00:39 / 29.12.2023
509

Qora dengizdagi urush: Ukraina Rossiya flotiga qarshi qanday kurashmoqda va buyog‘iga nima bo‘ladi?

Qora dengizdagi urush: Ukraina Rossiya flotiga qarshi qanday kurashmoqda va buyog‘iga nima bo‘ladi?

«Moskva» kreyseri Rossiya Qora dengiz floti flagmani edi. Ukrainlarning «Neptun» raketasi zarbasidan cho‘kib ketmagunicha

RF Qora dengiz floti qo‘mondonligi Ukraina bilan keng ko‘lamli urushga desant bo‘linmalari tushirish, Odessa portiga reydlar uyushtirish, sohil bo‘ylab amaliyotlar o‘tkazish va yurish qilayotgan qo‘shinlar qanoti himoyasini ta’minlashni rejalashtirgan holda kirgandi. BBC Ukraina harbiy sharhlovchisi Kirill Danilchenko Qora dengiz hududidagi harbiy harakatlar rivojini tahlil qildi.

Buning uchun Boliq va Shimoliy flotlardan to‘rtta yirik desant kema, shuningdek Kaspiy va Boltiq dengizidan dengiz piyodalari batalyonlari qo‘shimcha kuchlar sifatida olib kelingandi.

Ammo Ukraina — o‘z aviatsiyasi, OTRK (operativ-taktik raketa komplekslari), og‘ir reaktiv tizimlari va masofadan minalashtirish imkoniyatlariga ega bo‘lgan mamlakat edi.

Shu tufayli ruslarni ukrainlarga qarshi yengil sayohat kutmayotgandi.

Rossiyaliklar ilk kunlarda Odessani artilleriyadan o‘qqa tutib, ukrain sohillarida radiolokatsiya vositalari bilan navbatchilik qilib, «Kalibr» raketalari uchirib, tezda Berdyansk portini egallab va Ukraina harbiy-dengiz kuchlarining Ochakovdagi operativ markaziga qanotli raketalar bilan og‘ir zarbalar yo‘llash (o‘shanda ukrain harbiylarining jasadlari g‘avvoslar tomonidan olib chiqilgandi) orqali dadil harakat qilgandi.

Ammo g‘alabadan sarmastlik uzoq davom etmadi. Va Ukrainaning amalda o‘z floti yo‘qligiga qaramay shunday bo‘ldi.

Rossiya flotining yo‘qotishlari

Rossiya Qora dengiz floti nimalarni boshdan kechirdi?

«Saratov» yirik desant kemasi urushning dastlabki davrida Berdyanskda yo‘q qilingandi, Rossiya buni bir yil o‘tib tan oldi
  • Dengizda ekipajsiz dronlar hujumi. Masalan, Novorossiyskka qilingan reyd vaqtida «Olenegorskiy gornyak» yirik desant kemasi (Shimoliy flotdan olib kelingan kema)ga jiddiy shikast yetkazildi.
  • Berdyanskdagi boshqa yirik desant kemalarga «Tochka-U» raketalari bilan zarbalar: «Saratov»da yong‘indan keyin detonatsiya kelib chiqishi yuk tushirish qismini qo‘porib tashladi hamda kemaning o‘zi dengiz tubiga cho‘kib ketdi, «Tsezar Kunikov» esa shu qadar shikastlanishga uchradiki, uni bir yil davomida ta’mirlashga to‘g‘ri keldi.
  • RF Qora dengiz flotining Sevastopoldagi qarorgohiga avvaliga dronlar bilan zarba berildi, keyin esa bu yerga — qanotli raketalar «uchib keldi».
  • Asosiy bazadagi yirik neft ombori yo‘q qilindi.
  • Kemalar ochiq dengizda minalarga tushib portladi va Sevastopolga reydlar uyushtirildi.
  • Bortida «Tor» zenit-raketa kompleksi bo‘lgan «Spasatel Vasiliy Bex» shatakchi kemasi (buksir) Harpoon raketasi bilan yo‘q qilindi.
  • Eng mashhur epizod: flot flagmani bo‘lgan «Moskva» kreyseriga ukrainlarning «Neptun» rusumli kemalarga qarshi raketasi bilan zarba berilishi oqibatida kuchli yong‘in yuzaga keldi va kema cho‘kib ketdi. «Aviatashuvchilar qotili» va «NATO uchun tahdid» deb atalgan kema klassik raketa qurboniga aylandi.
  • «Kalibr» raketalari olib yuradigan suvosti kemasi hamda Sevastopol portidagi kema ta’mirlash zavodida turgan «Minsk» desant kemasi ham zarbaga uchradi. «Minsk» amalda butunlay safdan chiqdi — agar u ta’mirlansa ham bunga bir necha yil ketishi mumkin.
  • Raketa kemalarga ham zarbalar berildi: Kerchdagi «Zaliv» zavodi prichalida turgan «Askold» kichik raketa kemasi hamda «Velikiy Ustyug» raketa tashuvchisi ishdan chiqarildi.
  • 2023 yil 26 dekabrga o‘tar kechasi esa ukrain armiyasi raketa zarbasi bilan Feodosiya portida turgan «Novocherkassk» yirik desant kemasini cho‘ktirib yubordi.
  • Katerlar ham hujumlardan chetda qolmadi: «Tor» tizimini tashishda va ekipajsiz dronlarga qarshi suzib yuruvchi o‘t ochish nuqtasi foydalanilgan «Raptori» va «Serni» katerlari cho‘kib ketdi.

Qrimdagi Saki aerodromiga hujum oqibatida esa «Neptun» raketalari bilan Su-24 rusumli oltita bombardimonchi va Su-30 rusumli to‘rtta qiruvchi samolyotga zarba berildi.

Ukrainlar aviatsiyasi Qora dengiz ustida ham samolyotlarni urib tushirdi: sohil yaqiniga mina joylashtirish bilan mashg‘ul bo‘lgan Su-24 cho‘kib ketdi, Mikolayiv yaqinida Rossiya dengiz aviatsiyasining Su-30SM samolyoti urib tushirildi, uning uchuvchisi asir olindi. Shuningdek, Odessa yaqinida Su-34 urib tushirildi. 2023 yilning 22 va 24 dekabr kunlarida esa, Ukraina qurolli kuchlari bergan bayonotga ko‘ra, janubiy yo‘nalishda rossiyaliklarning beshta samolyoti urib tushirilgan: to‘rtta Su-34 va bitta Su-30.

2023 yil aprelida Sevastopoldagi neft bazasida ro‘y bergan yirik yong‘in

Flot xavfsizroq joyga ko‘chirilishi

Barchasi shunga olib keldiki, RF Qora dengiz floti o‘z xavfsizligi uchun muntazam ravishda Sevastopol atrofidagi dengiz suvlarida mina bor-yo‘qligini tekshirib chiqib, Novorossiyskdagi bazaga ko‘chib o‘tishga qaror qildi.

Ya’ni shtab bo‘ylab zarbalar, reydlar chog‘idagi dronlar hujumlari, quruqlikdagi doklar va prichallarda turgan kemalarga zarbalardan keyin rossiyalik dengizchilar kemalar jismonan tugab bitishi mumkinligini anglab yetishdi.

Hatto tovush tezligida uchmaydigan kemalarga qarshi raketalar va samolyotlardan uchiriladigan qanotli raketalarga qarshi turish ham o‘ta murakkab vazifa bo‘lib chiqdi.

Ukrainlar suv ostida harakatlanuvchi dronlarni jangga tashladi va ular mina qo‘yish imkoniyatiga ham ega bo‘ldi.

Qora dengizdagi urush yana bir bor ko‘rsatdiki, shxerlar (dengizlardagi mayda orolchalar yoki dengiz qoyalari), orollar va buxtalarsiz harbiy harakatlar teatrida flotni shunchaki kishanlab qo‘yish oson.

Ukrainlarning dengiz dronlari Rossiya floti uchun jiddiy tahdidga aylandi

Birinchi jahon urushi vaqtida u qadar kuchli bo‘lmagan turk floti va nemislarning og‘ir kreyseri SMS Goeben Rossiya g‘alla savdosini bloklab qo‘yib, Sevastopol va Mikolayiv bo‘ylab zarbalar yo‘llagandi. Nemislar va turklarning Qora dengizdagi kuchlaridan bir necha barobar ustun bo‘lgan Rossiya eskadrasi bir necha yil davomida ochiq dengizda tuzoqqa tushdi.

Ikkinchi jahon urushi vaqtida nemislar barjalar, torpedali katerlar va bir necha suv osti bombardimonchilari va torpeda otuvchilari eskadriliyasini Qora dengiz bo‘yi va Azov dengizi bo‘yiga olib kelgan, shuning o‘zi sovetlarning Qora dengizdagi floti 32 qayiq, kreyser va 11 esminetsdan ayrilishi uchun yetarli bo‘lgandi.

Nemislar Qora dengiz flotining o‘sha vaqtdagi flagmani, «Sevastopol» linkorini avvaliga Novorossiyskka, keyin Potiga chekinishga majbur qilgan, bu portlarda u shunchaki suzuvchi zenit batareyaga aylangandi.

Blokada

Shu bilan birga, hozirgi Qora dengiz floti, barcha yo‘qotishlariga va Novorossiyskka qisman ko‘chib o‘tganiga (bu yerda rossiyaliklar o‘z «Kalibr»larini raketa tashuvchilariga yuklashi qiyin) qaramay, hamon jiddiy raqib bo‘lib qolmoqda.

Va bu yerda gap rossiyaliklarda qanotli raketalarni tashuvchilar yetarlicha ekani, uchta suvosti kemasi borligi va kichik raketa kemalarini kanallar va daryolar orqali olib o‘tish imkoniyati mavjudligida ham emas — ularda yuqori aniqlikdagi qurollar zaxirasi hamon kattaligicha qolmoqda.

Va Qora dengizda ruslar bir necha hafta navbatchilik qilmagan holatda ham Rossiya o‘z guruhini qisqa muddatda joylashtira oladi.

Aftidan, Harpoon va «Neptun» raketalari Rossiyaning desant tashlash ehtimolini istisno qilgan. Ammo Ukraina uchun dengizdagi asosiy muammo blokada bo‘lib qolmoqda.

Ukrainalik harbiylar kemalardan tashqari ahamiyati kattaroq bo‘lgan nishonga - flotning Sevastopol markazidagi shtabiga ham raketa zarbalari yo‘llagan. Foto: TASS

2021 yilda birgina Chernomorsk portining o‘zi mingta kemani qabul qilgan. Bolshaya Odessa (Odessa, Chernomorsk, Yujniy portlari) bir necha ming yuk kemalari va tankerlarni qabul qilgan. Hozir esa Ukrainaning vaqtincha yo‘lagidan faqat ikki yuz kema o‘tishi mumkin.

Dnipro orqali daryo logistikasi esa harbiy harakatlar tufayli keyingi avlodlar uchun ham imkonsiz bo‘lib qoldi — millionlab investitsiyalar va minglab odamlar ish o‘rni yo‘qotildi.

G‘alla eksporti hajmi 30 foizga, metallar eksporti hajmi 45 foizga kamaydi — bu sezilarli miqdor, bu milliardlab dollar degani.

Vaqtincha yo‘lak narxlarni tonnasiga 60 dollardan 40 dollarga tushirishga erishgan bo‘lsa-da, sug‘urta risklari va kema egalarining mijozlarga jarimalari tufayli ukrain portlari orqali dengiz logistikasi ancha qimmatligicha qolmoqda.

Qolaversa, chinakamiga harbiy tahdid saqlanib qolmoqda: minalar qo‘yilishi, raketalar uchib kelishi, rossiyaliklarning dengiz aviatsiyasi faoliyati, desant va diversiyaga qarshi choralar. Bular Ukraina kurashishi kerak bo‘lgan narsalar.

Aynan shuning uchun Turkiya, Bolgariya va Ruminiya minalardan tozalash bo‘yicha memorandum imzolagan. Aynan shuning uchun kelgusida Ukrainaga kemalar — mina tozalovchilar, patrul katerlari va ehtimol, korvetlar ham beriladi.

Vaqtinchalik yo‘lakni kengaytirish, Izmayil va boshqa daryo portlari orqali yuk tashish, ruslar ochiq dengizda vertolyotlar va harbiy kemalar orqali savdo kemalarini to‘xtatishi va tekshiruv o‘tkazishini imkonsiz qilish kerak bo‘ladi.

Iqtisodiyoti xomashyo sotish, texnologiya va mashinasozlik importiga jiddiy qaram bo‘lgan Ukraina o‘z dengiz darvozalarini nazorat qilishi talab etiladi.

26 dekabrga o‘tar kechasi «Novocherkassk» yirik desant kemasi ukrainlar zarbalarining navbatdagi qurboni bo‘ldi — uni Feodosiya portida turganida raketalar bilan yakson etishdi. Foto: TASS

Bunga erishishga esa hali uzoq va rossiyaliklar mintaqadagi kemachilik uchun jiddiy xavf tug‘dirmoqda. Ammo Sevastopoldan evakuatsiya va dengizda faol patrullikdan voz kechilishi — Moskvaning Qora dengizda muammolari borligining ilk belgilaridir.


arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo