07:43 / 15.07.2023
268

Nega Erdog‘an Shvetsiyaning NATO a’zoligini ma’qullashga qaror qildi?

Nega Erdog‘an Shvetsiyaning NATO a’zoligini ma’qullashga qaror qildi?

Stokgolmda Qurbon hayiti bayrami kuni Qur’oni karimning yoqilishi munosabati bilan Turkiyaning bir qator rasmiylari, jumladan, prezident Erdog‘an Shvetsiyaning NATOga qo‘shilishi “tuyaning dumi yerga tekkanda” yuz berishi mumkinligi haqida bayonot bergandi. 10 iyul kuni NATO sammitiga jo‘nab ketishidan oldin Erdog‘an Shvetsiyaning a’zo bo‘lishi o‘tgan yozda Madridda o‘tgan alyans sammitida erishilgan kelishuvning amalga oshirilishiga bog‘liqligini aytib, Anqaradan hech qanday murosa kutmaslikni ta’kidlagan. Bundan tashqari Erdog‘an ochiq va oydin shaklda Shvetsiyaning NATOga a’zo bo‘lish haqidagi arizasini ko‘rib chiqishni ma’qullash uchun Turkiyaning Yevropa Ittifoqiga qabul qilinishidan keyin amalga oshirilishini aytgandi.

Biroq... Ko‘pchilik uchun kutilmaganda Turkiya prezidenti Shvetsiyaning NATOga a’zo bo‘lish tashabbusini qo‘llab-quvvatlashga roziligini bildirdi. Erdog‘an bunday qarorga Shvetsiya bosh vaziri Ulf Kristersson va Yevropa kengashi rahbari Sharl Mishel bilan muzokaralar o‘tkazgandan keyin kelgan. Demak, buning o‘ziga yarasha sabablari bor.

Shulardan biri, Shvetsiya Turkiyaning Yevropa Ittifoqiga qo‘shilishi va viza rejimini liberallashtirish jarayonini qo‘llab-quvvatlashga va’da bergan, Turkiya terrorchi deb hisoblagan tashkilotlarga endi boshpana bermasligini va ularni qo‘llamasligini ma’lum qilgan. Bu – masalaning ko‘zga ko‘rinib turgan sababi. Parda ortidagi holatlarni ham inobatga olsak, Erdog‘an o‘zi ko‘zlagan muddaoga erishgan ko‘rinadi.

Bularning eng asosiysi turli vajlar bilan Turkiyaga nisbatan qo‘llangan sanksiyalar. Ma’lumki, bugungi kunda mazkur davlatning iqtisodiy ahvoli havas qilgulik emas, kundan kunga turk lirasi AQSH dollariga nisbatan qadrsizlanib boryapti. Demak, Shvetsiyaga yo‘l berish orqali Anqaraga nisbatan tortilgan iqtisodiy richaglar qo‘yib yuboriladi.

Voqealar rivojiga e’tibor bering.

Ikki manba Bayden ma’muriyati F-16 qiruvchi samolyotlarini sotishni ma’qullaganini va Kanadaning Turkiyaga qurol embargosini olib tashlash bo‘yicha kelishuv Anqarani Shvetsiyaning NATOga kirishiga yashil chiroq yoqishga ko‘ndirdi.

Shvetsiya "Madrid kelishuvi" majburiyatlarini bajarish uchun bir qator qadamlar qo‘ydi: Kurdiston Ishchilar partiyasi (PKK) tarafdorini qoraladi, terrorizmni moliyalashtirishga qarshi tergov boshladi va Turkiya razvedka idoralari bilan yaqindan hamkorlik qildi, PKK/YPG bilan aloqador shaxslarning Shvetsiyadagi faoliyatini monitoring qiladigan bo‘lim tuzdi.

Biroq kutilmaganda Shvetsiya rasmiylari Erdog‘an va Turkiya hukumatining noroziligiga qaramay, Qurbon hayitining birinchi kuni Stokgolmda namoyishchilarga Qur’onni yoqishga ruxsat berdi. Rasmiy Stokgolmga ushbu qabih voqeani qoralash uchun to‘rt kun kerak bo‘ldi.

O‘tgan hafta oxirida Erdog‘an Bayden bilan telefon suhbatida qo‘shimcha talab qo‘ydi: YEIning yetakchilari Turkiyaning Yevropa Ittifoqiga qo‘shilishini qo‘llab-quvvatlovchi bayonotlar berishlari va bir necha yillardan beri muzlatilgan holda turgan a’zolik bo‘yicha muzokaralarni qayta boshlashlari kerak.

Muzokaralar natijasida Shvetsiya Turkiyaning Yevropa Ittifoqiga kirish jarayonini faollashtirish, jumladan, Yevropa Ittifoqi–Turkiya bojxona ittifoqini modernizatsiya qilish va vizani liberallashtirish bo‘yicha sa’y-harakatlarni faol qo‘llab-quvvatlash majburiyatini oldi.

Erdog‘an Yevropa Ittifoqi prezidenti Sharl Mishel bilan ham uchrashib, Turkiya va Yevropa Ittifoqi o‘rtasidagi munosabatlar holati haqida hisobot tayyorlashga va’da berdi.

Nihoyat, Erdog‘an Shvetsiyaning arizasini ma’qullashga qaror qildi.

Seshanba kuni Vilnyusda bo‘lib o‘tgan NATO sammitida Erdog‘an Germaniya Bosh vaziri Olaf Shols yoki Fransiya prezidenti Emmanuel Makrondan Yevropa Ittifoqiga a’zolik bo‘yicha biron va’da olgani aniq emas. Shu bilan birga, Shols sammit doirasidagi ikki tomonlama uchrashuvda Erdog‘an bilan Turkiya-Yevropa Ittifoqi munosabatlarini muhokama qilishini aytdi.

Chorshanba kuni AQSH milliy xavfsizlik bo‘yicha maslahatchisi Jeyk Sallivan jurnalistlarga Vashington Kongress bilan maslahatlashganidan keyin F-16 qiruvchi samolyotlarini Turkiyaga topshirishda davom etishini bildirdi.

F-16 qiruvchi samolyotlarining Turkiyaga sotilishiga qarshi chiqqan asosiy siyosatchilardan biri bo‘lgan AQSH Senati Tashqi aloqalar qo‘mitasi raisi Robert Menendez, AQSH ma’muriyati bilan muzokaralar olib borayotganini va kelgusi hafta ichida ijobiy qaror qabul qilishi mumkinligini aytdi.

Rasmiylarning fikricha, navbatdagi Turkiya parlamenti Shvetsiyaning NATOga kirish taklifini ratifikatsiya qilgandan keyin Bayden Kongress orqali kelishuvga erishishi oson bo‘ladi.

AQSH ma’muriyati Turkiyaning F-16 sotib olishiga Kongress skeptiklarining roziligini olish uchun Gretsiyaga F-35 sotishni rejalashtirmoqda.

Turk siyosatchilar bu qarorni qanday qarshi oldi?

Kichik Erbakan tuzgan “Yeniden Refah” (Qaytadan Farovonlik) partiyasi raisi o‘rinbosari Dog‘an Bekin Erdog‘anning qarorini ochiqchasiga tanqid qildi.

 “Biz Yevropa Ittifoqini emas, Islom ittifoqi D-8ni xohlaymiz”, dedi u.

Erdog‘anning yana bir ittifoqchisi Davlat Baxchali tomonidan ozgina tanqid va ayni paytda qo‘llab-quvvatlovchi bir qancha yorqin bayonotlar berildi.

“Bugun sodir bo‘layotgan barcha voqealar Birinchi jahon urushining bir ko‘rinishidir. Bu urush hali tugamagan. Turkiya Respublikasi Usmonlilar imperiyasining davomi va vorisi hisoblanadi.

Turkiya boshqalar yuklagan majburiyatni orqalab yuradigan qabilaviy davlat emas. Terrorchi tashkilotlarni qo‘llab-quvvatlab turgan Shvetsiyaning xavfsizlik idoralariga qanday ishonamiz? AQSH buni xohlagani uchun, AQSH F-16larini ko‘z-ko‘z qilib, bizga ishora berayotgani uchungina, biz uyalmay rozi bo‘laveramizmi?

Shvetsiya PKKning Yevropadagi uyasi hisoblanadi. Qandil (Turkiya biqinidagi terrorchilar makoni) qanday bo‘lsa, Stokgolm ham shundaydir.

Dunyo NATO va AQSHdan iborat emas. Shunday bo‘lsa-da, Turkiyaning strategik tanlov va qarorlarini qo‘llab-quvvatlaymiz, deb qat’iy bildiraman” dedi.

Erdog‘anning asosiy muxolifi JHPning NATO sammitidagi muzokaralar bilan bog‘liq tanqidiga kelsak, bu gaplar munofiqona. Chunki Kamol Qilichdoro‘g‘li boshchiligidagi muxolifat hokimiyatga kelgan taqdirda Shvetsiyaning kirishini hech qanday shartlarsiz, hatto Vilnyusdagi sammitgacha ham so‘zsiz ratifikatsiya qilgan bo‘lardi.

Qur’onni yoqish, Suriyadagi PKK terroristlarini qo‘llab-quvvatlash (aytgancha, Kamol Qilichdaro‘g‘lining partiyasi ularni baribir terrorchi deb hisoblamaydi va ular bilan hamkorlik qilishga ham tayyor) Shvetsiyaning ichki ishi, "so‘z erkinligi"ning shvedcha talqini deb qabul qilib ketaverardi.

Xulosa qilib aytganda, Erdog‘an boshqalar uchun kutilmaganda yon berishi bilan baribir o‘z mamlakati manfaatini ko‘zlaganiga shubha yo‘q. Shvetsiya, Qo‘shma Shtatlar va umuman NATO, agar kelishuvlar to‘liq bajarilmasa, Turkiya Parlamenti Shvetsiyaning qo‘shilishi haqidagi qarorni ratifikatsiya muddatini uzaytirishi mumkinligini aniq ko‘rsatdi. Va bu muhim nuqta. Baribir, kalit dastagi hamon Turkiyaning qo‘lida, aks holda bugungi vaziyatni yutuq yoki yo‘qotish emas, balki boshqaruvni qo‘ldan chiqarish deb baholash ham mumkin.

Darvoqe, Moskva Anqaradan Ukrainaga Azov jangchilarining berib yuborilishiga izoh so‘rayapti. Endi Erdog‘an faqat Rossiyaga emas, balki boshqa musulmon davlatlarga ham “terrorchilarni qo‘llaydigan Shvetsiyaga yon berish” borasida tushuntirish berishga majbur bo‘ladi.

Abdulaziz Muborak,
Azon.uz'ning Turkiyadagi muxbiri


arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Nega Erdog‘an Shvetsiyaning NATO a’zoligini ma’qullashga qaror qildi?
ePN