11:55 / 02.01.2024
241

Qozog‘iston “Tolibon”ni qora ro‘yxatdan chiqargani nimani anglatadi?

Qozog‘iston “Tolibon”ni qora ro‘yxatdan chiqargani nimani anglatadi?
Sentyabr oyida Xitoy elchisi Kobulda “Tolibon” bosh vaziriga ishonch yorlig‘ini topshirgan edi. 29 dekabr kuni esa Qozog‘iston hukumati “Tolibon”ni taqiqlangan tashkilotlar ro‘yxatidan chiqardi. Xo‘sh, toliblarga nisbatan munosabat sekin-asta o‘zgaryaptimi? Kun.uz “Geosiyosat” ruknida bu haqdagi savollarga siyosatshunos Farhod Karimovdan javob oldi.

— 29 dekabr kuni Qozog‘iston hukumati “Tolibon”ni taqiqlangan tashkilotlar ro‘yxatidan chiqardi. Buning sababi nimada?

— Bu savol ko‘pchilikni qiziqtiryapti. “Tolibon” turli davlatlar bilan munosabat o‘rnatyapti-yu, lekin o‘zi ularning qora ro‘yxatida yoki terroristik tashkilotlar ro‘yxatida turibdi. “Tolibon” bunaqa ro‘yxatlarda bo‘ladimi-yo‘qmi, dunyoning yetakchi davlatlari bilan ham, mintaqa davlatlari bilan ham aloqalar o‘rnatgan. Dohadagi idorasida ham AQSH, Rossiya, Xitoy kabi katta davlatlar bilan munosabatga kirishib turardi, vaholanki, bu davlatlarda “Tolibon” terroristik tashkilot sifatida e’tirof etiladi.

Afg‘onistonda shunday vaziyatki, xalqning katta qismi – asosan pushtunlar – “Tolibon”ga ergashyapti. Afg‘onistonda legitim bo‘lib turgan hukumat bilan munosabat o‘rnatish kerak, chunki Afg‘oniston Markaziy Osiyoga eng yaqin bo‘lgan muhim strategik hududlardan biri. Hind okeaniga chiqish, xavfsizlik masalalari turibdi. O‘zbekiston hukumati 32 yildirki Afg‘oniston masalasini kun tartibidan qo‘ymay keladi. Shunday ekan, boshqa Markaziy Osiyo davlatlari uchun ham Afg‘oniston kun tartibida turuvchi masala hisoblanadi.

Amalda hamma “Tolibon” bilan muloqot qilyapti, kerak bo‘lsa, hamkorlik qilyapti, iqtisodiy forum, muzokaralarga chaqirilyapti, shunday bir holatda Qozog‘iston ham chiqarib qo‘ya qoldi. O‘zi shundoq ham diplomatik me’yorlar buzilyapti, bunday ro‘yxatdagi tashkilot a’zolarini chegaradan o‘tkazish mumkin emas.

Pragmatik siyosat olib boradigan davlatlar tushunib yetdiki, “Tolibon” hukumatda ancha vaqt qoladi, balki legitimlik oshib, tan olinar ham. Shu nuqtayi nazardan, Qozog‘istonda “Tolibon”ni taqiqlangan tashkilotlar ro‘yxatidan vaqtinchalik chiqarish masalasi bo‘lgan, lekin ro‘yxatdan chiqarish degani rasmiy diplomatik aloqalar yoki huquqiy-siyosiy tan olinish degani emas, shunchaki noqonuniy munosabatlarning oldini oluvchi huquqiy qadam.

Baribir pragmatik siyosat – birinchi omil bu yerda. Afg‘oniston orqali transport koridorlaridan biri o‘tadi, bu allaqachon boshlandi ham. Bu koridor shimoliy koridorga juda yaxshi alternativ bo‘ladi. Hatto Rossiya qiziqish bildiryapti bunga, shunday bir vaziyatda Qozog‘iston bunday loyihalardan chetda qolishi mumkin emas. Qozog‘iston uchun asosiy marshrut shimoliy koridorlar edi, ammo sanksiyalar sabab nofaol holatga keldi. Hali Xitoy loyihasidagi koridor qachon bitishi noma’lum, ishlar sekinlashgan, shuning uchun ham eng qulay marshrut Afg‘oniston orqali bo‘lib qolyapti. “Tolibon” ham bu loyihani qo‘llayapti, tranzit foyda olish imkoni bo‘ladi, infratuzilma shakllanadi. Shuning uchun atrofdagi davlatlar “Tolibon” bilan muzokaraga kirishyapti. Umuman, asosiy sabab shu koridor masalasi bu yerda.

Nafaqat temiryo‘l, balki Pokiston va Hindistonga boruvchi energiya resurslari uchun ham yo‘lak bo‘ladi, ya’ni gaz, neft quvurlari. Shuning uchun katta eksportchi Rossiya ham chetga qolib ketishni istamaydi, shu sababli “Tolibon”ni ko‘p forumlariga taklif qiladi, muloqot qiladi. Xitoy esa ishonchnoma topshirib, ancha keng ko‘lamda aloqalar qilyapti. “Tolibon” bilan shunday faol munosabatlar jarayonida Qozog‘iston chetda qolsa, iqtisodiy imkoniyatlarni boy berib qo‘yishi mumkin.

— Markaziy Osiyoning boshqa davlatlari, umuman, global miqyosda “Tolibon”ga nisbatan munosabat o‘zgarib boradimi?

— Munosabat o‘zgarib bo‘ldi deyarli. Shu mintaqa bilan bog‘liq manfaatlari bo‘lgan barcha davlatlar “Tolibon” bilan muloqotga kirishyapti. Faqat qonuniylashtirish qoldi. Tan olish masalasi faqat Afg‘oniston xalqiga bog‘liq, ko‘pchilik ergashyapti deganimiz bilan hali to‘liq qo‘llov bor degani emas. Afg‘oniston xalqi ko‘p millatli hisoblanadi, dariy, pushtun, o‘zbek, tojik kabi bir qancha etnik millatlar bor. “Tolibon” hukumati to‘la legitimlikka erishishi uchun Afg‘oniston xalqi to‘liq tan olishi kerak, lekin hali to‘la tan olish bo‘lgani yo‘q, jarayon ketyapti. Markaziy Osiyo davlatlari ham, boshqa davlatlar ham jarayonni kuzatib turibdi. Tan olish masalasi hal bo‘lsa, butun bir davlatning legitim hukumatini terroristik tashkilot deb qoldirishmaydi, albatta. Referendum yoki boshqa yo‘l bilan rasman Afg‘oniston xalqi “Tolibon”ni tan olsa, boshqa davlatlar ham tan olishni boshlaydi.

Qozog‘iston birinchi qadamni qo‘yib boshladi, sekin-sekin boshqa davlatlar davom ettirishi mumkin. Afg‘onistonda qaysi hukumat legitim bo‘lsa, biz o‘sha bilan gaplashamiz.

— “Tolibon”ga munosabat uning o‘z xatti-harakatlari, ambitsiyalariga ko‘ra ham shakllanadi. Bu borada fikrlaringiz qanday?

— “Tolibon”ga Afg‘onistondagi muammolar yetib ortadi hozir. “Tolibon” o‘z bo‘yniga bitta davlatning hukumatlik vazifasini oldi, endi qayerdadir harakat olib borishi qiyin. Uning gardanida butun davlatning masalalari turibdi, tashqarida qandaydir ishlarni amalga oshirish uchun vaqti ham, imkoniyati ham yo‘q. Hozirgi “Tolibon” 1996-2001 yildagi “Tolibon” emas, harakatlarda ham ko‘rish mumkin. Oldingi “Tolibon” tahdidlar qilar edi, hozirgisi esa biz do‘stona munosabat qilamiz, tan oling, degan pozitsiya bildiryapti.

Qozog‘iston birinchilardan bo‘lib ro‘yxatdan chiqardi deyish ham noto‘g‘ri, chunki bu hali birinchilikni bildirmaydi. Vakolatxona ochish, elchi yuborish, aloqa o‘rnatishda boshqa davlatlar oldinda, xususan, O‘zbekiston. Biz elchixonamizni yopganimiz yo‘q, doimiy ravishda tashriflar, uchrashuvlar bo‘lyapti. Xalqaro minbarlarda ham Afg‘oniston masalasini eng ko‘p tilga olayotgan – O‘zbekiston. Biz Afg‘oniston masalasini ijobiy hal qilishimiz kerak, buning uchun esa amalda hokimiyatda bo‘lgan “Tolibon” bilan faol muloqotni yo‘lga qo‘yish kerak, degan pozitsiya bildirib kelyapmiz. Rasmiy diplomatik ko‘rinishda bo‘lmasa ham, biz doimiy ravishda Afg‘oniston bilan aloqadamiz. Afg‘onistonning tashqi savdo aylanmasidagi birinchi darajali davlat ham aynan O‘zbekiston.

NormuhammadAli Abdurahmonov suhbatlashdi.


arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo