13:27 / 07.06.2023
267

Kaxovka GES vayron qilinishi Ukraina armiyasining qarshi hujumiga to‘sqinlik qiladimi?

Kaxovka GES vayron qilinishi Ukraina armiyasining qarshi hujumiga to‘sqinlik qiladimi?

Ukrainaning Kaxovka gidroelektr stansiyasi (GES) butunlay suv ostida qoldi. Kiyev bayonotiga ko‘ra, 6 iyunga o‘tar kechasi rossiyalik harbiylar to‘g‘onni portlatib yuborgan. «Janub» mudofaa kuchlari rasmiy vakili Natalya Gumenyukning so‘zlariga ko‘ra, portlash Ukraina qurolli kuchlarining qarshi hujumini to‘xtatish umidida qilingan. «Ular suv sathi maydonini oshirishga va Ukraina mudofaa kuchlariga daryoni kechib o‘tishga imkon qoldirmaslikka urinmoqda», dedi u. Ukraina prezidenti devoni rahbari maslahatchisi Mixaylo Podolyak ham shunday fikrda.

2022 yil 20 oktyabrida Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy Yevropa kengashida nutq so‘zlab, rossiyaliklar GES to‘g‘oni va agregatlarni minalashtirayotgani, terakt uchun «hamma narsani tayyorlab qo‘ygani»ni aytgan edi. Shu bilan birga, u agar rus qo‘shinlari GES to‘g‘onini portlatsa, «butun dunyoga urush e’lon qilishi» sifatida baholanishini ma’lum qilgandi.

«Bu harbiy ustunlik berishi dargumon»

Foto: Telegram / ROMAN_MROCHKO

Ukrainalik harbiy ekspert Oleksiy Xetman Kaxovka GES to‘g‘onini portlatishda harbiy ma’no bormi va bu Ukraina armiyasining hujum qilish qobiliyatiga ta’sir qiladimi, shular haqida tushuntirdi.

— «Ukrgidroenergo» kompaniyasi xabariga ko‘ra, Kaxovka GES butunlay vayron bo‘lgan va uni qayta tiklash mumkin emas. Uni vayron qilishda harbiy ma’no bormi?

— Hammasi aniq. Ular qirg‘oqlarni, shu jumladan, chap qirg‘oqni suvga bostirmoqchi. Ular Xerson hududidan hujum bo‘lishini kutmoqda. Ular asosiy zarba shu joyda bo‘lishi, biz Dnipro daryosini kechib o‘tishimiz haqida o‘ylashgan. Va gidroelektr stansiyaning portlashi, o‘ng qirg‘oq suv ostida qolishi, ruslar nuqtayi nazaridan, ular kutganidek, Xerson yaqinida hujumni qandaydir tarzda to‘xtatib qo‘yishi yoki hatto imkonsiz qilishi mumkin.

Biz qayerga hujum qilamiz – buni faqat harbiy-siyosiy rahbariyatimiz biladi. Milliy xavfsizlik va mudofaa kengashi kotibi Danilov aytganidek, hujumimiz qanday bo‘lishidan dunyoda faqat besh kishi xabardor. Ammo ular ehtiyot chorasini ko‘rishga qaror qilishgan. Menimcha, ular hujumimizni kutib qo‘rqib ketishdi.

Umuman olganda, bu qo‘shinlarimizni to‘xtata olmaydi, suv sathi tezda pasayadi. Prognozlarga ko‘ra, suv oqimi 20-40 soat ichida to‘xtaydi, u yerdagi suvlar oqib ketadi. Kaxovka GES balandligidagi farqlar taxminan 16 metrni tashkil etadi, suv toshqini bo‘ladi. Qaysi aholi punktlarini suv bosishi mumkinligi allaqachon aytilgan. Ammo global suv toshqini bo‘lmaydi. Suv bir necha kundan keyin qaytadi. Bu harbiy ustunlik berishi dargumon – ehtimol bir necha kunga berishi mumkin. Ekologik oqibatlar esa juda og‘ir bo‘ladi.

Bundan tashqari, Zaporijjya atom elektr stansiyasini sovitish uchun Kaxovka suv omboridan suv olinar edi. Endi bu muammoni qanday hal qilish kerakligi haqida savol tug‘iladi. Tabiiyki, suv qaytadi, Kaxovka suv omboridagi suv sathi pasayadi va Zaporijjya AES u yerdan suv olishi mumkinmi, bu hali ham ochiq savol. Buni aniqlash uchun bizga mutaxassislar kerak. Ammo bunday xavf mavjud.

— Ukraina bosh vaziri Denis Shmixal 80 ta aholi punktini suv bosishi xavfi borligini aytdi. Vayronagarchilik ko‘lamiga qarab, uning portlatilganiga ishonchingiz to‘liq komilmi? Bu tashqaridan qandaydir zarbalar emasmi?

— Yo‘q, albatta, u 100 foiz portlatilgan, chunki to‘g‘ondagi vayronagarchilikni ko‘rish mumkin. Nazariy jihatdan, hamma narsa bo‘lishi mumkin, lekin u ichkaridan portlatilgan, bu 100 foiz. Prezident Zelenskiy bir yil oldin rossiyaliklar buni amalga oshirishni rejalashtirayotganini aytgan edi. Chap qirg‘oq suv ostida qoldi – bu haqiqatan ham Dnipro daryosini kechib o‘tishni murakkablashtirishi mumkin. Agar buni ruslar emas, balki, masalan, biz amalga oshirdik deb taxmin qilsak, unda o‘zimizning oyog‘imizga bolta urgan bo‘lamiz. Ruslar shunday qila oladi, biz bunday ahmoqona ishlarni qilmaymiz.

— Keling, o‘lchamlarni yana bir bor ko‘rib chiqaylik. Menimcha, suv to‘g‘onning bir necha o‘n metr pastidan o‘tadi. Uni faqat minalashtirish mumkinmi? O‘lchamlar shu qadar kattaki, havodan zarba berish orqali GES to‘g‘onini vayron qilish imkonsizmi?

— Ha. Birinchidan, bu to‘g‘on, juda jiddiy istehkom. Uni yo‘q qilish uchun juda kuchli bombalar, bitta raketa emas, balki bir necha raketalar bilan zarba berish kerak. Yo‘q, u rus bosqinchilari tomonidan minalangani va portlatilgani aniq. Qrim ko‘prigiga berilgan zarbalarni ko‘rdingiz, bu obektga hujum qilish qanday bo‘lishini bilasiz. GES esa umuman boshqacha ko‘rinmoqda. Bu, albatta, bizning raketalarimiz emas – ular aniq minalangan.

— Yana bir bor ta’kidlash kerak: stansiya rus harbiylari tomonidan nazorat qilinganmi?

— Albatta. Ular uni to‘liq nazorat qilishdi. Qolaversa, stansiya xavfsizligini ta’minlashi kerak bo‘lgan xodimlarimizni u yerga kiritishmadi. Ular u yerda juda ko‘p ishlarni qilishdi, shuning uchun mas’uliyat yuz foiz o‘sha odamlarda.

Bu muayyan ekologik muammolarga sabab bo‘ladi, suv toshqini bilan bog‘liq muammolarni keltirib chiqaradi. O‘ylaymanki, qurbonlar bo‘lmaydi, halokatli toshqin bo‘lmaydi. O‘ylaymanki, odamlar evakuatsiya qilishga vaqt topadi. Suv sathi tezda ko‘tarilmaydi. U qirg‘oq chizig‘idan o‘tib ketishi mumkin: hisob-kitoblarga ko‘ra, taxminan 12 kilometrga. Ya’ni hamma joylarni suv bosmaydi. Nazoratimiz ostidagi o‘ng qirg‘oqdan odamlar evakuatsiya qilinyapti. Chap qirg‘oqdan odamlar o‘z-o‘zidan evakuatsiya qilishga da’vat etiladi.

Ammo shuni esda tutaylikki, suv bir necha kun ichida – prognozlarga ko‘ra, 20-40 soat ichida qaytadi. Barcha suv oqib ketadi va Qora dengizga quyiladi. Va hamma narsa normal holatga qaytadi.

— Bu Ukraina armiyasining hujum qilish qobiliyatiga ta’sir qiladimi, bu haqdagi fikringiz qanday?

— Qayerga hujum qilishni rejalashtirganimizni hech kim aniq bilmaydi. Ammo agar Xerson oblastidan oldinga siljishni, Dnipro daryosini kechib o‘tishni rejalashtirgan bo‘lsak, tabiiyki, suv sathi baland ekan, bu [hujumni] kechiktiradi. Suv sathi baland bo‘lsa, hech kim oldinga siljimaydi. Bir necha kundan keyin suv qaytadi va Qora dengizga quyiladi, keyin Xerson yaqinida ham hujumkor operatsiyalarni boshlash mumkin bo‘ladi. Ammo, yana aytaman, bizning Bosh shtab aynan ruslar suv bostirgan joyga hujum qilishni rejalashtirganmi yoki yo‘qmi, hech kim bilmaydi.

— Bu holatda Dniproni kechib o‘tishning qanday usullari bor?

— Ponton ko‘priklari bor. Biz hamkorlardan texnikalarni, jumladan, yig‘ma ko‘priklar va ponton ko‘priklarini oldik. Ya’ni amalda daryoni kechib o‘tish mumkin. Agar shunday ehtiyoj tug‘ilsa va shunday qaror qabul qilingan bo‘lsa, biz texnika bilan ta’minlanganmiz.

«Bu ssenariyni kuzdayoq nazarda tutgan edik»

Ivan Boxun nomidagi 1-alohida maxsus kuchlar brigadasi ofitseri Taras Berezovets «Nastoyashcheye vremya» efirida Ukraina qarshi hujumga tayyormi yoki to‘g‘on portlashi uni sekinlashtiradimi yoki yo‘qligini aytdi.

— Kaxovka GES portlatilishi Rossiyaning ishimi? Bu harakatlar Ukraina qarshi hujumi bilan bog‘liqmi?

— Kaxovka GES rus bosqinchilari tomonidan portlatilganiga hech kimda shubha yo‘q. Bu juda murakkab gidrotexnik inshoot bo‘lib, uni yo‘q qilish uchun bir necha tonna portlovchi modda kerak edi. Ukraina aviatsiyasi bunga aloqador bo‘lishi mumkinligi haqidagi har qanday bayonotlar rad etiladi, chunki Ukraina aviatsiyasi bu yo‘nalishda ishlamagan.

Tabiiyki, dushman Ukraina hujumini to‘xtatish umidida ushbu to‘g‘onni vayron qildi. Biroq, ular o‘ziga yomonlik qilishdi, chunki hozir dushman nazorati ostida bo‘lgan Dniproning chap sohili balchiqqa aylandi. Birinchi navbatda Xerson oblastining chap sohildagi qismini suv bosmoqda, shuningdek, suv sathining pasayishi tufayli bu Qrimga ham ta’sir qiladi.

Ammo asosiy maqsad – ha, hujumni to‘xtatish, Dniproning chap qirg‘og‘idagi botqoqlikni ko‘paytirish va ular umid qilganidek, mudofaa harakatlarida chalg‘itishga urinish. Biroq, bu ssenariyni o‘tgan yilning kuzida nazarda tutgan edik. O‘tgan yilning oktyabr oyida prezident Zelenskiy dushman to‘g‘onni vayron qilishga tayyorligini va uning oqibatlarini aytgan edi.

— Siz Dniproning chap qirg‘og‘i haqida gapirdingiz – bu hozir rus harbiylari tomonidan bosib olingan hudud. Va suv ularning o‘tgan yil davomida qurgan istehkomlarini ham suv bosishi mumkin, to‘g‘ri emasmi?

— Eng avvalo, Dniproning chap qirg‘og‘idagi mina maydonlari suv ostida qoladi. Men dushman harakatlari mantig‘ini tushunmayapman, chunki suv sathi ko‘tarilishi minalangan maydonlarni suv bosishiga olib keladi va bu bilan chap sohilga desant tashlash operatsiyasini osonlashtiradi. Shuning uchun, rostini aytsam, shu jihati menga to‘liq tushunarli emas.

— Ukraina qarshi hujumga tayyormi? Yoki Ukraina buni allaqachon boshlaganmi?

— Albatta, Ukraina hujumga tayyor. Buning uchun Ukraina qurolli kuchlari Bosh shtabi qo‘mondonligi va bo‘linmalari tomonidan barcha zarur shart-sharoit yaratilgan. Biroq, avvalroq Ukraina mudofaa vazirligi rahbarlari ogohlantirganidek, [Rossiya harbiylarining Ukraina qurolli kuchlarining qarshi hujumi 4 iyunda boshlangani haqidagi versiyasi] Ukraina mudofaa vazirligi bayonoti bilan rasman rad etildi. Biz hech hujum boshlanganini e’lon qilmaymiz. Bosh shtabning rasmiy hisobotlarida hammasini ko‘rasiz.

— Hozir Baxmut yaqinida nimalar bo‘layotganini tasvirlab bera olasizmi?

— Baxmut yaqinida mudofaa kuchlari «Vagner» chiqib ketganidan keyin rus armiyasining pozitsiyalariga bosim qilmoqda. Yollanma jangchilar boshlig‘i Yevgeniy Prigojin tasdiqlaganidek, rus armiyasining muntazam qismlari chekinishni boshladi. Ukraina qurolli kuchlari Baxmut va Slovyanskni bog‘laydigan magistral bo‘ylab hujum qilmoqda. Janubdagi pozitsiyaga ham bosim qilinmoqda. O‘tgan kun davomida Ukraina mudofaa kuchlari bu yo‘nalishda 600 metrgacha oldinga siljish imkoniga ega bo‘ldi.

Dushman pozitsiyalariga Zaporijjya, Orexovo-Zuyevo yo‘nalishi bo‘ylab hujum qilinmoqda, bu yerda siljish yanada kattaroq. Dushmanga ko‘plab snaryadlar otilyapti, istehkomlari vayron qilinmoqda. Ikkala yo‘nalishda ham Ukraina qurolli kuchlari qismlarining oldinga siljishini ko‘ryapmiz.

— «Vagner» qismlari olib chiqilgach, nima o‘zgardi? Nega bu chekinishdan keyin Ukrainaning qarshi hujumga o‘tishi uchun imkon paydo bo‘ldi?

— Birinchidan, Rossiya bu hududda havo-desant qo‘shinlaridan foydalana boshladi, ular mudofaa uchun mo‘ljallanmagan, balki hujum uchun mo‘ljallangan. Shu sababli ham Ukraina hujumiga imkon paydo bo‘ldi. Ularni okoplarga tashlash – Rossiya harbiy rahbariyatining yana bir ahmoqligi.

Ikkinchidan, «Vagner» juda ko‘p qurbonlar hisobiga Baxmutda pozitsiyalarni ushlab turdi. Har kuni ular bir necha yuz kishini yo‘qotdi. Rossiya muntazam armiyasi buni qat’iyan istamaydi. Shuning uchun ular Ukraina qurolli kuchlari bosimi ostida chekinmoqda.

— «Vagner» u yerda Rossiya mudofaa vazirligi uchun ba’zi mudofaa istehkomlarini tayyorladimi?

— «Vagner» u yerda tegishli mudofaa istehkomlarini, mina maydonlarini tayyorlaganini aytgan. Biroq, biz bu ma’lumotni mustaqil manbalar bilan tasdiqlay olmaymiz. Qanday bo‘lmasin, «Vagner» ham mudofaa operatsiyalariga unchalik tayyor bo‘lmagan qismlar ekanini tushunish kerak, shuning uchun ular tayyorlagan istehkomlarning sifati, shubhasiz, Ukraina mudofaa kuchlarining bosimini ushlab turish uchun yetarlicha yuqori emas.

— May oyida Ukraina harbiylari ma’lum miqdordagi Rossiya artilleriya inshootlarini yo‘q qilgani haqida ham ma’lumotlar bor edi. Buni tasdiqlay olasizmi?

— May oyi bu borada rekordchi bo‘ldi deb ayta olmayman, chunki ba’zi rus qurollarini yo‘q qilish ko‘rsatkichlari deyarli o‘zgarmaydi. Ammo shuni tasdiqlashim mumkinki, dushmanning shimoliy va sharqiy yo‘nalishlarda havo hujumidan mudofaa tizimlarini, radar tizimlarini, «Zoopark» tipidagi tizimlarini, artilleriyasini yo‘q qilish ustuvor vazifa bo‘lib qolaverdi.

Rossiya va Ukraina urushi

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Kaxovka GES vayron qilinishi Ukraina armiyasining qarshi hujumiga to‘sqinlik qiladimi?
ePN