23:49 / 10.10.2024
88

Rus qo‘shinlari Donbassda ilgarilamoqda. Tahlilchilar nima deydi?

Rus qo‘shinlari Donbassda ilgarilamoqda. Tahlilchilar nima deydi?
Kiyevning Kursk fronti ochilganidan keyingi ko‘tarinki kayfiyati uzoqqa cho‘zilmadi: Vuhledarni qo‘lga kiritgan Rossiya Donbass janubini to‘liq egallash ishtiyoqida. NATOning sobiq rahbari Stoltenberg esa urush tugamay turib ham Ukrainani alyansga qo‘shish mumkinligini aytib, 1955 yilgi GFRni misol qilib ko‘rsatdi. “Geosiyosat”da tahlilchilar Rossiya-Ukraina urushidagi oxirgi o‘zgarishlarni muhokama qildi.

Ukrain qo‘shinlari Rossiyaning Kursk viloyatiga bostirib kirganiga ikki oydan oshdi, lekin RF armiyasi ularni o‘z hududidan siqib chiqarishga shoshilmayotgandek. Siyosiy tahlilchi Abduvali Soyibnazarovning so‘zlariga ko‘ra, hozirda Rossiya asosiy e’tiborini Donbass janubiga: Vuhledar, Pokrovsk, Selida, Kuraxova, Toretsk shaharlariga qaratgan. Shu sababli G‘arb ham Ukrainaga Donbass janubidan ogoh bo‘lish kerakligiga ishora qilyapti.

Tahlilchi Shuhrat Rasulga ko‘ra, nafaqat Ukraina, balki Rossiyada ham Donbass bilan parallel ravishda Kursk oblastida ham intensiv janglar olib borish resurslari (askarlar, qurol-yarog‘) cheklangan. Boz ustiga, oxirgi 20 kun ichida Rossiya harbiy zaxira omborlaridagi Eron, Shimoliy Koreyadan olingan dronlar va snaryadlar portlatib yuborildi.

“Rossiyaning bu yilgi front harakatlari 40 km siljish bilan yakunlandi. Buyog‘iga kuz kirib kelmoqda va Ukrainada yomg‘irlar mavsumi boshlanishi sababli hududda harbiy texnikalarning harakati sustlashadi. 2023 yil davomida Ukraina 20 km oldinga siljishga muvaffaq bo‘lgan bo‘lsa, Rossiya 2024 yilda 40 km masofaga ilgariladi. Ukrain qo‘shinlarining Kurskka kirganini inobatga olsak, tomonlar balanslashdi deyish mumkin”, – deya ta’kidlaydi Shuhrat Rasul.

Tahlilchi Oybek Sirojov Kursk fronti harbiy emas, ko‘proq siyosiy ahamiyat kasb etishi, bu front hozirda Ukraina uchun yangi muammolar tug‘dirayotganini ta’kidladi.

“Kursk frontini ushlab turish uchun qo‘shinlar ta’minoti kerak. O‘z navbatida, Rossiya ham aynan askarlar yetishmovchiligi sababli bu hududdan ukrain qo‘shinlarini siqib chiqara olmayapti. Harbiy ekspertlarning fikricha, biror hududdan qo‘shinlarni siqib chiqarish uchun hujum qiluvchi tomon askarlar soni bo‘yicha raqibdan kamida uchga bir nisbatda ustun bo‘lishi kerak. Demak, hozir Kurskda taxminan 15-20 ming atrofida ukrain qo‘shinlari bo‘lsa, ularni chekinishga majburlash uchun Rossiyaga 60 mingdan ortiq askar kerak bo‘ladi. Buncha qo‘shin esa hali yig‘ilgani yo‘q. Uni yig‘ish uchun qaysidir frontdan qo‘shinlarni olish kerak (ma’lum bir qismi olindi ham), rezervlar ishga tushirilyapti.

Hozir Rossiyaning asosiy e’tibori Donbassdagi yutuqlarni yanada mustahkamlash, Vuhledardan keyin endi Pokrovsk, Toretsk kabi hududlarni zabt etishga qaratilgan”, – deydi Oybek Sirojov.

Kamoliddin Rabbimov Rossiya va Ukraina o‘rtasida psixologik urush ketayotgani, Ukraina qo‘shinlarida Kursk egallanganidan keyingi ko‘tarinki kayfiyat yana so‘na boshlaganini aytadi.

“G‘arb tomonidan va’da qilingan yirik qurol-aslahalarning yetkazib berilish hajmi qoniqarli emas. Tashabbus baribir ko‘proq Rossiya tarafida. Kursk urushi boshlanganidan keyin ham Rossiya Ukraina ichkarisiga kirib borishda davom etyapti. Noyabr boshida AQSHda saylov bo‘ladi, qolaversa, G‘arbning asosiy e’tibori hozir Yaqin Sharqda. Mana shu fonda Ukraina yo‘qotgan hududlari bilan bo‘lsa-da Rossiya bilan kelishishi kerak degan takliflar ko‘proq jaranglay boshlayapti. Kiyev hali bunga rozi bo‘lgani yo‘q, lekin nazarimda, mana shunday kayfiyat Kiyevda ham bosqichma-bosqich pishib yetilayotgan bo‘lishi mumkin. Ukraina ham, Rossiya ham bu urushdan juda toliqdi”, – deydi Rabbimov.

Ukrainada tinchlik o‘rnatish bo‘yicha noyabr oyiga belgilangan ikkinchi xalqaro sammit qoldirildi. Oybek Sirojovga ko‘ra, bu tadbirga Ukraina “Tinchlik sammiti” deb nom berayotgandi, lekin Zelenskiyning AQSHga tashrifida “G‘alaba rejasi” paydo bo‘lib qoldi. Bu ikkisi bir-biriga uyg‘un emas, zid bo‘lib qoldi.

“Ikkinchidan, Amerikadagi saylovlar va Yaqin Sharqdagi beqarorlik masalalari ushbu tinchlik sammitini o‘tkazishga monelik qilmoqda. Qolaversa, tinchlik sammitida Rossiya ham qatnashishi kerak degan gaplar juda ko‘p yangragandi, lekin Kursk fronti ochilganidan keyin Rossiya tinchlik muzokaralariga kirmasligini bir necha bor qayd etdi. Shular sababli ham bu sammit noma’lum muddatga qoldirilyapti”, deya izohlaydi Sirojov.

Abduvali Soyibnazarov ham RFning bosh tortayotgani ikkinchi tinchlik sammiti bekor bo‘lishining asosiy omili ekanini e’tirof etib, Ukraina Rossiyani muzokaraga majburlay olmayotgani, ya’ni Kursk frontida ortiq olg‘a siljiy olmayotgani, hatto ma’lum pozitsiyalarni boy berayotganiga e’tibor qaratdi.

“Yana bir masala, Zelenskiyning “G‘alaba rejasi” G‘arb tomonidan, AQSH tomonidan to‘liq qo‘llab-quvvatlangani yo‘q. Bundan tashqari, hozir Vashingtonning asosiy e’tibori saylovlarga qaratilgan”, – deydi u.

Shuhrat Rasulning so‘zlariga ko‘ra, Donald Tramp nomzodini ilgari surgan respublikachilar o‘z saylovoldi dasturida Uchinchi jahon urushining oldini olishlariga katta urg‘u qaratyapti. Shu sababli hokimiyatdagi demokratik partiya Ukrainaga so‘ralayotgan darajadagi harbiy yordam ko‘rsatishdan o‘zini tiymoqda. Aks holda, respublikachilarga “demokratlar AQSHni Uchinchi jahon urushiga ham olib bormoqda” degan targ‘ibot olib borish imkonini berib qo‘ygan bo‘lishadi.

Suhbat davomida mutaxassislar Qrim yarimorolidagi neft terminallariga berilgan zarbalar hamda Rossiyaning harbiy va strategik maqsadlari haqida ham so‘z yuritishdi.

NormuhammadAli Abdurahmonov suhbatlashdi.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Rus qo‘shinlari Donbassda ilgarilamoqda. Tahlilchilar nima deydi?