23 iyun, juma kuni kechqurun “Vagner” xususiy harbiy kompaniyasi asoschisi Evgeniy Prigojin va Rossiya Mudofaa vazirligi oʻrtasida anchadan beri davom etayotgan mojaro oʻzining qaynoq nuqtasiga etdi. Prigojinning aytishicha, goʻyoki shaxsan mudofaa vaziri Sergey Shoyguning ruxsati bilan “Vagner” lagerlariga raketa zarbalari berilgan (vazirlikning oʻzi bu ayblovni rad etdi). Shundan soʻng Prigojin “adolat marshini” boshlashga va'da berdi — koʻpchilik bu tahdidni harbiy toʻntarish uyushtirishga urinish sifatida qabul qildi. Federal xavfsizlik xizmati qurolli toʻntarishga urinish moddasi boʻyicha ish ochdi.
Rossiyalik generallar “Vagner”ga “prezidentga ortdan pichoq urmaslik” iltimosi bilan murojaatlar yozib olayotgan bir paytda, Moskva harbiy garnizoni jangovar holatga keltirildi, SOBR va FXX Don trassasiga blokpostlar oʻrnata boshladi, deydi BBC nashri manbalari.
Moskva shahri va Moskva viloyatidagi FXX boʻlimlariga trevoga berildi, Moskva va Rostov koʻchalarida bronetransportyorlar koʻrindi, Kreml esa “barcha zarur choralar”ni koʻrishga va'da berdi.
Prigojin harbiylarni nimada ayblayapti va Rossiya hukumati bunga qanday munosabat bildirmoqda?
23 iyun kuni Evgeniy Prigojin navbatdagi shov-shuvli video e'lon qildi. Uning matbuot xizmati tomonidan tarqatilgan videoda “Vagner” asoschisi Rossiya qoʻshinlari Ukraina Qurolli kuchlarining qarshi hujumi fonida Zaporijjya va Xerson yoʻnalishlarida chekinayotganini aytdi, Mudofaa vazirligini Rossiya prezidenti Vladimir Putinni aldayotganlikda aybladi hamda Ukrainadagi urushni boshlashga umuman hojat boʻlmagan, “yomon rejalashtirilgan operatsiya” deya ta'rifladi.
Videoda Prigojin Sergey Shoygu manziliga navbatdagi ayblovlarni yogʻdirdi. Kunning ikkinchi yarmida Prigojin Tergov qoʻmitasiga Shoyga va Bosh shtab boshligʻi Valeriy Gerasimov ustidan shikoyat qilib, ariza yuborganini e'lon qildi.
Kechqurun Prigojinga aloqador boʻlgan “Razgruzka Vagnera” Telegram kanali vagnerchilarning qaysidir bazasi hujumga uchragani tasvirlangan video joylashtirdi. Moskva vaqti bilan soat 21:00 dan keyin, “Vagner” asoschisi yollanma askarlar lageriga raketa zarbasi berilgani haqida xabar berdi.
“Qurbonlar koʻp. Zarba orqa tomondan berilgan, ya'ni Rossiya Mudofaa vazirligi harbiylari tomonidan”, – dedi Evgeniy Prigojin. Katta ehtimol bilan, gap “Vagner” jangchilari Baxmutdagi bir necha oylik janglardan soʻng chekingan lagerlar haqida ketmoqda.
Prigojinning soʻzlariga koʻra, vagnerchilar goʻyoki “Mudofaa vazirligiga yon berishga, qurollarini topshirishga va mamlakatni himoya qilishni qanday davom ettirishga echim izlashga tayyor edi”. “Ammo bu jirkanch odamlar tinchlanmadi”, deya chiqish qildi tadbirkor va “Vagner” “bu vahshiylikka qanday javob berishni” hal qilishiga va'da berdi. Keyin esa Sergey Shoyguni nazarda tutgan holda, “bu hayvon toʻxtatiladi” deya qoʻshimcha qildi.
Prigojin va Mudofaa vazirligi oʻrtasidagi ziddiyat
Evgeniy Prigojin va Mudofaa vazirligi oʻrtasidagi ochiqcha ziddiyat 2022 yil boshlandi va 2023 yilning bahorida avj oldi.
2022 yil kuzda Prigojin Rossiya armiyasi va uning harbiy rahbarlarini Ukrainaning Xerson va Xarkiv viloyatlariga qarshi hujumi paytidagi muvaffaqiyatsizliklar uchun ochiq tanqid qilganlar qatorida edi. Keyin esa “Vagner” asoschisi Mudofaa vazirligi rahbariyati yollanma askarlarning Ukraina sharqidagi janglardagi xizmatlarini tan olishdan bosh tortganidan ochiqchasiga shikoyat qildi.
2023 yil fevral oyida Prigojin birinchi marta harbiylarni sun'iy ravishda “snaryad ochligi”ni yaratganlikda va “Vagner”ga Baxmutga hujum qilish uchun etarli oʻq-dori bermayotganlikda aybladi. Mudofaa vazirligi bu ayblovlarni rad etdi.
Keyinchalik mojaro shaxsiy ziddiyatga aylandi — Prigojin muntazam ravishda Sergey Shoygu va Valeriy Gerasimovni haqorat qildi. May oyida esa hatto ularga ultimatum qoʻyib, agar unga snaryadlar berilmasa, Baxmutdan jangchilarini olib chiqish bilan tahdid qildi. Prigojin tahdidni haqiqatda amalga oshirmadi, lekin oradan koʻp oʻtmay, “Vagner” askarlari shaharni egallab olganliklarini e'lon qildi hamda oʻz pozitsiyalarini Rossiya armiyasining muntazam boʻlinmalariga topshirib, Baxmutni chindan tark etdi.
Mudofaa vazirligi bilan mojaro fonida Prigojindan “Vagner” saflarini toʻldirishning asosiy manbalaridan biri boʻlgan rus mahbuslarini jangchilikka yollash imkoniyatini tortib olishdi — endilikda bunday yollash bilan armiyaning oʻzi shugʻullanadi.
Rossiya armiyasi chindan ham “Vagner” lagerlariga hujum qilganini tasdiqlovchi mustaqil manbalar yoʻq.
Rossiya Mudofaa vazirligi Prigojinning bayonotlarini “haqiqatga toʻgʻri kelmaydigan” “axborot provokatsiyasi” deb atadi.
Hozircha hujumning yagona “dalili” goʻyoki zarba oqibatlari aks etgan “Razgruzka Vagnera” Telegram kanalining videosi boʻlib qolmoqda. U mobil kamerada suratga olingan, videoyozuvda oʻrmondagi tosh bilan qoplangan yoʻlak boʻylab yugurayotgan ikki nafasi ichiga tushgan odamning odobsiz soʻzlarga toʻla suhbatini eshitish mumkin.
“Bu nima edi? Ukrainlar zarba berdi chogʻi?», degan ulardan biri. “Qanaqa ukrainaliklar, ular buncha masofadan urolmaydi” deya javob qaytargan ikkinchi odam. Shundan soʻng, video qahramonlari zarba berilgan joyga etib boradi. Kadrlarda inson qoldiqlari va kuygan daraxtlar aks etgan.
Video tasvirga olingan joyning geolokatsiyasini aniqlashning iloji yoʻq. Ammo Bellingcat tadqiqotchisi Arik Toler videodagi kadrlar bir kun avval Prigojinga yaqin boʻlgan RIA FAN jurnalisti Aleksandr Smirnov (telegram kanali “Pozivnoy Bryus”) tomonidan suratga olingan Vagner bazasiga oʻxshashligiga e'tibor qaratgan.
“Vagner komandirlar kengashi qaror qabul qildi. Mamlakat harbiy rahbariyati olib borayotgan yovuzlikka chek qoʻyilishi kerak”, dedi Prigojin Moskva vaqti bilan soat 22:30 da.
U “Prezident hokimiyati, hukumat, Ichki ishlar vazirligi, Milliy gvardiya va boshqa tuzilmalar odatdagidek ishlashda davom etishiga” va'da berib, uni eshitganlardan “qarshilik koʻrsatmaslikni” soʻradi. Prigojin faqatgina “rus askarlarini yoʻq qilayotganlar bilan” “gaplashib olishga” va'da berdi.
Keyinroq Prigojin Sergey Shoygu “ayol kabi qoʻrqoq”ligini va Rostovdan qochib ketganini e'lon qildi. Uning aytishicha, vazir goʻyoki “Vagner” bazasiga raketa hujumlariga ruxsat berish uchun Rostovga kelgan. Shundan soʻng, u «25 ming kishi mamlakatda nima uchun bunday tartibsizlik hukm surayotganini aniqlash uchun ketayotganini xabar qilgan.
Bu vaqtga kelib, taxminiy fuqarolar urushi allaqachon ommaviy axborot vositalari va Telegram kanallarida faol muhokama qilina boshlandi va ular sodir boʻlayotgan voqealarni toʻntarish deb atadi.
“Bu harbiy toʻntarish emas. Bu adolat marshidir. Bizning harakatlarimiz qoʻshinlarga hech qanday xalaqit bermaydi”, deya munosabat bildirgan Prigojin oʻz matbuot xizmati orqali. Shu bilan birga, u bu “marsh” aynan qaerga ketayotganiga aniqlik kiritmagan.
Keyin “Vagner” asoschisi, koʻplab rus harbiylari uni qoʻllab-quvvatlayotganini e'lon qilgan yana bir nechta xabar yozdi.
Hozirda vagnerchilarning Rossiya chegaralarida yoki undan tashqarida rus armiyasi bilan qandaydir janglarda qatnashayotgani haqida hech qanday alomatlar yoʻq.
Rossiya hukumati sodir boʻlayotgan voqealarga qanday munosabatda bildirdi?
Ilgari Rossiya rasmiylari “Vagner”ning Mudofaa vazirligi bilan ommaviy mojarolariga juda kam munosabat bildirar edi. Ammo hozirgi keskinlashuv oxir-oqibat xavfsizlik kuchlarining misli koʻrilmagan reaktsiyasiga olib keldi.
Kreml Prigojinning bayonotlariga zudlik bilan javob qaytardi. Prezident matbuot kotibi Dmitriy Peskov Vladimir Putin “Prigojin atrofida yuz berayotgan vaziyatdan” xabardor ekanini aytdi va “barcha zarur choralar koʻrilayotganini” qoʻshimcha qildi.
Va keyin Milliy aksilterror qoʻmitasi qurolli isyonga chaqirish boʻyicha jinoiy ish qoʻzgʻatilganini e'lon qildi.
“Evgeniy Prigojin nomidan tarqatilgan ayblovlar hech qanday asosga ega emas. Ushbu bayonotlar sabab Rossiya FXX qurolli isyonga chaqirish fakti boʻyicha jinoiy ish qoʻzgʻatdi. Biz noqonuniy harakatlarni zudlik bilan toʻxtatishni talab qilamiz”, — deyiladi Milliy aksilterror qoʻmitasi bayonotida.
Prigojin sodir boʻlayotgan voqealar va davlat toʻntarishi ayblovlari boʻyicha audiomurojaat e'lon qildi. Uning soʻzlariga koʻra, “Vagner” boʻlinmalari davlat chegarasini “hamma joylarda” kesib oʻtgan, chegarachilar “jangchilar bilan quchoqlashgan”, Mudofaa vazirligi boʻlinmalari esa “chetga chiqqan”.
Prigojinning soʻzlariga koʻra, “muddatli chaqiriluvchilar, oʻn sakkiz yoshli yigitchalar unga qarshi qoʻyilgan”, biroq u “bolalar bilan urushmaydi, shuning uchun ular tirik qoladi va onalari yoniga qaytadi”.
Yarim tundan keyin Bosh prokuratura Evgeniy Prigojinning shaxsan oʻziga nisbatan jinoiy ish qoʻzgʻatilganini e'lon qildi. Bundan tashqari, Bosh prokuratura bayonotida endi “chaqiriqlar” haqida emas, “qurolli isyon uyushtirish fakti” haqida gap ketgandi.
«2023 yil 23 iyun kuni Rossiya FXXning Tergov boʻlimi Prigojinga nisbatan Rossiya Federatsiyasi Jinoyat kodeksining 279 moddasiga binoan qurolli qoʻzgʻolon uyushtirish fakti boʻyicha qonuniy va asosli ravishda jinoiy ish qoʻzgʻatdi”, deya xabar berdi Bosh prokuratura.
279 modda — “Qurolli isyon” 12 yildan 20 yilgacha qamoq jazosini nazarda tutadi. Unda “Rossiya Federatsiyasining konstitutsiyaviy tuzumini agʻdarish yoki kuch bilan oʻzgartirish yoki hududiy yaxlitlikni buzish maqsadida qurolli qoʻzgʻolon uyushtirganlik yoki unda faol ishtirok etganlik” uchun ayblovi mavjud. “Favqulodda holat toʻgʻrisida»gi federal qonunga koʻra — qurolli qoʻzgʻolon favqulodda holat joriy etish mumkin boʻlgan holatlaridan biri.
Rossiya tarixida ushbu modda boʻyicha sudlangan eng mashhur inson iste'fodagi Bosh razvedka boshqarmasi polkovnigi Vladimir Kvachkov edi — u goʻyoki hokimiyatni qoʻlga kiritish uchun Moskvaga qarshi qurolli yurish uyushtirishni rejalashtirganlikda ayblangan. 2013 yilda Moskva shahar sudi uni 13 yilga ozodlikdan mahrum qildi, keyinchalik bu muddat qisqartirildi. Ammo boshqa rossiyaliklar ham muntazam ravishda 279-modda boʻyicha sudlangan, asosan Shimoliy Kavkazdagi tuzilmalar a'zolari.
Jinoyat ishi haqidagi xabarlardan soʻng FXX Jamoatchilik bilan aloqalar markazi Prigojinning bayonotlari va harakatlarini “harbiylarning orqasiga pichoq urish” deb atadi. “Vagner” asoschisining soʻzlari maxsus xizmat tomonidan “qurolli toʻqnashuvni boshlashga chaqiriq” sifatida baholandi va bundan tashqari, Prigojinning qoʻl ostidagilaridan uni hibsga olishda yordam berishni soʻraldi.
“Biz “Vagner” jangchilarini tuzatib boʻlmaydigan xatoga yoʻl qoʻymaslikka, rus xalqiga qarshi har qanday zoʻravonlik harakatlarini toʻxtatishga, Prigojinning jinoiy va xoinona buyruqlarini bajarmaslikka va uni hibsga olish choralarini koʻrishga chaqiramiz”, — deyiladi FXX bayonotida.
Tunda Butunrossiya davlat teleradiokompaniyasi xodimi Andrey Rudenko Ukrainaga bostirib kirishda qatnashgan qoʻshinlarning sobiq qoʻmondoni general Sergey Surovikin tomonidan yozib olingan videomurojaatni e'lon qildi.
“Vagner” asoschisi soʻnggi oylarda Surovikin haqida faqat xushomad bilan gapirgan. Bahorda Prigojin general Surovikin “Vagner” va Mudofaa vazirligi orasidagi mojaro fonida ularning oʻrtasida aloqa oʻrnatish bilan shugʻullanayotganini aytgandi.
“Men “Vagner” rahbariyati, komandirlari va jangchilariga murojaat qilaman. Biz birga kurashdik, yoʻqotishlarga uchradik, birga gʻalaba qozondik. Biz bir qonmiz, biz jangchilarmiz. Men sizni toʻxtashga chaqiraman, dushman mamlakatimizdagi ichki siyosiy vaziyatning yomonlashishini kutmoqda. Ularning qoʻlida oʻynash mumkin emas. Kech boʻlmasdan oldin, siz Rossiya Federatsiyasi xalq tomonidan saylangan prezidentining irodasi va buyrugʻiga boʻysunishingiz, kolonnani toʻxtatishingiz, ularni doimiy joylashuv punktlariga qaytarishingiz kerak. Bosh qoʻmondon rahbarligida barcha muammolarni faqat tinch yoʻl bilan hal qiling”, degan Surovikin. U qaysi kolonnalar haqida gap ketayotgani va ular qaerga ketayotganiga aniqlik kiritmagan.
Yana bir shunday murojaat (katta ehtimol bilan, hatto oʻsha xonada yozilgan), Bosh shtab Bosh razvedka boshqarmasi boshligʻining birinchi oʻrinbosari general Vladimir Alekseev nomidan “Komsomolskaya pravda” xodimi Aleksandr Kots tomonidan e'lon qilingan.
“Hozir sodir boʻlayotgan voqea men ahmoqlikdan boshqa narsa emasligini ayta oladigan dahshatli faktdir. Mamlakatimiz ogʻir ahvolda, butun Gʻarb dunyosi bizga qarshi qurol koʻtargan. Siz hozir kimningdir provokatsion gʻoyasi bilan amalga oshira boshlagan bunday ishlar katta yoʻqotishlarga olib keladi – birinchi navbatda, siyosiy. Tasavvur qiling, siz hozir qilmoqchi boʻlayotgan ishni Gʻarb qanday joʻshqinlik bilan qabul qiladi. Niyatingiz qanday boʻlishidan qat'iy nazar, bu mamlakat va prezidentning orqasiga pichoq urishdir”, degan Alekseev.
“Vagner komandirlari eng istiqbolli siyosatchisiga sodiq qoladi va uning har qanday buyrugʻini bajaradi. Na FXX, na Surovikin boshlangan ishni toʻxtata olmaydi”, deb javob bergan “Vagner” bilan aloqador AP Wagner kanali.
Generallar “Vagner”dan qoʻzgʻolonni toʻxtatishni soʻrayotgan bir paytda, Rossiya Mudofaa vazirligi Ukraina harbiylari “Vaziyatni tartibsizlantiruvchi Prigojinning provokatsiyasidan foydalangani” va Baxmut yaqinida hujum qilish uchun kuchlarni jamlay boshlaganidan shikoyat qildi.
Bularning barchasi haqida Birinchi kanal Moskva vaqti bilan soat 1:30 da namoyish etilgan maxsus axborot relizida aytib oʻtdi. Koʻrsatuv bir necha daqiqa davom etdi.
Moskva va Rostovda xavfsizlik kuchlariga trevoga berildi
Xavfsizlik xizmatlariga yaqin manbaning BBC nashrga aytishicha, 23 iyun kuni kechqurun FXX’ning Moskva boʻlimiga trevoga berilgan. Armiya doiralaridagi manbaning aytishicha esa, Moskva garnizoni ham jangovar holatga keltirilgan. Maxsus xizmatlarga yaqin boʻlgan manbaning ta'kidlashicha, Moskvada “Qal'a” rejasi joriy etilgan — bu politsiya xodimlarini favqulodda yigʻishni hamda Ichki ishlar vazirligi, Federal xavfsizlik xizmati va Federal jazoni ijro etish xizmatining eng muhim ob'ektlarni nazorat ostiga olishni nazarda tutadi.
Poytaxtdagi GROM, SOBR va Alfa boʻlinmalariga yaqin boʻlgan BBC manbalarining aytishicha, “ularning ham hammasi kazarmaga chaqirilgan va oʻsha erda kutish buyurilgan”.
“Xoʻsh, umuman olganda, hamma tayyor, hamma ertangi kunni kutmoqda. Hech kim anigʻini bilmaydi. Yoki jiddiy narsa yuz bermoqda, yoki boshliqlar ehtiyotkorlikni kuchaytirmoqda”, deydi manbalardan biri.
Yarim tunda poytaxt markaziga zirhli texnikalar kelgani tasvirlangan kadrlar paydo boʻldi. Guvohlarning xabar berishicha, yuk mashinalari va zanjirli transportlar Katta Dmitrovka, Moxovaya va Lubyanka maydoni boʻylab harakatlanmoqda.
BBC nashrining armiya doiralaridagi suhbatdoshi soʻzlariga koʻra, “Don” shossesida (bu Moskva-Voronej-Rostov-Don yoʻli) FXX SOBR (Milliy gvardiya qoʻshinlarining operativ boʻlinmalari) yordamida blokpostlar oʻrnatmoqda. U erda navbatda turganlarga “xavf tugʻilganda” oʻt ochish buyurilgan. Shu bilan birga, texnikalar ham jangovar holatida, biroq ularni harakatlantirish boʻyicha qismlar hali buyruq olmagan.
“Ular esa u erda mast holatda, chunki juma-ku, kimdir doʻstlari bilan oʻtirgan, kimdir tugʻilgan kunda boʻlgan. A bu erda bum! Hamma tezlik bilan safarbar qilindi”, deydi manba.
Manbaning soʻzlariga koʻra, Rostov markazi hozir haqiqatan ham yopib qoʻyilgan. Uning ta'kidlashicha, trevoga darajasi “oddiy favqulodda vaziyatlardagidan jiddiyroq”. Shu bilan birga, Rostovdan 500 kilometr uzoqlikdagi Kursk shahrida “hammasi tinch”, deya qoʻshimcha qiladi u.
Kutilganidek, Sankt-Peterburgda jurnalistlar vaziyatni bilish uchun 2022 yil bahorida dabdaba bilan ochilgan “Vagner” markaziga borgan, ammo ommaviy axborot vositalari bino atrofida hech qanday faollikni topmagan.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!