date
views 783

Prigojinning niyati nima, oqibatlari qanday bo‘ladi?

Prigojinning niyati nima, oqibatlari qanday bo‘ladi?
Boshlanganiga 1 yil-u 4 oy bo‘lgan Ukraina urushi dunyo hamjamiyati uchun standartlashib, kundalik odatiy holga aylanib qoldi. Oxirgi vaqtlarda urushning borishi haqida Rossiya tarafidan eng ko‘p yangiliklar berib turgan odam Yevgeniy Prigojin bo‘ldi.
 
Yevgeniy Prigojin – “Vagner” xususiy harbiy kompaniyasining (HHK) asoschisi va boshlig‘i, 1961 yilda tug‘ilgan. U “Vagner” HHKga 2013 yilda asos solgan. 2016 yilda “Vagner” askarlari soni ming kishi atrofida bo‘lgani aytilsa, 2017 yilga kelib ularning soni 6 ming kishiga yetgan.
 
Ukraina urushi vaqtida esa, “Vagner” tarkibidagi qo‘shinlar soni 50 mingga yetdi. AQSH Mudofaa vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, Ukraina urushida “Vagner”ning 30 ming atrofidagi askarlari o‘lgan va yaralangan.
 
Shu kunlarda Prigojin, birdaniga ikkita katta yangilik qildi. Birinchidan, u yarim soatlik chiqish qilib, Ukraina urushi bo‘yicha o‘z qarashlarini bildirdi.
 
Prigojinga ko‘ra:
  • 2014-22 yillar davomida Rossiya tomonidan Donbassga ajratilgan barcha mablag‘lar yeb ketilgan;
  • 2022 yil 24 fevralda Ukrainaga bostirib kirishdan oldin, Ukraina tarafidan Rossiyaga hech qanday tahdid yo‘q edi;
  • Zelenskiy hokimiyatga kelganda, u Rossiya bilan kelishuv taklif qildi. Lekin Kreml kibrga berilib, bu kelishuvga bormadi. Kelishish kerak edi;
  • Nima uchun urush kerak bo‘lib qoldi? Bu urushning maqsadi – Ukrainani natsistlardan tozalash va harbiy qudratini yo‘qotish emasdi. Bu urush, Prigojinning so‘zlariga ko‘ra “bir xovuch maxluqlarning dunyo hamjamiyati oldida piar qilishi uchun, harbiy qudrati bilan maqtanishi uchun kerak bo‘ldi xolos”.
Bu bayonot ortidan Prigojin o‘zining “Vagner” qo‘shinlari bilan Rossiya armiyasiga qarshi yurish boshlagani ma’lum bo‘ldi. Harbiy kompaniya Rostov shahridagi ba’zi davlat obyektlarini qo‘lga kiritgan, Rossiya armiyasining ba’zi ofitserlari u bilan aloqada bo‘lib turibdi.
 
Prigojin – ta’bir qilib bo‘lmaydigan shaxs. Lekin uning bu xatti-xarakatlari – bosh ko‘tarishni, is’yonni, inqilobni eslatadi. Prigojin piar texnologiyalarini juda yaxshi biladi. Uning “Vagner” harbiy kompaniyasidan tashqari, trollar fabrikasi, piar bilan shug‘illanadigan xususiy loyihalari ham bor.
 
Prigojin Ukraina urushida Putin uchun katta jasoratlar ko‘rsatdi. Rossiya armiyasi qo‘shin to‘plash bilan band bo‘lib turgan bir paytda, “Vagner” HHK Baxmutda juda og‘ir urush olib bordi. Prigojin ko‘p marta o‘lgan soldatlari fonida Rossiya mudofaa vaziri Shoygu va bosh shtab boshlig‘i Gerasimovga qarshi qahr-g‘azabli bayonotlar berdi.
 
Prigojin, o‘zining chiqishlari va xatti-harakatlari bilan, Rossiya propagandasining eng asosiy qarashlarini chippakka chiqardi. Propaganda “Ukraina bizga qarshi hujum qilmoqchi edi” degan bo‘lsa, Prigojin “Ukrainadan bizga real tahdid yo‘q edi” dedi.
 
Shuningdek, Prigojin butun Rossiya elitasini o‘ziga qarshi qo‘yib bo‘ldi. Lekin, Rossiya xalqi ko‘z o‘ngida “xalq dardini aytayotgan” yagona siyosatchi sifatida ko‘rila boshladi. Chunki Ukrainadagi urush borasida Rossiya isteblishmentida hech kim Prigojin kabi tanqidiy va keskin bayonotlar bermadi. Rossiya parlamenti, partiyalari va deputatlari – hammasi jim. Muxolifat Rossiyadan tashqariga chiqib ketib bo‘ldi. Mana shu fonda, Prigojinning Kreml propagandasi va ishlariga qarshi chiqishi – uning va-bank o‘yin boshlaganini bildiradi.
 
Prigojin oldida tanlov turibdi. Agar u hech narsa qilmasa, bir kun kelib, uni Kremlga yaqin harbiylar va siyosatchilar yo‘qotishadi. Lekin, agar u harbiy va informatsion operatsiya boshlab, qandaydir natijaga erishsa, uning yashab qolish imkoniyatlari oz bo‘lsa-da ko‘payadi.
 
Shuning uchun ham, Prigojin yangi o‘yin boshladi. U tashabbusni qo‘lga oldi. Rossiya armiyasi va siyosiy elitasiga qarshi, bosh ko‘tardi. Prigojinning bu qadamlari – Rossiyada fuqarolik urushi xavfi borligini ko‘rsatadi. Rossiya jamiyati bo‘lingan, siyosiy elitada ham bo‘linish ochiq bo‘lib bormoqda. Ukraina urushi Rossiya uchun tez va g‘alaba bilan yakunlanmadi. Cho‘zilgan urushga aylanib bo‘ldi. Urush boshida Ukraina tezda mag‘lub bo‘lmaslik choralarini izlagan edi. Bugun – mutlaq teskarisi. Rossiya urushni cho‘zish va yorug‘ yuz bilan urushdan chiqishni o‘ylayapti.
 
Prigojin isyoni muvaffaqiyatli bo‘lish ehtimoli kam. U RF Mudofaa vazirligini qo‘lga kirita olmaydi. Lekin, Prigojinning bu isyoni, Moskvadagi siyosiy inqiroz naqadar chuqurligini ko‘rsatadi. Har safar, Rossiya hokimiyati urushda yenga olmasa, bu hokimiyat ko‘p o‘tmasdan yiqilgan. Mana shunday inqiroz Putin hokimiyati atrofida aylanib yuribdi. Prigojin – mana shu mag‘lubiyatning birinchi qaldirg‘ochi. Lekin oxirgisi emas.
 
Kamoliddin Rabbimov,
siyosiy tahlilchi
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Prigojinning niyati nima, oqibatlari qanday bo‘ladi?