Ukrainadagi harbiy harakatlar bu yil yakunlanishi mumkin, chunki AQShning saylangan prezidenti Donald Tramp mojaroni hal etish uchun katta kuch sarflamoqda, deb ta'kidladi Vladimir Zelenskiy.
Biroq, uning soʻzlariga koʻra, bu Evropa xotirjam boʻlishi kerak degani emas: aksincha, Ukrainaga koʻrsatilayotgan yordamni kuchaytirish lozim, chunki uning armiyasisiz Evropa Rossiyaga qarshi kurashda gʻolib chiqolmaydi.
Varshavaga tashrifi davomida Polsha ommaviy axborot vositalari bilan suhbatlashgan Zelenskiy, joriy yilda jang harakatlarini toʻxtatish imkoniyati oshganmi, degan savolga ijobiy javob berdi.
Foto: EPA
“Tramp urushni jiddiy ravishda toʻxtatmoqchi — bu uning soʻzlari. U Rossiyaga bosim oʻtkazishga, ta'sir koʻrsatishga qodir. Ishonchim komilki, Rossiya AQSh, Xitoy va birlashgan Evropadan choʻchiydi”, dedi Ukraina etakchisi.
Zelenskiyning ta'kidlashicha, Ukrainaning Rossiyaga qarshi kurashda gʻalaba qozonishi Evropa uchun hal qiluvchi ahamiyatga ega, jumladan Kreml boshqa mamlakatlarga bostirib kirishining oldini olish uchun ham muhim.
“Ukraina armiyasisiz Evropa Rossiyaga bas kelolmaydi, chunki Rossiya armiyasi kattaroq: ruslarning qurol-yarogʻi, askarlari koʻproq va u yevropaliklardan koʻra shafqatsizroq”, deydi u.
Zelenskiyning fikricha, Gʻarbda (Skandinaviya va Boltiqboʻyi mamlakatlari, Polsha va Ruminiyadan tashqari) Putinning kengayish niyatlarini hali toʻliq anglab etishmagan. Agar Ukraina oʻzini himoya qilmasa, “u tez orada olgʻa siljiydi”,
“Ukraina armiyasisiz esa afsuski, bugun Evropaning Rossiyaga qarshi kurashish imkoniyati yoʻq. Putin buni biladi va oʻz doirasida bu haqda gapiradi”, deya qoʻshimcha qildi Zelenskiy.
Evropada Tramp Kiyevni Rossiya bilan muddatidan oldin muzokaralarga va sezilarli yon berishlarga majbur qilmasligiga umid qilib, Ukrainadagi vaziyatni hal etish imkoniyatiga nisbatan optimistik kayfiyat paydo boʻldi. Shu bilan birga, Trampning jamoasida mojaroni tez orada hal qilib boʻlmasligini tushunish shakllandi. Saylangan prezidentning nutqi oʻzgardi: endi u urushni 24 soatda tugatish haqida emas, balki olti oy ichida yakunlashga intilishi haqida gapirmoqda.
“Kelishuvlarga erishish uchun bir necha oy kerak boʻladi, ehtimol, bundan ham koʻproq vaqt talab etilishi mumkin”, deya ta'kidlamoqda Tramp maslahatchilari.
Avvalroq Bloomberg nashri Putin Tramp bilan Ukraina boʻyicha boʻlajak muzokaralarda Kiyevdan NATO bilan harbiy hamkorlikni keskin qisqartirishni, shuningdek, blokka a'zo boʻlish rejalaridan butunlay voz kechishni talab qilmoqchi ekani haqida yozgandi.
Foto: AFP
Bloomberg suhbatdoshlarining aytishicha, Putin jang maydonida ustunlikka ega ekaniga ishonadi va shu sababli Ukrainani cheklangan qurolli kuchga ega neytral davlatga aylantirishga intilmoqda.
Shuningdek, Kremlning pozitsiyasi shundan iboratki, NATO a'zo davlatlari Ukrainaga yakka tartibda qurol etkazib berishni davom ettirishi mumkin, biroq ularning qurollari Rossiyaga qarshi yoki boy berilgan hududlarni qaytarib olishga urinish uchun ishlatilmasligi kerak.
Manbalarga koʻra, Putin uch yillik urush davomida Rossiya armiyasi egallab olgan Ukraina hududining kamida 20 foizi ustidan Rossiya nazoratni saqlab qolishini talab qilmoqda. Shu bilan birga, agentlik manbalari Moskva “ba'zi hududlarni almashtirishga” tayyorligini qayd etgan. “Zamin” yangiliklarini “Telegram”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar