11:19 / 16.12.2024
14

Xitoy marketpleyslari: mahsulot sifati uchun kim javobgar va xaridorlarni kim himoya qiladi?

Xitoy marketpleyslari: mahsulot sifati uchun kim javobgar va xaridorlarni kim himoya qiladi?
Ommalashayotgan TEMU marketpleysi ko‘pchilikda qiziqish uyg‘otdi. Undan mahsulot xarid qilayotganlar huquqlari qanday himoya qilinadi? Mahsulot sifati talabga javob bermaganda kimga yoki qayerga murojaat qilish mumkin? O‘zbekiston sotuvchilar uyushmasi raisi Timur Rashidov bu borada o‘z fikrlarini bildirdi.

So‘nggi paytlarda butun dunyoda ichki bozorlarni, iste’molchilarning huquqlari va xavfsizligini Xitoyning agressiv (tajovuzkor) marketpleyslaridan himoya qilish masalasi faol muhokama etilmoqda. Odatda, xitoylik tadbirkorlarning mahalliy bozorni zabt etish jarayoni bir xil tarzda kechadi. Marketpleyslar o‘z mahsulotlarini juda arzon narxlarda to‘g‘ridan to‘g‘ri Xitoydan yetkazib berish orqali insonni o‘ziga jalb qiladigan reklama qilishni taklif etadi. Bunda quyidagi mahalliy qonunlar e’tiborga olinmaydi: Xitoy do‘konlari o‘zlari faoliyat yuritayotgan mamlakatlarda yuridik shaxs sifatida ro‘yxatdan o‘tmaydi, soliqlar to‘lamaydi va mahsulotlar sifati uchun javobgar bo‘lmaydi. Davlat chetdan keltirilayotgan tovarlarning xavfsizligini nazorat qilish imkoniyatiga ega emas, tadbirkorlar esa adolatsiz raqobat tufayli bankrot (sinish) xavfi ostida qolmoqda.

Shunday holatda, sentyabr oyida AQSH iste’mol tovarlari xavfsizligi bo‘yicha komissiyasi Xitoyning TEMU va Shein marketpleyslariga qarshi bolalar hayoti uchun xavfli bo‘lgan mahsulotlarni sotganligi sababli tergov boshlaganini ma’lum qildi. Bu haqida CNN xabar bermoqda. Iyun oyida Britaniyaning “Daily Mail” gazetasi Xitoy onlayn savdo platformasidan tirnoq yelimi sotib olgan 11 yoshli qizcha kimyoviy kuyish jarohatini olgani haqida yozgan edi.

Bu tovarlar haqidagi eng batafsil tadqiqot yaqinda Janubiy Koreyada e’lon qilindi. Seul rasmiylarining ma’lum qilishicha, Xitoydan marketpleyslar orqali keltirilgan ayrim bolalar buyumlarida zaharli moddalar miqdori me’yordan 622 barobar ortiq ekanligi aniqlangan. TEMU va Aliexpress'dan buyurtma qilingan jami 26 ta qishki bolalar kiyimi tekshirilgan.

O‘zbekistonda ham 2024 yilda Xitoy marketpleyslar bilan munosabatlarda: Temu, Pindoduo va boshqa brendlarning bozorimizga faol kirib kelishi tufayli muammo yuzaga keldi. Mahalliy tadbirkorlar chet ellik kompaniyalarning adolatsiz raqobati oqibatida bankrot bo‘lib (sinib) qolishidan xavotirda ekanliklarini bildirmoqdalar.

5 dekabr kuni O‘zbekiston sotuvchilar uyushmasi raisi Timur Rashidov ushbu masalani ko‘tarib, hozirda bozorda “adolatsiz raqobat” vaziyati yuzaga kelganini ta’kidladi. Uning fikricha, xorijiy marketpleyslar ham mahalliy marketpleyslar bilan bir xil sharoitlarga ega bo‘lishlari kerak hamda yuridik shaxs sifatida ro‘yxatdan o‘tib, barcha zarur soliqlarni to‘lashlari lozim. Aks holda, tadbirkorlarimiz bankrot bo‘lish xavfi ostida qoladi. Sellerlar assotsiyatsiyasi o‘zbekistonliklarning sifatli tovarlarga buyurtma berish va tovar mos kelmagan yoki sifat talablariga javob bermagan hollarda uni qaytarish imkoniyati bo‘lishini qo‘llab-quvvatlaydi. Bu esa faqat umumiy biznes yuritish qoidalari barcha uchun amal qilgandagina mumkin bo‘ladi.

Taniqli iqtisodchi va bloger Otabek Bakirov davlat idoralarini xorijiy marketpleyslar mahalliy marketpleyslar bilan teng sharoitlarda bo‘lishi uchun regulyator tashkil etish va qonunchilikni o‘zgartirishga chaqirdi: “Gap Temu faoliyatini taqiqlash yoki to‘xtatish haqida emas. Biroq, eng avvalo, ularning O‘zbekistonda yuridik shaxs ko‘rinishida vakolatxonasi bo‘lishi shart. Shuningdek, iste’molchi bilan ikki tomonlama munosabatlar o‘rnatilishi lozim. Bunday munosabatlarni tartibga solish uchun aynan regulyator zarur”.

Shu bilan birga, Qozog‘istonda ham Xitoy marketpleyslari bilan munosabatlarni tartibga solish, iste’molchilar huquqlarini va o‘z bozorini himoya qilish masalalari ko‘tarildi. 10 dekabr kuni mamlakatning Vazirlar Mahkamasida o‘tkazilgan matbuot anjumanida jurnalistlar hukumatning Xitoyning Temu va Pindoduo kabi marketpleyslari faoliyatini tartibga solishdagi sustligi uchun tanqid qilishdi. Qozog‘iston savdo vazir o‘rinbosari Qayrat To‘reboyev jurnalistlarga javob berdi:

Hozirda Majlisimizda iste’molchilar huquqlarini himoya qilish to‘g‘risidagi qonun loyihasi ko‘rib chiqilmoqda. Ushbu loyihada biz barcha marketpleyslarni bozorimizda faoliyat yuritayotgan jismoniy kompaniyalar bilan tenglashtiryapmiz. Ya’ni, endi onlayn savdo platformasining oxirgi sotuvchisi mahsulot uchun yuridik javobgarlikni o‘z zimmasiga oladi. Ilgari ular: “Uzr, bu mahsulot bizniki emas, balki ishlab chiqaruvchiniki” deb aytishardi. Endi biz ularni Qozog‘istonda bo‘lishga va ro‘yxatdan o‘tishga majbur qilmoqdamiz. Dastlab va keyin, ular har bir mahsulot uchun iste’molchilarimiz oldida qonun talablariga ko‘ra to‘liq javobgar bo‘lishlari shart”.

Ayni vaqtda, Reuters'ning xabar berishicha, Shein va Temu 1 dekabrdan boshlab Vetnamda o‘z faoliyatini to‘xtatdi. Ushbu mamlakat hukumati ularga noyabr oyining oxirigacha mamlakat hududida tijorat faoliyati subyekti sifatida ro‘yxatdan o‘tish shartini qo‘ygan edi. Biroq, marketpleyslar bu shartni bajarmadi. Vetnam hukumati Temu operatsiyalari faqat ro‘yxatdan o‘tgandan so‘nggina davom etishi mumkinligini ma’lum qildi. Bundan oldin, oktyabr oyida Temu Indoneziyada butunlay bloklangan bo‘lib, ushbu mamlakat hukumati Apple va Google kompaniyalariga o‘z fuqarolari uchun ularning ilovalarini bloklash to‘g‘risida murojaat qilgan edi.

Temu Yevropa Ittifoqi bilan jiddiy muammolarga duch kelmoqda. U yerda joriy yilning oktyabridan boshlab ushbu marketpleysga nisbatan iste’molchilarni himoya qilish qoidalarini buzish bo‘yicha tergov olib borilmoqda. 2024 yil boshida Yevropa o‘yinchoqlar xavfsizligi uyushmasi o‘tkazgan tadqiqot natijalariga ko‘ra, Temu'dan olingan bolalar o‘yinchoqlarining 95 foizida sog‘liq uchun xavf mavjudligi aniqlangan. Deutsche Welle xabar berishicha, Germaniya iste’molchilarni himoya qilish uyushmasi bu yil bahorda Temu'ga nisbatan bir nechta ogohlantirish chiqarib, sud da’volari bilan tahdid qilgan.

Ayni paytda Temu'da Yevropa Ittifoqining da’volariga javob berish va o‘z standartlari hamda qoidalarini o‘zgartirish uchun dekabr oyining oxirigacha vaqt bor. Agar u o‘z qoidalarini o‘zgartirmasa, 45 milliondan ortiq foydalanuvchisi bo‘lgan platformalarga alohida talablar qo‘yuvchi Yevropa Ittifoqining Raqamli xizmatlar to‘g‘risidagi qonuniga ko‘ra, onlayn savdo maydonchalariga katta miqdordagi jarimalar solinishi mumkin.

O‘zbekistonda hozircha xorijiy marketpleyslar uchun tartibga soluvchi talablar mavjud emas. 6 dekabr kuni Istiqbolli loyihalar milliy agentligi (ILMA) tadbirkorlar va jamoatchilik bildirgan xavotirlar bo‘yicha o‘z munosabatini bildirdi. Agentlik o‘z rasmiy bayonotida 2023-yil 30-noyabrdan boshlab O‘zbekiston Prezidentining qarori bilan aynan ILMA elektron tijorat sohasini nazorat qilish va rivojlantirish vakolatiga ega bo‘lgan tartibga soluvchi organ ekanligini ma’lum qildi.

ILMA O‘zbekistonda elektron tijoratni tartibga solish tizimini yanada takomillashtirishga qaratilgan me’yoriy-huquqiy hujjat loyihasini tayyorlaganini ma’lum qildi. Ushbu loyiha belgilangan tartibda tasdiqlash uchun kiritilgan. Agentlik loyihaning qachon ko‘rib chiqilishi va qabul qilinishi haqida tafsilotlarni keltirmadi.

O‘zbekiston sotuvchilar uyushmasi
raisi Timur Rashidov

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Xitoy marketpleyslari: mahsulot sifati uchun kim javobgar va xaridorlarni kim himoya qiladi?