17:39 / 02.03.2024
278

Janubiy Koreyada shifokorlar ish tashladi. Ular hukumatga nega norozilik bildiryapti?

Janubiy Koreyada shifokorlar ish tashladi. Ular hukumatga nega norozilik bildiryapti?
Foto: Kun.uz
O‘tayotgan hafta davomida Janubiy Koreyaning kichik toifali shifokorlarining uchdan bir qismi ish tashlab, namoyishlarga chiqdi. Oqibatda shifoxonalarda jarrohlik amaliyotlari to‘xtab qoldi yoki kechiktirildi.

Shifokorlar hukumatning tibbiyot OTMlariga ko‘proq talaba qabul qilish haqidagi qaroriga nisbatan norozilik bildirib, namoyishga chiqdi. 27 fevral, seshanba kungi holatga ko‘ra, 9 mingga yaqin shifokorlar ish joylarini tashlab, mamlakatning tibbiy xizmat tizimini xavfga qo‘ygan. Hukumat bu orada agar shifokorlar 29 fevralgacha ish o‘rinlariga qaytmasa, ularning litsenziyalarini to‘xtatib qo‘yish, jinoiy javobgarlikka tortish bilan tahdid qildi.

Namoyishga nima sabab bo‘ldi?

Avvalroq hukumat Janubiy Koreya tibbiyot oliygohlariga qabulni yiliga 2 mingtagacha ko‘paytirishni (ayni paytda 3058 talaba qabul qilinadi) va shuning bilan 2035 yilgacha aholi qarishiga qarshi tura olish uchun mehnat bozoriga 10 ming shifokorni qo‘shishni reja qilgan.

Rasmiylarga ko‘ra, Koreyada har ming nafar aholiga 2,1 shifokor to‘g‘ri keladi. Bu ko‘rsatkich rivojlangan davlatlarda 3,7 ni tashkil qiladi va Koreyada nisbat pastroq.

Ish tashlagan shifokorlar tibbiyot ta’lim muassasalari keskin o‘sadigan kvotaga bardosh berolmasligini iddao qilmoqda. Ularning fikricha, raqamlar oshishi davlat tibbiy xarajatlarini ko‘paytiradi xolos. Xuddi hozirgi vaziyatdagidek ko‘proq talaba o‘qigani bilan baribir shifokorlar dermatologiya, plastik jarrohlik kabi talab yuqori sohalarga o‘zlarini uraveradi, pediatriya, akusherlik va tez tibbiy yordam kabi kam maosh to‘lanadigan sohalarda mutaxassislar yetishmovchiligi saqlanib qolaveradi.

Ba’zi tanqidchilarga ko‘ra esa, kichik darajali shifokorlar sohaga ko‘proq shifokorlarning kirib kelishi daromadlari pasayishiga sabab bo‘lishidan xavotir olib, hukumat rejasiga qarshi chiqmoqda.

Bemorlarning ahvoli qanday?

Shifokorlarning namoyishlari sabab turli tibbiy muolaja va jarrohlik amaliyotlari kechiktirilyapti. O‘tgan juma kuni tez tibbiy yordam bilan bog‘liq muammo sabab 80 yoshlardagi yurak xastaligiga chalingan ayol vafot etdi. Uning o‘limi bilan shifokorlar ish tashlashining aloqasi bor deb qaralmoqda. Hozir holat bo‘yicha tergov ishi qo‘zg‘atilgan.

Kichik toifali (junior) shifokorlar yirik shifoxonalardagi jami vrachlarning 30-40 foizini tashkil qiladi. Ular jarrohlik amaliyoti vaqtlarida yuqori malakali (senior) vrachlarga yordam berish, statsionar bemorlar bilan ishlash vazifalarini bajaradi. Hozir esa ish tashlashlarda jami 100 ta shifoxonada ishlovchi minglab tibbiy xodimlar qatnashyapti.

Ish tashlashlar boshlangandan so‘ng hukumat davlat tibbiy muassasalari ish kunini uzaytirdi, harbiy shifoxonalarning tez yordam bo‘limlarini xalq uchun ham ochdi, hamshiralarga shifokorlar amalga oshiradigan ayrim tibbiy muolajalarni qilish huquqi berildi.

Sog‘liqni saqlash vazirligi og‘ir ahvoldagi va shoshilinch olib kelinadigan bemorlarni davolash holati barqaror ekanini bildirgan. Biroq agar malaka toifasi yuqori shifokorlar ham ish tashlashga qo‘shilsa, unda holat yomonlashadi.

Endi nima bo‘ladi?

Shu hafta boshida hukumat shifokorlarga payshanba — 29 fevralga qadar ish o‘rinlariga qaytishni, agar shunday qilishsa, ularga intizomiy chora ko‘rilmasligini bildirgandi. Lekin bu muddatdan o‘tib ketgan har bir shifokorning litsenziyasi kamiga 3 oy to‘xtatib qo‘yilishi, holat bo‘yicha tergov kabi qonuniy choralar ko‘rilishini bildirgandi.

Lekin bu namoyishlar tezda bosiladiganga o‘xshamaydi.

Janubiy Koreya tibbiyot qonunchiligiga ko‘ra, agar xalq salomatligiga xavf tug‘ilsa, hukumat shifokorlarga ishga qaytish talabini qo‘yishga haqli. Bunda ishlashni rad etgan shifokorlarning litsenziyasi 1 yilgacha bekor qilinishi, 3 yilgacha qamoqqa hukm qilinishi yoki 22,5 ming dollar miqdorida jarimaga tortilishi mumkin.

Qayd etish kerakki, shifokorlik Janubiy Koreyada yuqori maosh to‘lanadigan sohalardan biri sanaladi. Shuning uchun ham odamlar ularning namoyish uyushtirib norozilik bildirayotganiga unchalik xayrixoh bo‘lishmayapti.

Hukumatning qat’iy talabidan so‘ng 500 dan oshiqroq shifokor ishga qaytgan, lekin hali ham 8 mingdan oshiq vrach namoyishda qatnashmoqda. Hukumat esa oxirgi muddatni shifokorlarga qat’iylik bilan eslatib turibdi.

Dam olish kunlaridan so‘ng (Koreyada 1 mart bayram va dam olish kuni hisoblanadi) ko‘proq shifokor ishga qaytishi taxmin qilinyapti.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo