22:43 / 20.12.2023
183

HAMAS rahbari Qohirada. Yangi sulh tuziladimi?

HAMAS rahbari Qohirada. Yangi sulh tuziladimi?

Foto: Getty Images
HAMAS rahbariyati harakat siyosiy yetakchisi Ismoil Xoniya Misr poytaxti Qohiraga tashrif buyurgani haqida ma’lum qildi. U misrlik mulozimlar bilan G‘azo sektoridagi harbiy harakatlarda yangi tanaffus ehtimolini muhokama etishi taxmin qilinmoqda. Xoniya Misr razvedkasi rahbari Abbos Komil va boshqa rasmiy shaxslar bilan uchrashishi ko‘zda tutilgan.

Qatarda yashovchi Xoniya odatda faqat muvaffaqiyatga erishish ehtimoli yuqori bo‘lgandagina diplomatik jarayonlarga oshkora qo‘shila boshlaydi.

Oxirgi marta u Misrga noyabr oyi boshida, urushda bugungacha yagona bo‘lib turgan otashkesim e’lon qilinishi arafasida tashrif buyurgandi - o‘shanda o‘t ochishni to‘xtatish rejimi bir hafta davom etgan va garovdagilarning yuzdan ortig‘i ozod etilgandi.

Muzokaralarning borishidan xabardor bo‘lgan manba Reuters agentligiga aytishicha, ular sulh haqidagi yangi kelishuv doirasida hamon G‘azoda garovda qolayotganlardan kimlarni ozod etish va Isroil buning evaziga qaysi mahbuslarni qaytarishini muhokama qilishadi.

BBC muxbiri Yolanda Knellning ta’kidlashicha, G‘azo sektorida to‘liq o‘t ochishni to‘xtatishga hali uzoq bo‘lsa-da, Isroil va HAMAS o‘rtasida harbiy harakatlarda yangi tanaffus bo‘lishining belgilari paydo bo‘lmoqda.

Ammo buning uchun HAMAS bildirib kelayotgan o‘z pozitsiyasini o‘zgartirishi kerak bo‘ladi. Harakat muntazam ravishda bunda buyon isroillik asirlarni faqat butkul o‘t ochishni to‘xtatish evaziga qo‘yib yuborishi mumkinligini aytib kelmoqda.

Mahalliy nashrlarga ko‘ra, Isroil ayollar va keksa yoshli kishilar yoki davolanishga muhtoj bo‘lgan asirlarni ozod etishga intilmoqda. Buning evaziga Isroil qamoqxonalarida jiddiy jinoyatlarda aybdor deb topilgani uchun saqlanayotgan falastinlik mahbuslar qo‘yib yuborilishi mumkin.

Reuters manbasiga ko‘ra, muzokaralar jadal davom etmoqda va bir necha kun ichida kelishuvga erishilishi mumkin.

Falastinlik amaldorlardan biri Xoniya Misr rasmiylarining muammoga yangicha yondashuv bo‘yicha takliflarini eshitishni istayotgani aytgan va rasman HAMAS har qanday yangi vaqtinchalik otashkesimni rad etishi va harbiy harakatlarni butunlay to‘xtatishni talab qilishini qayd etgan.

«HAMASning pozitsiyasi o‘zgarmaydi: ular gumanitar pauza istamaydi. HAMAS Isroilning G‘azodagi urushi to‘liq to‘xtatilishini istaydi, - degan falastinlik mulozim. - Xoniya va HAMAS hamisha Misrning sa’y-harakatlarini yuqori baholagan. Bugun u Isroil yoki Misrdan yangi takliflar eshitish uchun Qohirada. Natijalar haqida gapirishga hali ert».

Yuqori martabali isroillik mulozim hukumatning urush faqat garovdagilarning barchasi ozod etilishi va HAMAS yakson etilishi bilan yakunlanishi haqidagi pozitsiyasini takrorlagan: «Bosh vazir aytganidek, urush faqat to‘liq g‘alaba bilan yakunlanadi».

Ammo Isroil prezidenti Is'hoq Hersog seshanba kuni mamlakat ko‘proq asirlarni ozod etish uchun HAMAS bilan yangi vaqtinchalik sulh tuzishga tayyor ekanini e’lon qildi. U 80 mamlakat elchilari guruhiga murojaat qilib, Isroil Falastin xalqi bilan urush qilmayotgani, balki «o‘z dushmani bo‘lmish HAMAS terrorchilik harakatiga qarshi kurashayotgani»ni ta’kidlagan.

«Men Isroil garovdagi fuqarolarini ozod qilish uchun yana bir humanitar pauzaga va qo‘shimcha humanitar yordamga tayyor ekanini tasdiqlashim mumkin», — deya uning so‘zlarini keltirmoqda The Times of Israel nashri.

Shu bilan birgalikda, Isroilning ittifoqchilari Netanyahu hukumatiga bosimni kuchaytirib, Isroilning G‘azo sektoridagi tinch aholi orasida ko‘p sonli qurbonlarga va anklav sohilbo‘yining katta qismi yer bilan bitta bo‘lishiga olib kelayotgan amaliyotini to‘xtatish yoki hech bo‘lmaganda sezilarli darajada kamaytirishni talab qilmoqda.

Isroilning eng yaqin ittifoqchisi bo‘lmish Vashington so‘nggi haftalar mobaynida ochiqchasiga Tel-Avivni amaliyot ko‘lamini qisqartirish va faqat HAMAS yetakchilariga qarshi qaratilgan maqsadli kampaniyaga o‘tishga, AQSH prezidenti Jo Bayden ta’biri bilan aytganda «bir boshdan bombalash»ni to‘xtatishga chaqirdi.

Shu bilan birga, Vashington BMT Xavfsizlik kengashida Isroilni zudlik bilan o‘t ochishni to‘xtatish talabidan himoyalash uchun ikki bor veto huquqidan foydalangan.

Yangi rezolyutsiya bo‘yicha navbatdagi ovoz berish matnni kelishib olish va Amerika vetosini chetlab o‘tish uchun yana bir kunga qoldirildi.

AQSHning BMTdagi doimiy vakili Linda Tomas-Grinfild seshanba jurnalistlarning kelishuv qanchalik yaqinligi to‘g‘risidagi savoliga shunday javob qaytargan: «Biz harakat qilyapmiz, biz chindan ham juda qattiq harakat qilyapmiz».

Isroilning o‘zida hukumat jamoatchilik va siyosatchilarning garovda qolgan asirlarning barchasini zudlik bilan ozod etish bo‘yicha kuchayib borayotgan bosimi ostida qolmoqda. Hukumat isroillik harbiylar garovdagilarning uch nafarini xatolik bilan o‘ldirib qo‘yganini rasman tan olgani ham yordam bermadi.

Isroil ma’lumotlariga ko‘ra, G‘azoda 129 asir qolgan, taxminlarga ko‘ra, shundan 21 kishi asirlikda jon bergan.

G‘azodagi vaziyat

G‘azoda tinchlik sulhi dekabr boshida tugagan va urush yanada qizg‘in pallaga kirgandi. Avval G‘azo sektori shimoliy yarmi bilan cheklangan quruqlik amaliyotlari endi butun anklav bo‘ylab tarqaldi.

G‘azo sog‘liqni saqlash vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, isroilliklar zarbasi oqibatida halok bo‘lganlar soni 20 000 kishiga yaqinlashgan, yana uch mingga yaqin kishi bedarak yo‘qolgan yoki vayronalar ostida qolib ketgan deb hisoblanmoqda.

Isroil qo‘shini o‘z harbiy maqsadlarining asosiy qismiga noyabr oyidayoq erishgani aytilgan anklav shimolida janglar avvalgidan ham ko‘ra shiddatliroq olib borilmoqda.

Qizil yarim oy jamiyatining Falastin bo‘limi xabariga ko‘ra, Isroil qo‘shini Jabaliyadagi tez yordam omborxonasini qamal qilgan, eng shiddatli janglar shu hududda davom etmoqda. Bu yerda xodimlar, vaqtincha ko‘chib kelgan shaxslar va yaradorlardan iborat 127 kishi joylashgan.

O‘z uylarini tark etgan aholi boshpana topgan janubda esa Xon Yunusda hududida intensiv janglar ketmoqda, Isroil harbiylari shaharning bir qismini egallab olishgan.

Isroil tomoni tinch aholi himoyasi uchun imkon doirasidagi barcha ehtiyot choralarini ko‘rayotgani, jumladan zarbalar haqida oldindan ogohlantirayotganini aytmoqda va HAMASni jangchilarini tinch aholi orasida harakatlantirib, ularni xavf ostiga qo‘yishda ayblamoqda.

Xalqaro gumanitar tashkilotlar sektor aholisi gumanitar halokat yoqasida turganidan ogohlantirmoqda: 2,3 million aholining 90 foizi vayrongarchiliklar tufayli o‘z uylarini tark etishga majbur bo‘lgan hamda qamal tufayli oziq-ovqat va dori-darmon taqchilligini boshdan kechirmoqda.


arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo