13:17 / 24.10.2023
811

Nasroniylardan tuzilgan musulmon qo‘shin: Yanicharlar nega yo‘q qilib yuborilgan?

Nasroniylardan tuzilgan musulmon qo‘shin: Yanicharlar nega yo‘q qilib yuborilgan?

Har bir mamlakatning harbiy kuch tuzilmalarida jang olib boruvchi saralangan, ilg‘or maxsus bo‘linmalar mavjud. Ular jang maydonining eng qaynoq nuqtasida kurash olib boradi. Usmonli turk imperiyasida shunday kuch tuzilmasi – yanicharlar edi.

Yanicharlar 450 yil davomida Usmonli turk sultonlariga sadoqat bilan xizmat qilib, minglab muhorabalarda zafar quchishdi. Hatto G‘arbning otliq ritserlari ular bilan jang qilgani hayiqib turar edi. Ushbu maqolada Usmonli imperiyasi armiyasining ustuni bo‘lgan yanicharlar bo‘limining yaralish tarixi va intihosi haqida so‘z yuritamiz.

Yangi imperiyaning yangi qo‘shini

XIV asrda endigina qad ko‘tarayotgan yosh Usmonli davlati doimiy va sifatli piyoda armiyasiga ehtiyoj seza boshladi. Chunki turklarning otliq qo‘shini feodal tartibda tuzilgan bo‘lib, ular sultonning chaqirig‘i bilan bir tug‘ ostiga yig‘ilar edi. Bundan tashqari, ilk tashkil etilgan turk piyoda qo‘shinlari tartibsiz bo‘lib, ular yollangan jangchilar bo‘lgan.

Taxtga chiqqan sulton O‘rxon yangi yerlarni fath etish va nasroniylar qo‘shinini yengish uchun tunu kun jangga tayyor va eng muhimi unga sadoqatli piyoda bo‘linmasini yaratish kerakligini anglab yetdi. Fransuz tarixchisi Lussen Keren o‘zining “Amir Temur saltanati” asarida Usmonli armiyasi haqida to‘xtalib o‘tib, shahzoda Alouddin va Xalil Sendereli posho sultonga Islomni qabul qilgan yevropalik bandilar orasidan lashkar tuzish g‘oyasini berganini yozadi. G‘oya mualliflarining rejasiga ko‘ra, bu qo‘shin turli fitnalardan ancha yiroq bo‘lib, sultonga sadoqat bilan xizmat qilishi kerak edi. Biroq bunday bo‘lmadi.

Yanicharlar qanday tayyorgarlikdan o‘tgan?

Ajnabiy lashkarga ishonib bo‘lmasligi ma’lum bo‘lgach, Qora Rustam ismli posho nasroniylardan tortib olingan yosh bolalardan foydalanishni taklif qiladi. Uning fikriga ko‘ra, o‘g‘il bolalar ham jismoniy, ham ma’naviy tayyorgarlikdan o‘tib, sulton xizmatiga kirishlari kerak edi.

Qora Rustamning g‘oyasi to‘g‘ri chiqdi. Usmonli imperiyasi Bolqon yarim orolini egallagach, bu yerdagi xalqlar (yunon, xorvat, serb, alban va chex)ga 5-14 yoshgacha bo‘lgan har beshinchi o‘g‘il farzandni askarlikka berish majburiy qilib qo‘yildi. Bu majburiyat  – “sultonning ulushi” deb nomlangan.

 Sulton O‘rxonning o‘g‘li Murod I 1362 yilda yanichar bo‘linmasi tashkil etilganini rasman e’lon qildi va bu bo‘linmani “Yangi cherik” yoxud turkchasiga “Yenecheri” deb atadi. Keyinchalik ular Ovropada “Yanicharlar” deb dong taratdi.

Yanicharlar korpusiga barcha ham qabul qilinmas edi. Birinchi galda qabul qilinayotgan bola zodagon oilaning farzandi bo‘lishi shart edi. Tortib olingan bolalar Islom diniga o‘tkazilib, ularga turk tili o‘rgatilgan. Ularning ongi shudarajada yuvilar ediki, bolalar o‘tmishlarini tezda unutib, sulton bo‘lajak yanichar uchun yagona g‘amxo‘r sifatida gavdalanar edi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, nasroniy bolalar jang san’atining sir-asrorlarini qattiq va tinimsiz mashq orqali o‘rgansa, Bektoshi darvishlar mazhabidan bo‘lgan imomlar ularga Islom dinidan ta’lim bergan.

Bo‘linma askarlari shokilasi yelkasiga tushib turuvchi baland va murabba shaklidagi bosh kiyimi, qalin qizil rang matodan tayyorlangan keng to‘n kiyishar edi. Yanicharlar shamshir, doira shaklidagi qalqon, xanjar, ikki tig‘li boltacha, kamon va o‘q-yoy bilan qurollanishgan.

Yanicharlar bo‘linmasiga yangi qabul qilingan yosh askarlar quyidagi qoidalarga amal qilish uchun qasamyod qilishgan. Xususan, o‘z zobitlari va sulton amiriga so‘zsiz bo‘ysunish, oila qurmaslik, hazrat Bektoshi yo‘lini tutishlari hamda Islom dinining barcha aqida va qoidalariga rioya qilish.

Yanicharlar uzoq vaqt davomida muzaffariyat shulasini baland ko‘tarishdi. Jang vaqtida sulton dushman qo‘shinining asosiy qismi holdan toyishini poylab, yanicharlarni maydonga tashlar edi. Yanicharlarning jangga kirishi vaziyatni butunlay o‘zgartirib, turk qo‘shinlarining g‘alabasini ta’minlardi. XV asr o‘rtalarida yanicharlar jami 3-5 mingni tashkil etgan bo‘lsa, sulton Sulaymon davriga kelib 12 ming kishini tashkil etdi.

Yanicharlar
Foto: onedio.com

Yanicharlar inqirozi

XVI asr boshida yanicharlar soni 90 mingga yetdi. Harbiy bo‘limga saralash tizimi o‘zgartirildi. Yangi tizimga ko‘ra, bo‘linmaga endi turklar ham qabul qilinadigan bo‘ldi. Vaqt o‘tishi bilan ko‘p sonli yanicharlar imperiya ichki siyosatida muhim rol o‘ynovchi kuchga aylandi.

1622 yilda Polsha urushidagi mag‘lubiyatdan so‘ng sulton Usmon II yanicharlar sonini qisqartirishga qaror qildi. Hatto sulton ularni tarqatib yuborishni rejalashtirdi. Biroq yanicharlar bunga qarshi chiqdi va isyon uyushtirib, yosh sultonni o‘z saroyida o‘ldirishdi. Taxtga o‘tirgan sulton Salim III ham armiyani modernizatsiya qilmoqchi bo‘lgani uchun to‘ntarish qurboni bo‘ldi. Uning vorisi sulton Mahmud II yanicharlar bilan kelishish orqali iqtidorda qoldi. 

XIX asrda Usmonli imperiyasi inqiroz botqog‘iga botib, zaiflashib bordi. O‘sha vaqtda dunyoni bo‘lib olayotgan ikki yirik imperiya – Rossiya va Buyuk Britaniya Usmonli imperiyasini parchalash harakatida edi. Buni yaxshi tushunib turgan sulton Mahmud II mamlakat ichida islohotlarni amalga oshirishga qaror qildi.

Sulton birinchi galda islohotni harbiy sohadan boshladi. 1826 yilda Mahmud II chet ellik ofitserlar yordamida yangi qo‘shin shakllantirish to‘g‘risida farmon chiqardi. 1826 yilning iyun oyida yanicharlar isyon ko‘tardi. Sulton bu isyondan xabardor bo‘lib, u isyonni bostirish orqali yanicharlar taqdiriga nuqta qo‘yishni maqsad qilgan edi.

Yanicharlarni jazolash bir necha kun davom etdi. Bu vaqt ichida 10 minglab yanichar qilichdan o‘tkazildi. Ularning jonsiz tanalari esa Marmar dengizi va Bosfor bo‘g‘oziga uloqtirildi. Shu tarzda Usmonli turk imperiyasini yuksalishi va zaiflashuviga katta hissa qo‘shgan yanicharlar yo‘q qilindi. Ammo bu “Yevropaning xasta odami” deb nomlangan Usmonli turk imperiyasining hayotini saqlab qola olmadi.

Sardor Ali


arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo