20:40 / 05.07.2023
1 054

Amerikalik professor: «Bizni Islom deb bilishadi»

Amerikalik professor: «Bizni Islom deb bilishadi»

“Ismim Jerald Dirks. AQSHda, Kanzas shtatining kichik shaharchalaridan birida tug‘ilib-o‘sdim. Harvard kollejini, undan keyin Harvard universetitini tugatdim. Doktorlik ishimni Denver universitetida klinik psixologiya bo‘yicha qildim. Psixosomatik kasalliklarga bo‘yicha tadqiqotlar olib bordim, ruhiyatida muammo bo‘lganlar bilan shug‘ullandim. U paytlar xristian edim. Ishlarimdan, tadqiqotlarimdan bo‘shaganimda vaqtimni fermamizda o‘tkazardim. U yerda ot boqardik.

Hammasi fermamizni ko‘rish uchun bir musulmon kelishidan boshlandi. U otlarni tomosha qildi, suhbatlashdik. Bir payt soatiga qaradi va “Namoz o‘qishim kerak, yuvinish xonangizda tahorat olsam bo‘ladimi?” deb so‘rab qoldi. “Albatta”, dedik ayolim bilan bir ovozdan. Mehmonimiz tahorat qilib, namozini o‘qib bo‘lgach, yana birpas gaplashdik. Lekin Islom haqida og‘iz ochmadi. Aslida u gapirmagani bilan harakatlari hamma narsani anglatib turardi. Xayrlashayotib, uyiga taklif qildi. Biz ham “Kelasi safar oilangiz bilan keling”, dedik. Shu tarzda aloqalarimiz boshlandi. Boshqa musulmon oilalar bilan ham tanishtirishdi. Ularning hayot tarzi menga qattiq ta’sir qildi. Har bir harakatlari bilan Islomni qanday yashash kerakligini ko‘rsatib berayotgandek edilar.

Ular nega bunday hayot tarzini tanlashgani haqida ko‘p o‘ylay boshladim. Ayni qiziqish bilan Islomga doir kitoblarni, Qur’oni karimning ingliz tilidagi ma’nolar tarjimasini o‘qishga kirishdim. E’tiqodlarimiz orasidagi farq nimaligini anglagim kelardi. Bir paytlar cherkovda ishlagandim, shu sababli, Injilning ilk qo‘lyozmalari bilan tanish edim. Cherkov tarixini yaxshi bilardim. Lekin nasroniy sifatida Muqaddas uchlikka, ya’ni Iso alayhissalomning Xudoning o‘g‘li ekaniga ishonolmasdim. Bu mavzuda boshqacha o‘ylardim. Qur’onni o‘qish davomida “Mening e’tiqodim Islomdagidan boshqachami?” deb o‘zimga savol berdim. Javob ijobiy edi, ya’ni farq topolmadim.  To‘g‘ri, nasroniy edim, biroq hazrat Isoni Qur’ondagi tavsiflariga ko‘ra tanirdim va tan olardim.

Ramazon oyi kirganida musulmon tanishlarim bilan birga ro‘za tutishga, kunda besh vaqt namoz o‘qishga qaror qildim. Bular ruhiyatimga ajib halovat baxsh etardi. Hali ham imon keltirmagandim, shahodat kalimasini aytgan, ro‘za tutadigan, Qur’on suralarining inglizcha ma’no tarjimasi bilan namoz o‘qiydigan va bulardan huzur oladigan nasroniy edim.

Shu orada bir musulmon tanishim ayolim ikkimizni Iordaniyaga taklif qildi. Bordik. Mehmon bo‘ldik. Tanishimning inglizcha bilmaydigan amakisi imo-ishora bilan meni ko‘chaga boshladi. Ortidan ergashdim. Tor ko‘chalardan yurib ketdik. Ro‘paramizdan chiqqan qariya hamrohim bilan arab tilida salomlashgach, menga o‘girildi va: “Musulmonmisan?” deb so‘radi. Arab tilida faqat “ha” va “yo‘q”ni bilardim, xolos. Birdan tilimdan arabcha: “Ha!” degan so‘z uchdi. Ayni vaqtda bu javob jonu ko‘nglimdan chiqqan edi! Men musulmon bo‘lgandim. Allohga hamdlar bo‘lsinki, ayolim ham imon keltirdi.

Amerikaga qaytganimizda ayrim g‘ayridin tanishlarimiz va hamkasblarimizning tanqidiga uchradik. Lekin musulmon birodarlarimiz bu yangilikdan juda quvonishdi. Ularning barchasi Islomning tom namunasi edilar. Iordaniyadagi oilalar o‘rtasidagi oqibatni ko‘rib, hayron qoldim. Ota-onalarini qariyalar uyiga joylashtirish ular uchun juda xunuk holat hisoblanarkan. Bularning hammasi ajoyib edi!

Aslida Islomni shunday tanitish kerak. Afsuski, ayrim musulmonlar gapni “Sen adashgansan”dan boshlashadi. Bu, ko‘pincha, odamga salbiy ta’sir qiladi. Shu sababli ham har bir musulmon xatti-harakatlariga e’tiborli bo‘lishi katta ahamiyatga ega. Chunki odamlar bizni kuzatishadi. Agar axloqimiz, turish-turmushimiz chiroyli bo‘lsa, yaxshi namuna bo‘lolyapmiz, Islomni namoyon qilolyapmiz demakdir. Bizni yashayotgan joyimizda, o‘qish va ish joylarimizda musulmon sifatida tanishadi. Bizni Islom deb bilishadi. Islomga bizga qarab baho berishadi”.

Zumrad Foziljon qizi tayyorladi.

Manba: Azon.uz


arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Amerikalik professor: «Bizni Islom deb bilishadi»
ePN