11:46 / 11.01.2025
20

Trampga Grenlandiya nima uchun kerak?

Trampga Grenlandiya nima uchun kerak?
Foto: AP Photo/Chris Szagola
Olis, muzli va aksariyat qismi ming yillar avvalgi holicha saqlanib qolgan Grenlandiya sayyoramizda sodir boʻlayotgan iqlim oʻzgarishlarida gʻoyat muhim rol oʻynaydi, deb yozmoqda Euronews.

Grenlandiya — iqlim oʻzgarishi, resurslar taqchilligi, keskinlashgan geosiyosiy vaziyat va yangi savdo yoʻnalishlarini oʻzida chambarchas bogʻlagan hudud”, — deydi Ohayo universitetining xavfsizlik va ekologiya professori Jef Dabelko.

Uning aytishicha, dunyodagi eng katta orol hozir koʻp jihatdan geosiyosiy va geoiqtisodiy raqobat markazida turibdi. Bunga iqlim oʻzgarishi ham qisman sabab boʻlmoqda.

Saylangan prezident Donald Tramp soʻnggi paytlarda AQShning koʻp yillik ittifoqchisi va NATO asoschisi boʻlgan Daniyaga qarashli yarimavtonom hudud Grenlandiyani sotib olishga qiziqish bildirmoqda. Bu hududda AQShning yirik harbiy bazasi ham joylashgan.

Grenlandiyaning nimasi bunchalik jozibali?

Nyu York universiteti iqlimshunosi Devid Hollandning aytishicha, Grenlandiya isib borayotgan sayyoramiz uchun termostat (doimiy haroratni saqlab turadigan qurilma) vazifasini oʻtaydi. U Er sharining qolgan qismiga nisbatan toʻrt barobar tezroq isiyotgan mintaqada joylashgan.

Grenlandiya erlari qa'rida telekommunikatsiyalar uchun zarur boʻlgan noyob foydali qazilmalar, shuningdek, uran, milliardlab tonna oʻzlashtirilmagan neft va tabiiy gaz zaxiralari mavjud.

Ushbu foydali qazilmalarning koʻpchiligi hozirda asosan Xitoyga etkazib berilmoqda, shu sababli AQSh kabi boshqa mamlakatlar ham unga qiziqish bildirmoqda, deydi Jef Dabelko. Uch yil oldin Daniya hukumati 57 ming kishi yashaydigan mazkur hududda dengizdagi neft konlarini qazishni toʻxtatgandi.

Ammo neft, gaz yoki foydali qazilmalardan tashqari, muz ham bor — katta miqdorda. Agar oroldagi muz erib ketsa, bu butun dunyo boʻylab sohil chegaralarini oʻzgartiradi va ob-havoga keskin ta'sir koʻrsatadi.

Grenlandiyada shu qadar koʻp muz toʻplanganki, u butunlay erisa, dunyo okeani sathi 7,4 metrga koʻtarilishi mumkin. 2022 yilgi tadqiqotda aytilishicha, taxminan 30 santimetr qalinlikdagi muz nima boʻlishidan qat'i nazar erib ketadi.

1992 yildan beri Grenlandiya har yili qariyb 182 milliard tonna (169 milliard metr tonna) muz yoʻqotmoqda, 2019 yilda esa yoʻqotishlar 489 milliard tonnaga etgan.

Boulder (Kolorado shtati) Qor va muz boʻyicha milliy ma'lumotlar markazi direktori Mark Serrezening aytishicha, Grenlandiya XXI asrda “asosiy e'tibor markaziga” aylanadi, chunki unda eriyotgan muz qoplamasi dengiz sathiga ta'sir koʻrsatadi.

Holland bu ta'sirni “endi toʻxtatib boʻlmaydi” degan fikrda.

Boshqa iqlim omillari ham ta'sir koʻrsatadimi?

Grenlandiya asosiy okean oqimini harakatga keltiradigan va toʻxtatadigan vosita vazifasini ham bajaradi. Bu oqim Er iqlimiga, jumladan, dovullar va qishki boʻronlarning faolligiga katta ta'sir koʻrsatadi. Atlantika meridional aylanmasi deb ataladigan ushbu oqim hozirda sekinlashmoqda, chunki Grenlandiyadagi muzliklarning erishi ortidan okeanga koʻproq chuchuk suv qoʻshilmoqda, deb ta'kidladi Serrez.

Oqimning sekinlashishi yoki buzilishi Evropa va Shimoliy Amerikaning ayrim qismlarida iqlim oʻzgarishida burilish nuqtasi boʻladi. Bu hududlar uzoq davom etadigan ayoz davrga tushib qolishi mumkin.

Ushbu global oqimlar tizimi sezilarli darajada sekinlashsa, (oʻtmishda shunday boʻlgan) butun dunyo boʻylab odatdagi harorat tartiblari va yogʻingarchilik miqdori keskin oʻzgarib ketadi”, — deb ta'kidladi Vudvell iqlim tadqiqotlari markazining iqlimshunosi Jenifer Frensis.

Qishloq xoʻjaligi xavf ostida qoladi, ekotizimlar barbod boʻladi, “odatiy” ob-havo esa oʻtmishda qoladi.

Hollandning aytishicha, Grenlandiya erigan sari oʻz rangini oʻzgartirmoqda: quyosh nuri, issiqlik va energiyani oʻzida aks ettiruvchi oq muzdan koʻproq energiya yutadigan koʻk-yashil okean va quruqlikka. Bu oʻzgarish davom etadi.

Grenlandiya hozir AQSh hududining uchdan ikki qismida kuzatilayotgan keskin sovishda ma'lum rol oʻynamoqda. Atmospheric and Environmental Research xususiy kompaniyasining qishki ob-havo boʻyicha mutaxassisi Jud Koenning ta'kidlashicha, 2012 yilda Grenlandiya ustidagi ob-havo sharoiti kuchli Sandy boʻronining Nyu York va Nyu Jersi tomon harakatlanishiga sabab boʻlgan.

Grenlandiya ustidagi muz togʻlari butun dunyo boʻylab boʻronlar hosil qiladigan va kundalik ob-havoni belgilaydigan havo oqimining tuzilishini ham oʻzgartiradi. Koen aytishicha, ayniqsa qishda, Grenlandiya qirgʻoqlari yaqinidagi yuqori bosimli toʻsiq Arktika havosini gʻarb va sharqqa yoʻnaltirib, Shimoliy Amerika va Evropaga yopirilishiga sabab boʻladi.

Grenlandiyaning joylashuvi nima uchun bu qadar muhim?

Grenlandiyaning asosiy qismi AQSh, Rossiya va Evropa oraligʻidagi qutb doirasidan yuqorida joylashgani bois u 150 yildan ortiq vaqtdan beri AQSh va boshqa davlatlar e'tiborini tortib kelmoqda. Arktikaning kema qatnovi va savdo uchun tobora koʻproq ochilishi orol ahamiyatini oshirdi.

Biroq bularning hech biri Er yuzidagi eng qadimiy tosh qoyalardan biri joylashgan va muz bilan qoplangan orolning betakror qiyofasiga etmaydi.

Grenlandiya gʻoyat goʻzal. U erda koʻzingiz qamashib qoladi”, — deydi 2007 yildan beri muzlikda 30 martadan ortiq tadqiqot oʻtkazgan Holland. “Osmonoʻpar bino kattaligidagi muz parchalari qoyalardan koʻchib, okeanga qulaydi. Buning ustiga, ajoyib yovvoyi tabiat, tyulenlar va kasatkalar bor. Bu manzara kishini hayratga soladi”.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo