20:00 / 07.08.2024
300

Afg‘onistonlik atlet Olimpiadada siyosiy aksiya uyushtirdi

Afg‘onistonlik atlet Olimpiadada siyosiy aksiya uyushtirdi
Olimpiada ilgari ham siyosiy bayonotlar uchun bop joy bo‘lgan. Xalqaro olimpiya qo‘mitasi musobaqalar vaqtidagi turli aksiyalar uchun taqiqni bekor qilganidan keyin esa yirik sport forumidan bunday maqsadlarda foydalanishi holatlari yanada ortdi.

Ko‘pchilik uchun bu yordam so‘rashdagi oxirgi qichqiriq va «sivilizatsiyalashgan» dunyoga murojaat qilishga urinishdir. Janubiy Sudan basketbol jamoasi o‘zlari yashayotgan mintaqadagi fuqarolik urushi haqida yodga solishdi, arab mamlakatlaridan bo‘lgan sportchilar — Falastindagi vaziyat haqida. Afg‘onistonlik yengil atletkachi Kimiya Yusufiy toliblar hokimiyatga kelganidan keyin vaziyat yomonlashgan vatanidagi ayollar huquqi himoyasi haqida gapirdi.

Yuz metrga dastlabki yugurish mitingga aylandi

100 metrlik kabi elita masofada ham saralash bahslari kamdan kam hollarda o‘ziga e’tibor jalb etadi. Ammo afg‘onistonlik atletikachi Kimiya Yusufiy jahondagi barcha nashrlarni o‘z chiqishi haqida yozishga majbur qildi. U natijasi bilan barchani hayron qoldirgani yo‘q — Yusufiy marraga so‘nggi o‘rinda kelgandi. Lekin finishdan keyin u start raqamini ko‘chirib tashladi va uning ortidan jahon ahli uchun mo‘ljallangan nomani chiqardi. A4 hajmidagi listda qora rangda «ta’lim» deya yozilgandi. Qiz «sport» so‘zi uchun yashil rangni tanlagan. Afg‘onistonning rasmiy bayrog‘idagi uchinchi rang bo‘lmish qizil bilan esa «bizning huquqlarimiz» deya yozgan. O‘sha kuni yengil atletika bo‘yicha ertalabki sessiyani faqat ixtisoslashgan sport telekanallar namoyish etgandi, lekin Yusufiyning harakatlari aks etgan kadrlar butun dunyoni aylana boshladi. Bir necha kun o‘tganidan keyin Kimiya yana bir bor «Stad de Frans» stadionidan turib Afg‘onistonga e’tibor qaratishga chaqirishi The Guardian va New York Times nashrlari muqovalaridan joy oldi.

Kimiya Yusufiy ayollar huquqini yoqlamoqda.
Foto: Global Look Press

Keyinroq jurnalistlar bilan suhbatda Yusufiy o‘z aksiyasi to‘g‘risida batafsil gapirib berdi. «Bu afg‘on qizlari uchun mujda, — deya izohlaydi Kimiya. — Taslim bo‘lmang, boshqalarga siz uchun qaror qabul qilishga izn bermang. Shunchaki imkoniyat qidiring, keyin esa undan foydalaning». Bu hozircha Parijda g‘alati maqomda ishtirok etayotgan Afg‘oniston jamoasi haqidagi eng diqqatga sazovor voqea. Mamlakat yana bir bor turnirdan chetlatilish arafasida turgandi, Afg‘oniston XOQ rahbari, oldingi hukumatdagi sport mulozimlarining ko‘pchiligi hozirda quvg‘inda yashamoqda va amalda o‘z mamlakatini ifoda eta olmaydi. 2021 yilda poytaxt Kobulni egallagan yangi hukumat esa Fransiyaga Afg‘oniston islom amirligidan faqat uch nafar atlet borganini bildirgan — va ularning barchasi erkaklar. Ular uchun Afg‘oniston jamoasidagi qizlar mavjud emas, shu bilan birga, ularga afg‘onlar mamlakati nomidan ishtirok etishni taqiqlay olishmaydi va buni istashmaydi — u holda XOQ sanksiya qo‘llashi muqarrar edi.

Kimiya Yusufiy va Sheron Stoun.
Foto: Getty Images

Yusufiy ikki bor Afg‘onistondan qochib ketgan va hozirda Avstraliyada yashab, sport bilan shug‘ullanmoqda

Lozannadagi rasmiylarning passivligi hozir ham savollar tug‘dirmoqda. «Tolibon» hokimiyatga kelganidan keyin 70 dan ortiq afg‘onistonlik sportchilar va ularning oilalari a’zolari mamlakatni tark etishgan. Bunday qochqinlar orasida Kimiya Yusufiy ham bor edi. U doimiy yashash uchun Avstraliyaga ko‘chib o‘tadi va shu yerda sport bilan shug‘ullanishda davom etadi. Bu Kimiya mamlakatdan ketishiga to‘g‘ri kelgan birinchi holat emasdi. Yusufiy «Tolibon» 1990-yillar o‘rtalarida birinchi marta Kobulni egallab, mamlakatni shariat qonunlari bo‘yicha boshqarishga kirishganida tug‘ilgandi. Uning ota-onasi Eronga qochib o‘tadi, bu yerda akalari va eronlik yengil atletkachi Maryam Tusiyga qarab, qizaloq yugurish sporti — uning asosiy qiziqishi ekanini anglab yetadi. 2000-yillar boshida Afg‘onistonda hokimiyat o‘zgarganidan keyin Kimiya to‘laqonli sportchilik faoliyati haqida o‘ylashi mumkin bo‘ladi.

Dunyoviy Afg‘onistonga Xalqaro olimpiya qo‘mitasi hamda sport federatsiyalari talablariga javob beradigan sportchi qizlar kerak edi. Yusufiyga e’tibor qaratiladi, xorijiy yig‘inlarga chiqishda yordam ko‘rsatiladi. Va sa’y-harakatlar o‘zini oqlaydi — 2016 yilda u Rio-de-Janeyro Olimpiadasiga yo‘llanma oladi va o‘z mamlakati bayrog‘ini ko‘taradi. Besh yildan keyin u yana Afg‘oniston jamoasi bayroqdori bo‘ladi — bu safar Tokiodagi o‘yinlar ochilishida. Ikkala turnirda ham Yusufiy musobaqalardagi yagona afg‘on qizi bo‘lgandi va XOQ u orqali Markaziy Osiyoda ayollar sportini ommalashtirishni rejalashtirgandi. Ammo toliblar qaytganidan keyin Afg‘onistonda qizlar sport bilan shug‘ullanishi taqiqlandi. Toliblardan qochishga muvaffaq bo‘lgan atletlar mashg‘ulot zallariga avtomat ko‘targan odamlar bostirib kirgani va Allohning g‘azabini qo‘zg‘atishni bas qilishni talab qilgani haqida hikoya qilib berishgan. OAVda sportchilar otib tashlangan holatlar haqida ham yozilgan, ammo bunga dalillar keltirilmagan.

Kimiya Yusufiy.
Foto: Getty Images

Afg‘oniston MOQ rahbari o‘z mamlakatidagi sportga ta’sir qila olmaydi

Xalqaro olimpiya qo‘mitasi vakillari, bir tomondan, jinsi yoki irqi bo‘yicha har qanday diskriminatsiyaga urinishlarni, ayniqsa jismoniy tarbiya bilan shug‘ullanishga bo‘lgan cheklovlarni keskin qoralaydi. Boshqa tomondan — 2023 yilda XOQning olimpiya birdamligi bo‘yicha direktori Jeyms Makleod mamlakat Islom birdamligi o‘yinlariga bir guruh qizlarni yuborganidan keyin Afg‘oniston hukumati to‘g‘ri yo‘nalishda harakatlanayotganini e’tirof etgandi. Shuningdek, mamlakat kriket bo‘yicha jahon kubogida ishtirok etgan, lekin faqat erkaklar jamoasi bilan. Sidney Olimpiadadan chetlatilishi afg‘on qizlarini teng huquqlilikka yaqinlashtirmagandi, ammo Kobuldagi yangi hukumat bilan muloqotga kirishishdagi muammolarni e’tiborsiz qoldirish ham yordam bermaydi.

2022 yil martida Afg‘oniston ta’lim vazirligi qizlarga o‘rta va katta sinflarda o‘qishni taqiqlagandi. 2022 yil 21 dekabrida ayollar oliy ta’lim muassasalariga qatnashiga ham taqiq qo‘yilgani ma’lum bo‘ladi. Ayni vaqtda mamlakatdagi ayollarga faqat diniy ta’lim olishga ruxsat bor.

Parijdagi olimpiadaga Yusufiydan tashqari opa-singil velosportchilar Farida va Yulduz Hoshimiy ham kelishgan, lekin ularning barchasi toliblar uchun ko‘rinmas odamlardek. Yangi hukumat ular ko‘targan bayroqni ham tan olmaydi — Islom amirligining davlat ramzlari boshqacha. XOQ esa illyuziyalar bilan yashashda davom etib, hozirga qadar Milliy olimpiya qo‘mitasi rahbari Vali Rahimiyni Afg‘oniston sporti rahbari deb biladi, u esa bir necha yildan buyon Germaniyada yashamoqda.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Afg‘onistonlik atlet Olimpiadada siyosiy aksiya uyushtirdi