning tuproqlardan ulamolar mehmon bo‘ladi. Haj safariga ketayotgandami, yoki boshqa sababmi... Ishqilib, Istanbulga borgan olimlar orasida Xoja Axrori Valiy hazratlarining o‘g‘illari ham bor edi (ismlarini topolmadim, afsus).

Bu kishiga ko‘zi tushgan Fotih Sulton beixtiyor o‘rnidan turib ketadi va oldilariga borib: “Tushimda ko‘rgan odam Sizsiz!” deydi. Keyin hammaga necha yillardan beri saqlab kelgan tushini aytib beradi. “Siz ta’riflayotgan odam men emas, balki padari buzrukvorim – Xoja Axrori Valiy bo‘ladilar”, deydi o‘g‘illari...

Sulton saltanat ishidan ortib Xoja Axrori Valiy hazratlarini ziyorat qila olganmi yo yo‘q, rosti bilmayman.

Istanbulliklarning eng sevimli ma’naviy maskanlaridan biri Ayub Sulton ziyoratgohida alloma bobomiz Mavlono Ali Qushchining ham qabri bor. U kishi Fotih Sulton Muhammadning iltimosiga ko‘ra Ayo Sofiya yonidagi eng katta madrasada bosh mudarris bo‘lib faoliyat yuritgan.

Xullas, Istanbulni biz bilan bog‘lab turgan rishtalar serob. Bu muazzam shaharga kelsangiz, bu yerdagi asori atiqalarga, ming yillik obidalarga maxliyo bo‘lish bilan birga, fotihlar, shahidlar qatori o‘zimizning ota-bobolarimiz haqiga ham ikki kalima duo qilishni unutmassiz degan umiddamiz.

Abdulaziz Muborak,
Azon.uz’ning Turkiyadagi maxsus muxbiri

Manba: Azon.uz

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Xoja Ahrori Valiy, Ali Qushchi, Amir Temurlarning Istanbulga qanday aloqasi bor?