Ekspertlar – Yaqin Sharqdagi vaziyat haqida: “Isroil G‘azoga kirsa, urush cho‘zilib ketadi”
Qohira shahrida G‘azodagi vaziyat yuzasidan AQSH va Isroil ishtirokisiz bo‘lib o‘tgan uchrashuvlar samarasiz yakunlandi. BMT Xavfsizlik kengashi a’zolarining fikrlari ham doimgidek yakdil emas. Kun.uz so‘nggi voqealarni tahlil qilish uchun “Geosiyosat” dasturiga siyosatshunoslar Lutfiddin Xo‘jayev va Kamoliddin Rabbimovni taklif etdi.
— Isroil faqat HAMAS bilan urishmoqdami yoki maqsad butun Falastinni egallashmi?
Lutfiddin Xo‘jayev: — So‘nggi voqealar va ikkala tomon bayonotlarini tahlil qiladigan bo‘lsak, hozirgi paytda Isroilning asosiy maqsadi – G‘azo sektoridagi HAMAS faoliyatiga chek qo‘yish. Chunki so‘nggi 5-7 yil ichidagi Falastin-Isroil mojarolari asosan HAMAS bilan bo‘lyapti. Shu paytgacha bo‘lgan to‘qnashuvlarning eng uzuni 17 kun bo‘lgan edi. Hozirgi urush boshlanganiga esa 18 kun bo‘ldi. Isroil tomoni harbiy harakatlarni 3 oy davom ettirishni reja qilshgan, degan xabar ham chiqdi, ammo hali bu aniq emas. Quruqlikdagi qo‘shinlar faol harakatga kelgani ham yo‘q. Chunki jahon hamjamiyati ikki tomondan ham harbiy harakatlarni to‘xtatishni so‘rayapti.
Juda katta fojia bu, 2,5 mln aholisi bor hudud gumanitar halokat yoqasida turibdi. G‘azodagi inshootlarning uchdan biri bombardimon natijasida butunlay yaroqsiz holga kelgan. Shuning uchun ham hozirgi asosiy maqsad – urush harakatlarini to‘xtatish.
Isroil bu urushda faqat HAMAS bilan cheklanadi, menimcha. Chunki Falastin hukumati vaziyatga bosiqlik bilan yondashib, tinch yo‘l bilan hal qilish pozitsiyasida.
Kamoliddin Rabbimov: — Meningcha esa Isroil HAMAS orqali Falastin davlatchiligi bilan kurashyapti. Voqealar rivojiga qarasak, HAMAS 1987 yilda tuzilgan. Jangari guruhlarning Isroil atrofida paydo bo‘lishi asosan 70-yillardan boshlanadi. Ya’ni 1947 yildan 70-yillargacha arab davlatlari Isroilni tiyib turishga va Falastin davlatini tashkil qilishga harakat qildi.
Bu yerda savol paydo bo‘ladi. Agar faqat HAMAS bilan kurashyapti ekan, nega Netanyahu hokimiyatga kelgach, G‘arbiy sohildagi bosqinlar, yahudiylar joylashuvi tobora kuchayib boryapti? Mahmud Abbos ma’muriyati bilan muloqotni to‘xtatib, e’tiborni HAMAS bilan kurashga qaratdi. O‘ylashimcha, bu – Isroilning taktikasi. Asosiy maqsad – bosib olingan yerlarni Falastin davlatchiligiga qaytarmaslik va Falastin davlati tashkil topishiga yo‘l qo‘ymaslik. Isroil 1967 yilgi chegaralarga qaytmoqchi emas.
— Isroil quruqlik operatsiyalarining haligacha boshlamagani sababi Bayden va Blinkenning Yaqin Sharqqa tashrifimi?
Lutfiddin Xo‘jayev: — Menimcha, HAMAS o‘tgan vaqt davomida o‘zining harbiy salohiyatini ancha oshirib olgan. Xususan, yerosti tunnellari qurilgan. Isroil G‘azoga kirgach, qanday vaziyat bo‘lishini hech kim aytolmaydi.
HAMAS hech qachon Isroilni davlat sifatida tan olmagan. Bu esa muammoni yanada chigallashtiradi. Muammo yaqin kunlarda hal qilinmasa, Isroil hech qanday muzokaralar olib bormaydi. HAMAS va Isroilni qo‘llovchi kuchlar omili ham bor bu yerda. HAMASni Eron, Qatar, ma’lum ma’noda Turkiya qo‘llaydi. 70-80-yillardan keyin yangi o‘yinchilar kirib keldi, vaziyat murakkablashdi.
Diplomatik kanallar ham olib borilyapti. Xususan, Misr hukumati jang harakatlarini to‘xtatish uchun tinimsiz muloqotga kirishyapti. Misr – G‘azo bilan chegarada joylashgan. Chegarani yopib tashladi. Chunki qochoqlar masalasi o‘rtaga chiqadi. Shuning uchun iloji boricha tezroq to‘xtatishga harakat qilyapti. AQSH, Qatar, Turkiya, BAA, YEI vakillari ham diplomatik muloqotlar olib boryapti hozir. 75 yildan beri davom etayotgan muammoni yechish oson ish emas, albatta. Mexanizmlar ishlab chiqish, turli muzokaralar olib borish kerak.
Kamoliddin Rabbimov: — Mintaqadagi qaysi davlat destruktiv ekani hammaga ma’lum. Isroil harbiy jihatdan nihoyatda qudratli. Xalqaro maydonda kollektiv g‘arb timsolidagi himoyachisi ham mavjud. HAMAS bilan kurashish bahonasida G‘azodagi butun bir infratuzilma yo‘qotildi. Kasalxonalar, maktablar, ma’muriy binolar, yo‘llar yo‘q qilindi. Isroil G‘azoni blokada qilishi va tinch aholini nishonga olayotganini butun dunyo ko‘rib turibdi. Isroil har doim shunday qilgan. “Menda qudrat bor, xalqaro qonunchilik doirasida ham shunday qilolaman” degan tafakkurini Isroil doim amalda ko‘rsatib kelgan.
Isroil bilan diplomatik kelishuv ishlaganda shu paytgacha ishlardi. Falastin hududi borgan sari kamayib boryapti va yahudiylar joylashuvi kuchaymoqda. Xalqaro maydonda HAMASni kecha paydo bo‘lgan jangari guruh deb iddao qilinadi. Xo‘p, shunday ekan, boshqalarga-chi, ularga ham Falastinning bir qarich yerini bermayapti-ku.
Isroil hozircha G‘azoga kirib bormayotganiga ikkita sabab bor. Birinchi sabab: G‘azoga kirib borsa, urush cho‘zilib ketadi va partizanlar urushi boshlanadi, buning oqibatlari Isroilning o‘zi uchun yomon bo‘lishi mumkin. Ikkinchi sabab: xalqaro bosim kuchli, lekin shunda ham bombardimon qilishdan to‘xtamayapti. Isroil – BMT assambleyasida eng ko‘p salbiy rezolyutsiya olgan davlat. Isroilda oldin qolgan arab davlatlari bilan kelishib olaylik, degan fikr bo‘lishi mumkin.
Blinken Qohiraga kelganda, Misr prezidenti As-Sisi aytdiki: “Qohirada, umuman, Misrda ming yillar davomida yahudiylar yashagan, lekin hech qanday konflikt bo‘lmagan”, dedi. Bizning Buxoroda ham shunday, yahudiylar bir necha asrlardan beri doim yashagan. Ya’ni Isroilning hozirgi tafakkuri jarohatlanish oqibati, ikkinchi jahon urushi va undan oldingi voqealar tufayli shunday bo‘lgan. Shu qahr-g‘azab bilan Falastinga nisbatan shunday siyosat olib boryapti.
Lutfiddin Xo‘jayev: — Jahondagi hozirgi xalqaro munosabatlar tizimi asosan 1945 yildan keyin shakllandi. Xavfsizlik kengashining 5 ta a’zosi ham. 1991 yilga kelib esa bu muvozanat buzildi. Xalqaro doirada Yaqin Sharq masalalarida asosiy homiy AQSH bo‘lib qoldi. Xalqaro xavfsizlikni ta’minlovchi institutda ixtiloflar paydo bo‘ldi. Eng katta sabablardan biri shu. Shuning uchun xalqaro huquq doirasidan chiqishlar bo‘lyapti.
Xalqaro munosabatlar tizimida fundamental o‘zgarishlar ketyapti. Global xavfsizlik institutda muammolar va xalqaro huquqdan chetlashish keskinlik ortishiga sabab bo‘lyapti.
Normuhammadali Abdurahmonov suhbatlashdi.
“Zamin” yangiliklarini “Telegram”da kuzatib boring