23:00 / 10.06.2023
286

Turkiyada hukumat yangilandi. Erdo‘g‘an amalga oshirgan asosiy o‘zgarishlar haqida

Turkiyada hukumat yangilandi. Erdo‘g‘an amalga oshirgan asosiy o‘zgarishlar haqida
Turkiya prezidentligiga uchinchi marta saylangan Rajab Toyyib Erdo‘g‘an o‘z jamoasida kutilmagan o‘zgarishlarni amalga oshirdi. Xususan, tashqi ishlar, mudofaa va moliya vazirlari almashdi.
 
2014 yildan beri tashqi ishlar vaziri lavozimida ishlab kelgan Mavlud Chovusho‘g‘li Antaliyada deputat sifatida faoliyatini davom ettiradigan bo‘ldi. Milliy razvedka tashkilotini boshqarib kelgan Hoqon Fidan uning o‘rniga tashqi ishlar vaziri lavozimiga tayinlandi.
 
Shuningdek, Turkiyaning Suriya va Iroqda o‘tkazilgan bir qator harbiy operatsiyalari muallifi Yashar Guler Mudofaa vazirligiga rahbarlik qilishni boshladi.
 
Kun.uz muxbiri Turkiyadagi kadr o‘zgarishlari haqida sharqshunos tahlilchi Yasin Hazratqulov bilan suhbatlashdi.
 
— Erdo‘g‘an keyingi prezidentlik saylovlarida o‘z nomzodini qo‘ymasligini e’lon qilgan edi. Saylovdan keyingi shakllantirilgan hukumat esa deyarli to‘liq almashtirildi. Bu bilan Erdo‘g‘an 5 yildan keyin ham o‘z ta’sir doirasini saqlab qolishga harakat qilyapti, deyishimiz mumkinmi?
— Mutaxassislarning fikricha, mazkur saylov Erdo‘g‘anning 20 yillik faoliyatidagi eng qiyin saylov bo‘ldi, yig‘ilgan ovozlar ham boshqa saylovlarga qaraganda pastroq bo‘ldi, shuningdek, yoshlarning muxolifat tomonini qo‘llab-quvvatlashi bu saylovda ko‘p narsalar o‘zgarganini anglatadi. Yaqinda prezident o‘z jamoasi tarkibini e’lon qildi va biz unda tarkibning deyarli to‘liq yangilanganiga guvoh bo‘ldik. Bunga Turkiyadagi iqtisodiy-ijtimoiy muammolarni sabab sifatida ko‘rsatish mumkin, jumladan, yil boshidagi zilzilaning oqibatlari yoki turk lirasining qadrsizlanishi va boshqalar.
 
Umuman olganda, hukumat tarkibining qisman o‘zgarishi kutilgan holat edi, biroq uning butunlay o‘zgarishi chindan ham kutilmagan holat bo‘ldi. Erdo‘g‘an hokimiyatda shu orqali o‘z ta’sirini saqlab qolishni ko‘zlagan bo‘lishi mumkin, biroq buni vaqt ko‘rsatadi.
 
— Tashqi ishlari vaziri etib, sobiq razvedka boshlig‘i Hoqon Fidan tayinlandi. Sizningcha, Turkiya bu orqali tashqi siyosatida qanday rejalarni ishlab chiqishi mumkin?
— Mavlud Chovusho‘g‘lining Tashqi ishlar vazirligidan ketishi va deputat lavozimiga saylanishi barcha uchun kutilmagan holat bo‘ldi. Chunki u ancha pragmatik tashqi siyosat olib borardi. Chovusho‘g‘li – Turkiya tashqi siyosatini tubdan o‘zgartirgan shaxs, shuningdek, u bu lavozimda eng uzoq muddat ishlagan amaldor hisoblanadi.
 
Hoqon Fidan – juda sirli siyosatchi, biz uni 4-5 yil ilgari tanishni boshladik. U Milliy razvedka tashkiloti rahbari edi, bu tashkilot 2010 yilda tashkil qilingan, biroq Fidan Erdo‘g‘an hokimiyatida 2003 yildan beri bor, ya’ni o‘sha vaqtlardan beri ham u katta lavozimlarda ishlab kelgan. Shuningdek, u Turkiyaning hamkorlik va muvofiqlashtirish agentligi rahbari bo‘lgan va bu lavozimdagi eng yaxshi rais sifatida tarixda qolgan. Ba’zi manbalarda Turkiyaning Afrikadagi tashqi siyosati chizgilari aynan Fidan davrida chizilgan, degan fikrlar mavjud.
 
Bundan tashqari, ayrim manbalarning yozishicha, kurdlarning tinchlanishi va Gulen harakati bilan bog‘liq vaziyatning yumshashida Hoqon Fidan katta rol o‘ynagan. 2012 yilda Osloda Hoqon Fidan va Kurdlar ishchi partiyasi o‘rtasida maxfiy muzokaralar olib borilgan, biroq ma’lum bir vaqtdan keyin bu muzokaralar bilan bog‘liq audioyozuvlar tarqalib ketgan hamda Fidan millatni sotganlik va kurdlarga yordam berganlikda ayblanib, unga nisbatan ish ochilgan. Mazkur qaltis vaiyatga Erdo‘g‘anning o‘zi aralashib, buyruqni o‘zi bergani va bundan ko‘zlangan maqsadlarni ma’lum qilgan. Hoqon Fidan o‘z rahbarligi davrida asosan Isroil va AQSH emas, balki Eron razvedkasi bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘ygan, bu kurdlar bilan bog‘liq, albatta.
 
Sobiq mudofaa vaziri Xulusi Akar nega lavozimga tayinlanmadi? Turkiyada bo‘linish bor, ya’ni ba’zi siyosatchilar islomiy tomonlama yondashuvga ega, ba’zilar esa konservativ millatchilar. Ayrim manbalar Erdo‘g‘anni islomiy tomonlama siyosat yuritishini, Akarning esa konservativ millatchi ekanini aytishadi. Ya’ni ular o‘rtasida kichik-kichik kelishmovchiliklar bo‘lgan, masalan, ba’zi manbalarga ko‘ra, Turkiya tomonidan Rossiya samolyotining ogohlantirishsiz urib tushirilishi ularning munosabatlarini bir muddat keskinlashtirgan. Shu jihatlar va mamlakatdagi muammolarni hisobga olgan holda, Erdo‘g‘an Akarning hokimiyatga intilishining oldini olgan bo‘lishi mumkin, chunki Turkiyada yirik muammolar yuzaga kelgan vaqtda, harbiylar hokimiyatni egallashga urinadi.
 
— E’tiborlisi, Erdo‘g‘anning inauguratsiyaga tashrif buyurganlar ichida Nikol Pashinyan ham bor edi. Armaniston bosh vaziri nima sababdan bunday yo‘l tutgan deb o‘ylaysiz?
— Turkiyada prezidentlik saylovlari yakunlanganidan keyin Yaqin Sharq va chegaradosh mamlakatlar vakillari Erdo‘g‘anning inauguratsiya marosimiga rasmiy taklifnomalarni olgan. Bunday taklifnoma Nikol Pashinyanga ham jo‘natilgan, albatta. Bunga sabablardan biri bu Ozarboyjon va Armaniston o‘rtasidagi munosabatlarda asosiy rolni aynan Turkiya o‘ynaydi. Buning Rossiyaga bog‘liq tomoni shundaki, 24 mart kuni Armaniston Rim protokolining xalqaro jinoyatchilar bo‘yicha moddasini ratifikatsiya qildi. Ma’lumki, Vladimir Putin Haaga sudi tomonidan qidiruvga berilgan. Armaniston agar Rossiya prezidenti o‘z hududiga kirsa, uni Haaga sudiga topshirishga majbur, biroq ular Ozarbayjondan kelgan terrorchilarni topshirishlarini aytib, vaziyatni yumshatmoqchi bo‘lyapti. Pashinyanning Turkiyaga tashrifiga mazkur jihatlar ham sabab bo‘lgan.
 
— Inauguratsiyada Erdo‘g‘an tashrif uchun Ozarboyjon prezidenti bilan birga, davlatimiz rahbariga ham alohida minnatdorlik bildirdi. Sizningcha, bu Turkiy dunyo integratsiyasi uchun katta bir signal bo‘la oladimi?
— Inauguratsiya marosimida meni xursand qilgan bir ish bo‘ldi, ya’ni davlatimiz rahbari marosimda eng oldi qatorda o‘tirdi va bu o‘z-o‘zidan Turkiya prezidentining Shavkat Mirziyoyevga bo‘lgan hurmatini anglatadi. Yana bundan shuni xulosa qilish mumkinki, Erdo‘g‘anning 2019 yildan boshlangan tashqi siyosat konsepsiyasi yana davom etadi, ya’ni ular 2019-20 yillardan boshlab turk dunyosi bilan aloqalarni kuchaytirib boshladi.
 
Bir narsani qo‘shimcha qilish mumkinki, mudofaa vaziri Yashar Guler bundan bir necha yillar oldin Termizga kelganida uning tashrifi hali boshlanishi ekani va bu hamkorlik yanada rivojlanishini aytib o‘tgan edi. Shaxsiy fikrimcha, Fidan boshqaruvi davrida turkiy davlatlar o‘rtasida xavfsizlik masalasida ham hamkorlik boshlanishi mumkin.
 
NormuhammadAli Abdurahmonov suhbatlashdi.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Turkiyada hukumat yangilandi. Erdo‘g‘an amalga oshirgan asosiy o‘zgarishlar haqida
ePN