22:04 / 16.01.2025
117

AQSh Markaziy razvedka boshqarmasining aql bovar qilmas ixtirosi

AQSh Markaziy razvedka boshqarmasining aql bovar qilmas ixtirosi
AQSh va SSSR oʻrtasidagi sovuq urush qudratli ikki davlat oʻrtasidagi qarama-qarshilikni kuchaytirib, josuslik sohasida eng aql bovar qilmaydigan gʻoyalarning gullab-yashnashiga sabab boʻldi.

Oʻsha paytda AQSh Markaziy razvedka boshqarmasi (CIA) SSSR va uning ittifoqchilaridan ustunlikka erishish uchun hamma narsaga tayyor edi. Ular bor kuch va vositalarni josuslik orqali ma'lumotlar toʻplashga sarfladilar.

“Akustik mushuk” loyihasi

1967 yilda Markaziy razvedka boshqarmasi mushuklardan tirik tinglash moslamasi sifatida foydalanishni jiddiy koʻrib chiqa boshladi. Loyihaning maxfiy nomi “Akustik mushuk” (Acoustic Kitty) deb qayd etildi.

Maqsad mushuklarning tanasiga kichik mikrofon va uzatkichni joylashtirish edi. Shu tariqa uy hayvonlari sezdirmasdan kuzatuv ob'ektlariga yaqinlashib, ularning suhbatlarini yozib olishlari mumkin edi.

Markaziy razvedka boshqarmasining sobiq xodimi Viktor Markettining soʻzlariga koʻra, tajriba uchun tanlangan mushukka bir qator elektronika vositalari oʻrnatilgan: qorin boʻshligʻiga akkumulyator, quloqlariga mikrofonlar, dumi esa antenna sifatida ishlatilgan.

Bundan tashqari, elektrodlar mushukning miyasiga uning harakatlarini nazorat qilish va ochlik yoki jinsiy istak kabi tabiiy ehtiyojlarni bostirish uchun joylashtirilgan. Maqsad — “maxfiy agent” oʻziga yuklatilgan vazifalardan chalgʻimasin.

Implantatsiya qilingan qurilma mushukning tabiiy harakatlariga xalaqit bermasligiga katta e'tibor qaratildi. Hayvon elektronika mavjudligidan hech qanday noqulaylik his qilmasligi kerak edi.

“Akustik mushuk” operatsiyasini amalga oshirishga besh yil kerak boʻldi. Manbalarga koʻra, mazkur loyihaga taxminan 20 million dollar (bugungi kun ekvivalentida 150 million dollardan koʻproq) sarflangan.

Ilk sinov

“Akustik mushuk”ning ilk sinovi muvaffaqiyatsizlik bilan yakunlandi. Mushuk AQShdagi SSSR elchixonasi yaqinida oʻtirgan ikki erkakning suhbatini tinglash uchun qoʻyib yuborildi. Ammo mushuk furgondan chiqib, yoʻlni kesib oʻtayotganda, uni mashina urib yubordi.

Markaziy razvedka boshqarmasining texnik xizmat koʻrsatish boshqarmasining sobiq direktori Robert Uolles 2013- yilda Amerika televideniyesida qilgan chiqishida oʻsha mushukning taqdiri haqida soʻzlab berdi.

Uning soʻzlariga koʻra, mashina urib ketgan mushukdan barcha texnik uskunalar chiqarib olingan, unga barcha tibbiy muolajalar koʻrsatilgan. Elektronikadan xalos boʻlgan jonivor “uzoq va baxtli” hayot kechirgan.

Maxfiy ma'lumotlarning ochiqlanishi

Amerika jamoatchiligi “Akustik mushuk” loyihasi haqida 2001 yilda xabar topdi.

Oʻsha yili “Axborot erkinligi toʻgʻrisida”gi qonunga muvofiq, loyiha haqidagi qirqta hujjatning maxfiyligi bekor qilindi. Vashingtondagi Milliy xavfsizlik arxivi katta ilmiy xodimi Jeffri Richelson bu hujjatlarni ommaga oshkor qildi.

1967 yil mart oyidagi oʻrganishlar xulosasiga koʻra, “Akustik mushuk” ilmiy yutuq sifatida baholangan. Ammo loyiha mushuklarni oʻrgatishdagi qiyinchiliklar tufayli bekor qilingan. Bu uy hayvonlarini biror ishni qilishga majburlab boʻlmagan, ular oʻzi xohlagan tarzda harakatlanishni ma'qul koʻrgan.

2014 yilda ushbu loyiha haqida “Acoustic Kitty” qisqa metrajli filmi suratga olingan.

Manba: Daryo.uz

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo