
2022 yil fevralida Rossiya armiyasi Ukrainaga bostirib kirganidan so‘ng, dunyoning qolgan mamlakatlari o‘zlari uchun bir tomonni tanlashiga to‘g‘ri keldi. G‘arb Moskvaga qarshi sanksiyalar joriy qildi, ammo Yevropaning bir davlati uchun bu tanlov juda qiyin bo‘ldi.
Rossiyaning asosiy ittifoqchisi bo‘lmish Belarusni hisobga olmaganda, Rossiya prezidenti Vladimir Putinga qarshi sanksiyalar kiritmagan yagona Yevropa davlati Serbiya bo‘lib qolmoqda.
Prezident Aleksandr Vuchich ancha vaqt davomida G‘arb va Sharq o‘rtasida muvozanatni saqlashga muvaffaq bo‘ldi, ammo endilikda u muhimroq yo‘nalishni tanlashga majbur — u yoki Serbiyaning Yevropa Ittifoqiga qo‘shilishi haqidagi ko‘p yillik orzuni amalga oshirishi yoki o‘zining eski ittifoqchisi Rossiyani qo‘llab-quvvatlashda davom etishi kerak.
Ukrainada keng ko‘lamli urush boshlanishi bilan Moskva bilan aloqalarni saqlab qolishni talab qiluvchi serb millatchilarining ovozi yanada balandroq yangray boshladi.
BBC nashri 2022 yil davomida Serbiyadagi rossiyaparast millatchilar faoliyatini yaqindan kuzatib, ularning Rossiya bilan aloqalarini qayd etib borgan.
Ultra-millatchilar
Damyan Knejyevich Rossiya armiyasi Ukrainaga bostirib kirganidan bir necha kun o‘tib, Serbiya poytaxti Belgradda Ukrainadagi urushni qo‘llab-quvvatlovchi minglab insonlar qatnashgan namoyish o‘tkazdi va xalqaro hamjamiyat e’tiboriga tushdi.
O‘sha paytda bu Yevropadagi eng yirik rossiyaparast namoyishlardan biri bo‘lgandi.

Namoyishchilar Rossiya bayroqlarini silkitib, qo‘llarida urush timsoliga aylangan Z harfi va Rossiya prezidentining portretlari tushirilgan plakatlarni ushlab turgan. Ularning ba’zilari hatto «Vladimir Putin — bizning prezidentimiz» deya hayqirgan.
«Ukrainada bizning urush ketmoqda. Biz vatanparvarmiz, biz birodarlarimizni qo‘llab-quvvatlashimiz kerak. Bu bizning siyosatimiz, bu bizning tariximiz», degan Knejyevich BBC nashri bilan suhbatda.
«Ushbu urush yakunida men yangi Yevropani va hatto yangi dunyoni aniq ko‘rmoqdaman», deya qo‘shimcha qilgan u.
Knejyevich va u rahbarlik qiluvchi «Xalq patruli» tashkilotining boshqa a’zolari migrantlar, ayniqsa, musulmonlarga nisbatan ekstremistik qarashlari va zo‘ravonlikka ochiqchasiga chaqiriqlari bilan mashhur.
«Vagner» bilan aloqalar
2022 yil noyabr oyida, Ukrainada keng ko‘lamli urush boshlanganidan sakkiz oy o‘tib, Knejyevich yollanma askarlari Suriya, Afrika va Ukrainada o‘nlab harbiy jinoyatlarni sodir etishda ayblanuvchi «Vagner» kompaniyasining jangchilikka yollash markaziga tashrif buyurish taklifini qabul qilgan.
Knejyevich biroz oldin Sankt-Peterburgda ochilgan «Vagner» media markaziga borgan va shundan so‘ng BBC nashriga «vagnerchilar qilayotgan hamma narsani to‘liq qo‘llab-quvvatlashi»ni aytgan.
Rossiyaga safaridan bir necha hafta o‘tgach, Kosovo bilan chegarada, «Vagner» ramzi tushirilgan forma kiygan Knejyevich chegara politsiyasi bilan keskin to‘qnashuvda qatnashgan.
Knejyevich «Vagner»dan qandaydir tarzda pul olganini qat’iyan rad etadi, chunki aks holda Rossiya Bolqonda keskinlikni qo‘zg‘atish uchun u kabi millatchilardan foydalanishda ayblanishi mumkin.
«Xalq patruli» Serbiyada rasmiy ravishda ro‘yxatdan o‘tmagan, shuning uchun tashkilotning nashrlar o‘rganish mumkin bo‘lgan moliyaviy hisobot yo‘q.
Serbiyaning Knejyevich bilan rasman aloqada bo‘lgan bir qancha kompaniyalari yillik moliyaviy hisobotlarida Rossiyadan tushumlarni ko‘rsatmaydi.
«Rossiya bunday guruhlarga berayotgan yordam davlat muassasalari orqali emas, balki norasmiy tashkilotlar orqali keladi», deydi London Universitet kollejining Slavyan va Sharqiy Yevropa tadqiqotlari maktabi professori Erik Gordi.
«Shunday qilib, Moskva nisbatan kam pul evaziga keng yoyiluvchi va hatto global miqyosda katta ta’sir ko‘rsatuvchi aksiyalarni uyushtirishi mumkin. Bundan tashqari, hamma narsa begona qo‘llar orqali amalga oshirilgani sababli, kerak bo‘lganda — agar ish to‘satdan jiddiy tus olsa — (Kreml) har doim bunga hech qanday aloqasi yo‘qligini aytishi mumkin», deya qo‘shimcha qiladi Gordi.
Serb millatchilari prezident Vuchich Yevropa Ittifoqi bilan shartnoma imzolashi mumkinligi haqidagi mish-mishlar tarqalgach, yanada g‘azablandi. Ularning fikricha, bu Serbiya Kosovo bo‘yicha hududiy da’volaridan voz kechishini anglatadi.

2023 yil 15 fevral kuni Knejyevich Belgradda norozilik namoyishi uyushtirdi va prezidentga ochiqchasiga tahdid qildi: «Men sen uchun boryapman, Vuchich!». Shundan so‘ng olomon prezident saroyi tomon harakatlandi.
O‘sha kuni kechqurun Vuchich televideniyeda chiqish qildi va Serbiya siyosatiga chet el aralashuviga yo‘l qo‘ymasligini ma’lum qildi.
«Menga ‘Vagner’dan kimdir yelkamni silab, nima qila olishimni va nima qila olmasligimni aytib turishi kerak emas», dedi Serbiya prezidenti.
Namoyish natijasida Knejyevichga hukumatni zo‘rlik bilan ag‘darishga da’vat qilish aybi qo‘yildi. U ikki oyni qamoqda o‘tkazdi, shundan so‘ng hibsdan ozod qilindi, ammo bu ish bo‘yicha sud jarayoni hali davom etmoqda.
Kosovo muammosi
Nafaqat Knejyevich, balki boshqa ko‘plab serblar ham aynan Kosovoni Serbiya davlati va pravoslav mazhabining beshigi deb biladi.
1990-yillargacha Serbiya va Kosovo Yugoslaviya davlati tarkibida edi. Ammo federatsiya parchalanib, qonli urush boshlanganidan keyin Serbiya Kosovoni o‘z tarkibida saqlab qolishga urindi.
Kosovoda yashovchi aholining katta qismini tashkil qiladigan etnik albanlar mustaqillikka erishmoqchi bo‘ldi, ammo serb ozchiligi Belgrad bilan yanada yaqinroq aloqalar uchun kurashdi.
Etnik ziddiyat har ikki tomon zo‘ravonlik qo‘llashiga olib keldi, ammo serblar Kosovodagi alban aholini etnik tozalashni boshlaganida, bu NATO uchun so‘nggi tomchi bo‘ldi. 11 hafta davomida NATO kuchlari Kosovoda ham, Serbiyaning o‘zida ham serb pozitsiyalarini bombardimon qildi va yakunda etnik zo‘ravonlikka chek qo‘ydi.
2008 yilda Kosovo bir tomonlama mustaqillik e’lon qilganida, aksariyat xorijiy davlatlar Prishtina muxtoriyatini tan olishga rozi bo‘ldi, bu esa Belgradni yanada g‘azablantirdi.
Rossiya Serbiyani qo‘llab-quvvatlab chiqdi va BMT Xavfsizlik Kengashida Kosovoning tan olinishiga veto qo‘ydi. Moskvaning aynan mana shu dastagi Knejyevich kabi serb millatchilarining Moskvani ittifoqchi sifatida ko‘rishining asosiy sabablaridan biridir.
«Agar Rossiya bo‘lmaganida, biz muqaddas hududimizning bir qismini allaqachon yo‘qotgan bo‘lardik», degan Knejyevich BBC muxbiriga.
Siyosatda millatchilar ittifoqi kuchayishi
Knejyevich serb ko‘cha millatchiligi timsoli bo‘lsa-da, yaqinda mamlakatda millatchi partiyalarning yangi siyosiy ittifoqi tuzildi.
Rossiyani qo‘llab-quvvatlab, Kosovoni Belgrad nazorati ostiga qaytarishni talab qiluvchi millatchi partiyalar Serbiya parlamentidagi mandatlarning deyarli 15 foizini birlashtiradi, bu esa ularni mamlakatdagi eng yirik muxolifat bloklaridan biriga aylantiradi.
Ushbu koalitsiya tarkibiga kiruvchi «Eshiklar» partiyasi rahbari Boshko Obradovich Rossiya bilan uzoq yillik aloqalarga ega.
Ko‘pgina serb millatchilari singari u ham BBC nashri bilan suhbat qilishni xohlamagan, biroq bir necha oy davom etgan so‘rovlardan so‘ng baribir intervyu berishga rozi bo‘lgan.
«Rossiya biz uchun ittifoqchi, do‘st mamlakat. U hech qachon bizni bombalamagan. Rossiya Kosovoni Serbiyadan olmoqchi emas. Rossiya hatto Kosovo mustaqilligini tan olmaydi. Umuman olganda, xalqaro miqyosda Serbiya va Rossiyaning pozitsiyalari ko‘pincha mos keladi», degan Obradovich.

Millatchilar AQSh va Yevropaning Belgradga Kosovoni tan olish bo‘yicha bosimini qat’iyan rad etadi, biroq mamlakat ichidagi ba’zi voqealar ham vaziyatga sezilarli ta’sir ko‘rsatadi.
2023 yil may oyi boshida Belgradda birdaniga ikkita o‘t ochuvchi quroldan foydalanish hodisasi yuz berdi (bir necha soatlik farq bilan) — ulardan biri maktab binosida sodir bo‘ldi. Otishmalar oqibatida jami 19 kishi halok bo‘lgan.
Bu qotilliklar mamlakatda zo‘ravonlikka qarshi ommaviy harakatni keltirib chiqardi. Shuni hisobga olgan holda, Serbiyadagi Moskvaga xayrixoh millatchilar ovozi endi u qadar baland emas.
Biroq, hatto qamoq jazosi tahdidi ham Knejyevichni qo‘rqitmagan. Uning ta’kidlashicha, u ham, uning guruhi ham Rossiya va «Vagner» yollanma askarlarini hali ham qo‘llab-quvvatlaydi.
«Biz ‘Vagner’ni frontda muvaffaqiyatga erishgan rus vatanparvar harbiy guruhi sifatida qo‘llab-quvvatladik va qo‘llab-quvvatlashda davom etamiz», degan u.
Knejyevich «Vagner» yollanma askarlarini ochiqchasiga «Rossiya qahramonlari» deb atagan.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!