O‘tgan hafta Xalqaro jinoyat sudi Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahuni hibsga olishga order bergan edi. Kun.uz'ning “Geosiyosat” dasturi o‘tgan hafta tahliliga bag‘ishlangan jonli efirida siyosiy tahlilchilar bu boradagi fikrlari bilan o‘rtoqlashdi.
Siyosatshunos Kamoliddin Rabbimovga ko‘ra, Xalqaro jinoyat sudining bunday xulosaga kelishi G‘arbiy Yevropa davlatlarida Isroilga nisbatan salbiy kayfiyat kuchayib borayotgani fonida yuz bermoqda.
“G‘azoda urush boshlanganidan keyingi ikki oy davomida Yevropa Ittifoqi to‘liq Isroil tarafda edi. Ursula fon der Lyayen va boshqa mutasaddilar tomonidan: “Biz bechora Isroilga qo‘l ko‘targanning qo‘lini urib sindiramiz” degan mazmunda bayonotlar bo‘lgan edi. Lekin oradan 3-4 oy o‘tib, Isroilning asosiy maqsadi bu Hamas bilan kurash emas, G‘azo sektorida etnik tozalash qilish ekani ma’lum bo‘lgandan keyin G‘arbiy Yevropaning pozitsiyasi o‘zgara boshladi. Isroil o‘zini terrorist davlat sifatida to‘liq namoyon qildi.
Haagada ikkita sud bor. BMTning Xalqaro adolat sudi bor u yerda ham Isroilga qarshi ish ketyapti. Bu ishga Janubiy Afrika Respublikasi bilan birgalikda 55 ta davlat qo‘shilgan, hali bu sudning qarori chiqqani yo‘q. Netanyahuni hibsga olish orderini esa Xalqaro jinoyat sudi berdi. BMT sudi ham G‘azodagi vaziyatni hisobga olib hukm chiqarsa, 100 foiz Isroil aybdor bo‘ladi”, deydi Rabbimov.
Xalqaro jinoyat sudi hibsga olishga order berish haqidagi qarorini e’lon qilishidan bir kun oldin, 20 noyabr kuni AQSH BMT Xavfsizlik kengashida veto huquqidan foydalanib, G‘azoda o‘t ochishni zudlik bilan to‘xtatish, mahbuslarni ozod qilish va ocharchilikning oldini olish to‘g‘risidagi rezolyutsiyani barbod qildi. Kengashning Amerikadan boshqa barcha 14 ta a’zosi hujjatni ma’qulladi.
“E’tibor beradigan bo‘lsak, aynan mana shu Xavfsizlik Kengashidagi Amerikaning doimiy ittifoqchilari, jumladan Buyuk Britaniya ham Isroilga qarshi ovoz berdi”, deydi siyosiy tahlilchi Oybek Sirojov.
“Yevropa ham tanlov qilishga majbur edi, ya’ni ikki xil standart asosida faoliyatni davom ettirish yoki yaxshimi-yomonmi, ma’lum bir o‘zining mustaqil sa’y-harakatlari bilan adolat tarafdori ekanini namoyon qilish.
Yana bir muhim jihat: islom olami ham o‘ziga yarasha bosim ko‘rsatmoqda, buni e’tirof etishimiz kerak. Ya’ni musulmon davlatlarining yig‘ilishlarida bu masala asosiy markaziy o‘rinda bo‘ldi. Jumladan, O‘zbekiston tomonidan ham bu masalaga alohida urg‘u berildi”, deydi Sirojov.
Xalqaro jinoiy sudning qarori Isroilga qurol yetkazib berish cheklanishiga olib kelishi mumkinmi? Tahlilchi Bektosh Berdiyev bunga shubha bilan qaraydi.
“Juda jiddiy qadamlar tashlanadi deb o‘ylamayman. AQSH 1947 yildan beri bugungi kunga qadar Isroilga 330 mlrd dollarlik yordam olgan. Dunyo tarixida hech qaysi bir davlat ikkinchi davlatga bu darajada yordam ko‘rsatgan emas”, deydi u.
Rabbimovning qo‘shimcha qilishicha, Xalqaro jinoyat sudining qarori Isroil uchun baribir qiyinchiliklar keltirib chiqaradi.
“Faraz qiling, Netanyahu Fransiyaga, Germaniyaga yoki Angliyaga bormoqchi. Bu davlatlar Xalqaro jinoyat sudi hujjatlarini ratifikatsiya qilgan. Ular oldida bir dilemma paydo bo‘ladi: agar Netanyahuni qamoqqa olmasa, xalqaro maydondagi majburiyatini bajarmagan bo‘ladi va dunyo hamjamiyati bu davlatlar ustidan kuladi. Shuning uchun ular Netanyahudan kelmaslikni so‘raydi. Agar qamoqqa olishga qaror qilsa, Amerika o‘rtaga tushadi va bosim qiladi”, deya tushuntiradi Kamoliddin Rabbimov.
Tahlilchi Shuhrat Rasulning fikricha, bu vaziyatda hatto Britaniya ham Isroilga qarshi pozitsiyani egallayotgani ahamiyatli. “Agar Tramp Yevropaga nisbatan o‘zi va’da qilgan siyosatni amalga oshiradigan bo‘lsa, Yevropa o‘zining subyekt sifatidai maqomini ko‘tarish imkoniyatiga ega bo‘ladi”, deydi u. “Zamin” yangiliklarini “Telegram”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
Ukraina Kursk oblastida egallab olgan hududlarining 40 foizdan ortig‘ini yo‘qotdi
Medvedev: Maxsus harbiy operatsiya uchun qurollarning aksariyati Rossiyada ishlab chiqariladi
BAAda isroillik ravvin o‘ldirib ketildi
Gvardiola hech qachon bunaqa sharmanda bo‘lmagandi
Taxtni tashlab qochgan bangi...
Ilon Mask rekord darajada boyib bormoqda
Zelenskiy: Putin Kursk oblastini qaytarish muddatini belgiladi
Prezidentga transport sohasidagi transformatsiya jarayonlari taqdim etildi