Farg‘ona viloyati va Qoraqalpog‘iston Respublikasida giyohvand moddalarning yirik miqdorda tarqatilishi oldi olindi. Davlat xavfsizlik xizmati ma’lumotiga ko‘ra, Afg‘onistondan kontrabanda yo‘li bilan olib kelingan 25 kilogrammdan ortiq narkotik vositalar musodara qilindi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, avvalroq narkokuryerlar orqali Surxondaryo viloyatidan Farg‘ona viloyatiga olib kirilgan 9 kg 896 gramm “gashish” moddasi maxsus kuzatuvda bo‘lgan. Ushbu moddalarni dala maydonidagi yashirin joydan olishga uringan paytda Marg‘ilon shahrida yashovchi xususiy tadbirkor (1983 yilda tug‘ilgan) va uning 1989 yilda tug‘ilgan jinoiy sherigi ashyoviy dalillar bilan qo‘lga olindi.
Tadbir paytida ularning yonidan 14 ming 500 AQSH dollari va 6,25 million so‘m pul mablag‘i ham protsessual tartibda rasmiylashtirib olindi. Shuningdek, tergovga qadar tekshiruv jarayonida uchinchi shaxsning yashash xonadondan 110 gramm “opiy”, ikki elektron tarozi, 1200 AQSH dollari va 28 million so‘m ham topildi. Aniqlanishicha, moddalar Farg‘ona vodiysida iste’molchilarga tarqatilishi rejalashtirilgan.
Shu bilan birga, Afg‘oniston yo‘nalishi bo‘yicha narkotrafikka qarshi kurashish doirasida Qoraqalpog‘iston Respublikasida ham maxsus operatsiya o‘tkazildi. Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, To‘rtko‘l tumanida yashovchi, avval ham giyohvand moddalar savdosi uchun jinoyatga tortiligan shaxs Xorazm viloyati Xazorasp tumanida istiqomat qiluvchi sherigi bilan til biriktirib, Afg‘onistondan katta miqdorda “opiy” olib kelishga buyurtma bergan.
Natijada narkokuryerlar vositasida olib kelingan 6 kg 149 gramm “opiy” va 9 kg 814 gramm ko‘knori somoni To‘rtko‘l tumanidagi yashirin joydan chiqarish vaqtida ular ashyoviy dalillar bilan qo‘lga olindi.
Davlat xavfsizlik xizmati ma’lumoticha, ularga nisbatan Jinoyat kodeksining 28, 246-moddasi (Kontrabanda) va 273-moddasi (Giyohvand moddalarni qonunga xilof ravishda tayyorlash, olish, saqlash va tarqatish) bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Sud qaroriga ko‘ra, gumonlanuvchilar qamoq ehtiyot chorasi bilan qo‘riqlanmoqda.
Mutaxassislar ta’kidlashicha, giyohvand moddalarning tarqalishi jamiyat xavfsizligi uchun jiddiy tahdid hisoblanadi. Shu bois huquq-tartibot organlari bunday holatlarning oldini olish uchun tezkor choralarni kuchaytirishda davom etmoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!