23:42 / 07.07.2024
369

Eronning yangi prezidenti davrida qanday o‘zgarishlar kutilmoqda?

Eronning yangi prezidenti davrida qanday o‘zgarishlar kutilmoqda?
Foto: Tehran Times
Eronliklar may oyida aviahalokatida vafot etgan Ibrohim Raisiy o‘rniga saylovlarda reformator Mas’ud Pezeshkiyonni mamlakat prezidenti etib tanladi. 69 yoshli yurak jarrohi Pezeshkiyon saylovning ikkinchi bosqichda ultrakonservativ Said Jaliliyga qarshi eng ko‘p — 16 millionga yaqin ovoz to‘pladi.

Pezeshkiyon nimalarni va’da qilgandi?

U saylovoldi tashviqotida Eronni izolyatsiyadan chiqarish uchun G‘arb davlatlari bilan “konstruktiv munosabatlar”ga chaqirdi. Siyosatchi AQSH va boshqa kuchlar bilan 2015 yilda imzolangan yadroviy kelishuvni qayta tiklashga va’da berdi, bu esa sanksiyalarni yumshatish evaziga Eronning yadroviy faoliyatiga cheklov kiritishni nazarda tutadi. Kelishuv 2018 yilda Vashington undan chiqqanidan keyin to‘xtatilgandi.

Pezeshkiyon Eronda uzoq vaqtdan beri mavjud internet cheklovlarini yumshatishga va 2022 yil Mahsa Aminiy hibsxonada vafot etganidan keyin ayollarni ro‘mol o‘rashga majburlovchi axloq politsiyasiga “to‘liq” qarshilik ko‘rsatishga va’da bergan. Ikki yil oldin 22 yoshli eronlik kurd ayoli Mahsa Aminiy hijob o‘rash qoidalarini buzganlikda ayblanib, hibsga olingan va uning o‘limi mamlakat bo‘ylab qonli tartibsizliklarga sabab bo‘lgandi.

Foto: Mahsa Aminiy o‘limidan keyin boshlangan namoyishlar / AFP
Pezeshkiyon o‘z hukumatiga ko‘proq ayollarni, kurdlar va balujistonliklar kabi etnik ozchiliklarni jalb qilishini aytgan.

Shuningdek, inflyatsiyani pasaytirishga va’da bergan, hozirda u 40 foiz atrofida bo‘lib turibdi. Siyosatchi bu so‘nggi yillarda “millatning yelkasini ezganini” ta’kidlagan. Jaliliy bilan bo‘lgan munozaralardan birida Pezeshkiyon Eronga 200 milliard dollar xorijiy sarmoya kerakligi, buni faqat butun dunyo bo‘ylab aloqalarni tiklash orqali ta’minlash mumkinligini aytgan.

Uning hokimiyatda qanday kuchi bor?

Ko‘pgina mamlakatlardan farqli o‘laroq, Eron prezidenti davlat boshlig‘i emas, sababi oliy hokimiyat mamlakat oliy rahnamosi Oyatulloh Ali Xomanaiyga tegishli. U bu lavozimni 35 yil davomida egallab turibdi.

Foto: Ali Xomanaiy / Reuters
Prezident sifatida Pezeshkiyon ikkinchi eng yuqori lavozimni egallaydi, ichki va tashqi siyosatga ta’sir qiladi. Iqtisodiy siyosatni belgilash uning vakolatlari doirasida bo‘ladi.

Biroq u axloq politsiyasi ustidan cheklangan hokimiyatga egadir, armiya va Islom inqilobi qo‘riqchilari korpusi ustidan deyarli nazorat o‘rnata olmaydi. Sababi sanab o‘tilgan tuzilmalar oliy rahnamoga javob beradi. Pezeshkiyon zimmasiga Xomanaiy tomonidan belgilab berilgan davlat siyosatini amalga oshirish vazifasi yuklanadi.

Xalq nimani kutmoqda?

Eronliklar Pezeshkiyonnning g‘alabasiga nisbatan turli munosabatlarga ega, ba’zilari xursandchilik bildirsa, boshqalari esa shubha bilan qaraydi.

Bizga odamlarning iqtisodiy muammolarini hal qilish uchun savodli prezident kerak edi”, — deydi tehronlik 40 yoshli arxitektor Abolfazl.

40 yoshli sartarosh Rashed esa Pezeshkiyonnning g‘alabasi “ahamiyatli emasligi, vaziyat yanada yomonlashishiga” ishonishini aytgan.

Foto: BBC
Siyosiy tahlilchi va jurnalist Moziar Xosraviyga ko‘ra, yangi prezident Erondagi “muammolarni zudlik bilan hal etishga va’da bermagan”.

Odamlar unga ovoz berishdi, chunki siyosatchining yondashuvi dunyo bilan muloqot qilish ekanini tushunishdi, bu esa amaldagi hukumat pozitsiyasidan butunlay farq qiladi”, — dedi u.

Siyosiy sharhlovchi Mossadegh Mossadighpurning aytishicha, odamlar “u yaxshi o‘zgarishlar qilishiga va mamlakatning ba’zi muammolarini, xususan, iqtisodiyotni hal qila olishiga umid bildirmoqda”.

Yangi prezident faoliyatiga nazar

Mas’ud Pezeshkiyon sobiq prezident Muhammad Xotamiy davrida sog‘liqni saqlash vaziri bo‘lgan. Mutaxassisligiga ko‘ra u yurak jarrohi. Keyinchalik qonunchilik sohasida ham tahsil olgan. Pezeshkiyon 2009 yilda demokratiya tarafdorlarining norozilik namoyishlari va 2022 yilda Mahsa Aminiy o‘limidan so‘ng Eron axloq politsiyasi tomonidan sodir etilgan zo‘ravonliklarga qarshi o‘z pozitsiyalari bilan tanilgan.

Foto: Anadolu
Pezeshkiyon Mahsa Aminiy vafoti va undan keyin ko‘tarilgan g‘alayonlarda hokimiyatning o‘zi aybdorligini ma’lum qilgan edi. Bu esa uning nomini Eronda mashhur bo‘lishiga hissa qo‘shgan.

Bu bizning aybimiz. Biz diniy e’tiqod siyosatini kuch ishlatish orqali amalga oshirmoqchimiz. Bu har qanaqasiga imkonsizdir”, degan edi o‘shanda Pezeshkiyon.

Mas’ud Pezeshkiyon 1994 yilda avtohalokatda xotini va farzandlaridan birini yo‘qotgach, umrini siyosiy faoliyatga bag‘ishlagan. U 2013 va 2021 yilgi saylovlarda prezidentlikka nomzodini qo‘ygan, biroq muvaffaqiyatga erisha olmagan.

69 yoshli yangi prezident etnik jihatdan aralash oiladan chiqqan — otasi ozarbayjon va onasi kurd millatiga mansub. Bundan tashqari uning ona tili ham fors tili emas. Pezeshkiyonning hukumatga kelishi uni Eron milliy ozchilik guruhlari ichidagi obro‘sini oshirib yubordi. Bu ayni paytda rahbarni yangi ksenofobik hujumlarga ham ro‘baro‘ qilishi mumkin.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Eronning yangi prezidenti davrida qanday o‘zgarishlar kutilmoqda?
ePN