17:54 / 07.08.2024
85

HAMASning yangi siyosiy rahbari Yahyo Sinvar aslida kim?

HAMASning yangi siyosiy rahbari Yahyo Sinvar aslida kim?
Foto: AFP
HAMAS siyosiy byurosi rahbari Ismoil Haniya Eronda o‘ldirilishi ortidan tashkilotga yangi rahbar — Yahyo Sinvar tayinlandi. Al Arabiya nashri Yahyo Sinvar faoliyati va HAMAS harakati safida tutgan o‘rni borasida yangi ma’lumotlarni maqola tarzida e’lon qildi.

Manbaga ko‘ra, Yahyo Sinvar Isroil qamoqxonalarida va HAMASning ichki xavfsizlik apparatida o‘tkazgan uzoq yillik faoliyatidan so‘ng Falastin guruhining yetakchisi sifatida paydo bo‘lmoqda. Boshqa HAMAS yetakchilaridan keskin ajralib turuvchi bu shaxsga siyosiy byuro topshirilishida ham o‘ziga xos ishora mavjud.

Sinvarning yangi vazifaga tayinlanishi haqida munosabat bildirgan HAMASning anonim manbasi yangi tayinlov Isroil uchun tashvishli signal berishini aytgan. Chunki Sinvar rahbarligidagi HAMAS kurashni davom ettiradi va Tel-Avivga hech qanaqasiga yon bermaydi.

Siyosiy byuro yangi rahbari hozirga qadar HAMAS rahbarlari safida kamdan-kam ko‘rinish bergan. Uning HAMAS va turdosh guruhlardagi ta’siri va xavfi haqida faqatgina “Mossad” yetarlicha ma’lumotga ega bo‘lgan. G‘azodagi operatsiya davomida ham Isroil kuchlari Sinvar va unga aloqador shaxslarni qo‘lga olishga uringan.

Isroil razvedkasi Yahyo Sinvarni rasman qidiruvga ham bergan. Hayotiga xavf kuchaygan HAMAS vakili esa ma’lum muddat jamoatchilik ko‘zidan yashiringan. “Mossad” har qanday operatsiyada ham xabari topilmagan Sinvarga “jonli o‘lik” deb nom bergan.

Yahyo Sinvar va Ismoil Haniya
Reuters

Ma’lumotlarga ko‘ra, G‘azo janubidagi Xon Yunisda, qochqinlar lagerida tug‘ilgan Sinvar 1987 yilda birinchi Falastin qarshilik harakati shakllangan paytda HAMASga qo‘shilgan. U tashkilotning g‘oyaviy rahbarlaridan hisoblangan Shayx Ahmad Yasin guruhi bilan yaqin aloqada bo‘lgan.

Bora-bora Sinvar HAMAS ichida ichki xavfsizlik apparatini yaratgan. Bu tuzilma ichida Isroilga ma’lumot berishda ayblangan falastinliklarni tashkilotdan quvish va shafqatsizlarcha jazolash, ba’zan esa o‘lim jazosiga hukm qilish bilan shug‘ullanuvchi razvedka bo‘limiga rahbarlik qilgan.

Bundan tashqari Yahyo Sinvar G‘azodagi Islom universitetini tamomlagan. U Isroil qamoqxonalarida 23 yil davomida hukm o‘tagan. Bu davrda u ibroniy (yahudiy) tilini mukammal o‘rgangan va Isroil madaniyati hamda jamiyati bilan chuqur tanishgan.

Sinvar 2011 yilda isroillik askar Gilad Shalit evaziga ozod qilingan 1027 nafar falastinlik orasida bo‘lgan. Bu paytda u Isroil kamerasida ikki isroil askarini o‘ldirgani uchun jazo o‘tayotgan edi.

Siyosiy byuroga kelishidan oldin Yahyo Sinvar HAMASning harbiy qanoti hisoblangan “Al-Qassam” brigadalarida katta qo‘mondon bo‘lgan. Uning hammaslagi Ismoil Haniya HAMASning dunyoga mo‘tadil qiyofa ko‘rsatishga qaratilgan sa’y-harakatlarini rag‘batlantirgan bo‘lsa, Sinvar Falastin masalasini zo‘ravonlik bilan hal qilishni afzal ko‘rgan.

Sinvarning Falastin davlati borasidagi rejalari boshqa HAMAS rahbarlariga solishtirganda ancha reallikdan uzoq deb hisoblangan. U G‘azo sektori, bosib olingan G‘arbiy Sohil — Mahmud Abbosning Fath partiyasi tomonidan nazorat qilinadigan hudud va Sharqiy Quddusni o‘z ichiga olgan yagona Falastin davlati tuzishni orzu qiladi.

Bir qator tahlilchilar Sinvarning hokimiyatga kelishi bilan HAMAS va Fath partiyalari birlashuvi chippakka chiqishi mumkinligini bildirgan. Chunki endilikda ikki tomon o‘rtasidagi qutblanish yanada kuchayishi mumkin.

O‘tgan yilning noyabr oyida Isroil va HAMAS o‘rtasida qisqa muddatli sulh bitimi tuzilgan edi. Unga ko‘ra ikki tomon ham o‘zaro mahbuslarni almashgan. Ushbu kelishuvga erishilishi esa nafaqat G‘azoda, balki G‘arbiy Sohilda ham HAMASning mashhurligini oshirib yuborgan.

Manbalarga ko‘ra, 7 oktyabr hujumlaridan keyin Isroil boshlagan operatsiya paytida Yahyo Sinvar G‘azo shimolida bo‘lgan. U isroilliklar qo‘liga tushib qolmaslik uchun tunnellar tarmog‘ida yashirinib kelgan.

Yahyo Sinvarning siyosiy byurosiga kelishi HAMASga yangi kuch berishi bilan birga uning xalqaro imijini yomonlashtirishi mumkinligi aytilgan. Chunki u 2015 yilda AQSHning eng ko‘p qidirilayotgan “xalqaro terrorchilar” ro‘yxatiga kiritilgan. Yevropada ham hukumatlar uni terrorchi deb biladi.

Isroil mudofaa vaziri Yoav Gallant o‘z vaqtida Sinvarni “topish va yo‘q qilishga” va’da bergan edi. U ,shuningdek, G‘azo aholisiga murojaat qilib, Sinvarni hibsga olish va Isroilga topshirishni so‘ragan. Agar bu ro‘y bersa, urush tezda tugashi aytilgan.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » HAMASning yangi siyosiy rahbari Yahyo Sinvar aslida kim?